» » Top-10: Karvaxaldan Aleksander-Arnoldgacha. Dunyoning eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilari

Top-10: Karvaxaldan Aleksander-Arnoldgacha. Dunyoning eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilari


Bir paytlar Jeymi Karrager hech kim bolaligida Garri Nevillga (o‘ng qanot himoyachisi) o‘xshashni orzu qilmasligi haqida o‘zining mashhur iborasini aytgandi. Buni tushunish mumkin edi, o‘sha vaqtlarda o‘ng qanot himoyasi unchalik ham jozibador pozitsiya deb hisoblanmasdi.

Hozirgi kunga kelib esa bu yerda eng “qaynoq” yulduzlar yetishib chiqmoqda. Buyuk Britaniyaning obro‘li nashrlaridan bo‘lmish FourFourTwo eng yaxshi o‘ng qanot himoyachilari o‘ntaligini taqdim etdi. Quyida ular bilan tanishishingiz mumkin bo‘ladi.

Toma Menye (PSJ)

Fransiya chempionatining joriy mavsumida (oxiriga yetmay tugatilgan Liga 1) 28 yoshli belgiyalik futbolchining hisobida atigi bitta golli past bor. Uning asosiy tarkibdagi joyiga yosh Kolen Dagba ega chiqdi. Bunday bo‘lishiga sabab, Tomas Tuxelning qaysidir ma’noda o‘z uslubiga mos tushuvchi va tez-tez jarohat oladigan o‘yinchini imkon qadar avaylashga harakat qilayotganidir, boisi Toma haqiqatan ham Chempionlar Ligasida jamoaga asqatardi. Menye maydonda bo‘lar ekan, raqib tom ma’noda xavf ostida qolaveradi. Menye – judayam mehnatkash va mohir himoyachi. Neymar, Mbappe va Kavani fonida u haqida ko‘p gapirilmasligi mumkin, biroq u ham PSJning eng yaxshi yulduzlaridan biri.

Nelson Semedu (“Barselona”)

Nelson Semedu “Benfika”dan 2017-yil yozida 35 million yevroga “Barselona”ga o‘tgandi. U kelishi bilanoq asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. “Barsa” uning tezligi va yuqori texnikasini qadrlaydi va u bundan tashqari ba’zida hujumchilar kabi taassurot uyg‘otadi. 27 yoshli o‘yinchi hamon o‘sishda davom etmoqda. Ba’zi jihatlarda unga teng keladigani yo‘q.

Dani Karvaxal (“Real”)

Og‘ir kechgan va faqatgina jarohatlar bilan yodda qolgan 2018/19-yilgi mavsumdan keyin Karvaxal tiklanishga va hammasi ko‘ngildagidek ekanini isbotlay oldi. Chempionlar Ligasining to‘rt karra g‘olibining hisobida ushbu mavsumda ikkita gol va beshta assist bor. Unda taktik va jismoniy jihatdan qandaydir muammoni payqash qiyin. Shuningdek, u doimiy ravishda hujumlarga qo‘shilib turadi. Boshqacha qilib aytganda, Karvaxal klub va terma jamoa uchun birdek foydali bo‘lgan o‘yinchi.

Benjamen Pavar (“Bavariya”)

Fransiya terma jamoasi safida 2018-yilgi Jahon Chempionatida g‘olib bo‘lgan Benjamen Pavarning bor-yo‘g‘i yettinchi o‘rindan joy olishi biroz ajablanarli bo‘lishi mumkin. Pavar 2018-yildan beri “Bavariya”da to‘p surib keladi va jamoaning asosiy figuralaridan biri bo‘lishga ham ulgurdi. Uning to‘p bilan yaxshi muomalada bo‘lishi va hujumdagi faolligi tahsinga loyiq. Pavarning mahoratiga baho berish uchun shunchaki, uning Argentina darvozasiga urgan mo‘jizaviy golini eslash kifoya.

Rikardo Pereyra (“Lester”)

“Lester” Rikarda Pereyra uchun 22 million yevro sarflaganida ko‘pchilik bunga e’tiroz bildirgandi. Bu kim o‘zi va shuncha pulga arziydimi? Ammo “tulkilar”ning boshqalardan chaqqonroq ekani yana bir bor o‘z isbotini topgandi. 22 yoshli Pereyra to‘pni raqibdan olib qo‘yishda jonbozlik ko‘rsatadi va hujumlarda ham muntazam qatnashadi. U ushbu mavsumda o‘z nomini uch marotaba tabloga yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Ashraf Hakimi (“Borussiya Dortmund”)

Ashraf bor-yo‘g‘i 21 yoshda! U Bundesliganing bu yilgi mavsumida “Borussiya” tarkibida yuqori darajali o‘yin ko‘rsatdi va hatto bir necha marotaba chap qanotda ham esda qolarli harakatlar qildi. Hozir esa u yana o‘zining sevimli pozitsiyasiga qaytgan va dunyoda undan zo‘rlari unchalik ham ko‘p emasligini isbotladi. U judayam tezkor futbolchilaridan biri hisoblanadi. Germaniyadagi butun faoliyati davomida Hakimi beshta gol va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi. U tez orada “Real” ga qaytadi va u yerda uning o‘yinini kuzatish yana-da ko‘proq zavq ulashadi.

Kayl Uoker (“Manchester Siti”)

Gvardiola “Siti”sining eng barqaror ijrochilardan biri Uoker zamonaviy himoyachilardan talab qilish mumkin bo‘lgan barcha xususiyatlarga ega. U tezkor, baquvvat, chidamli hamda intizomli futbolchi. “Shaharliklar” Uokerni  2017-yilda sotib olganida, u dunyoning eng qimmat himoyachisiga aylangandi, u bunga loyiq bo‘lgan. O‘tkazgan 130 ta o‘yinida 12 marta samarali uzatmani amalga oshirdi.

Aaron Uan-Bissaka (“Manchester Yunayted”)

“Arsenal” afsonasi Martin Kioun Uan-Bissakani yakkama-yakka kurashlardagi eng yaxshi himoyachi deb atagandi. Bissaka Manchester derbisida Rahim Sterlingga hech qanday imkoniyat qoldirmaganidan keyin bunga hech kim shubha qilmay qo‘ydi. Yevropada Uan-Bissakka yakka kurashlar bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi – 84,6 foiz. U tezkor, kuchli va o‘ziga bo‘lgan ishonch bilan harakat qiladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, “Yunayted”ning asosiy o‘yinchilardan biriga aylanishga ulgurdi.

Yozua Kimmix (“Bavariya”)

Yozua Kimmix agar yarim himoyachi bo‘lishga astoydil harakat qilmaganida edi, allaqachon dunyoning eng yaxshi qanot himoyachisi bo‘lishi mumkin edi. Kumiri Filipp Lamning (Germaniya terma jamoasi va “Bavariya”ning sobiq himoyachisi) yo‘lidan ketmoqchi bo‘lgan 24 yoshli germaniyalik futbolchi to‘xtashni xohlamayapti.

Biroq u o‘zi uchun odatiy bo‘lgan pozitsiyani ham unutib qo‘ygani yo‘q, ayniqsa bu “Bavariya” yoki Germaniya terma jamoasi jiddiy raqibga duch kelganda yaqqol namoyon bo‘ladi. Kimmixning himoyadagi o‘yiniga hech kimda shubha bo‘lmasa kerak, shu bilan birga u hujumda ham forvardlarga dars berib qo‘yishi mumkin, “Bavariya”da o‘tkazgan 200 dan ortiq o‘yinlarda 21 ta gol va 48 ta assistni o‘z nomiga rasmiylashtirib qo‘ygan. Uning uzoq masofalarga to‘p yetkazib berishiga kelsak, kamdan kam futbolchilar unga teng kelishi mumkin.

Bularning barchasiga jasorat, yetakchilik xislati va tajriba qo‘shilsa, haqiqatan u yangi “Lam”ga aylanadi, qoladi.

Trent Aleksander-Arnold (“Liverpul”)

“Liverpul“ tarkibida o‘ng qanot himoyasining muhim ahamiyat kasb etishi haqida hech kim o‘ylab ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak, biroq Trent Aleksander-Arnoldning ishtirokisiz Yurgen Klopp jamosi erishgan yutuqlarni tasavvur qilish qiyin. Angliyalik futbolchi atigi 21 yoshda bo‘lishiga qaramay, allaqachon Yevropadagi eng barqaror va samarali himoyachilaridan biri aylangan. Arnold joriy mavsumda 12 ta golli uzatmasi bilan assistentlar poygasida faqatgina Kevin de Bryuynedan ortda qolmoqda.

Arnoldning boshqalardan ajralib turadigan jihatlaridan biri bu uning uzoq masofalarga to‘pni aniq va qulay tarzda uzatib berishidir. Angliyada qanchadan qancha yosh va iqtidorli futbolchilar borligi to‘g‘risida ko‘p gapiriladi. Biroq Trent Aleksander-Arnoldni haqiqatan ham ularning eng yaxshisi deb hisoblash mumkin.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-05-2020, 05:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 71) ( 0) ( 71) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют