» » Katta nazariyalar uchun topilgan dalil. Antarktidada baqalar yashaganmi?

Katta nazariyalar uchun topilgan dalil. Antarktidada baqalar yashaganmi?


23-aprel kuni Nature jurnali saytining paleontologiyaga oid bo‘limida Stokgolm universiteti mutaxassisi Tomas Mors hamda Argentinaning Antarktida instituti mutaxassisi Marselo Reguero muallifligidagi yangi ilmiy maqola paydo bo‘ldi.

Maqolaning qisqacha mazmuniga to‘xtaladigan bo‘lsak, unda aytilishicha, paleontolog olimlar Antarktida qit’asi tarkibiga kiruvchi Seymur orolidan baqaga tegishli bo‘lgan tosh qotgan tos suyagi qoldiqlarini topdi. Tahlillarga ko‘ra, jonivor bundan 40 million yil muqaddam yashab o‘tgani aniqlandi. Albatta, oddiy bir baqa qoldiqlarining topilishi qanday ahamiyatga ham ega bo‘lardi, deb o‘ylash mumkin. Lekin bu o‘rinda maqolaning Nature singari nufuzli nashrda e’lon qilinishiga omil bo‘lgan bir muhim sabab borki, bu topilma yondosh fan sohalarida ham yangi nazariyalarning vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.

Gap shundaki, Seymur oroli Antarktida yarimorolining yaqinida joylashgan bo‘lib, agar xaritada Janubiy Amerikaning Chili yoki Argentinaga qarashli eng janubiy nuqtasidan quyiroqqa qarab ming km pastroqqa “tushsangiz”, ushbu orolni topishingiz mumkin. Bilasizki, hozirda Antarktida flora va faunasi juda kambag‘al va u yerda hech qanaqa baqalar yashamaydi. Boz ustiga, mazkur qit’ada zamonaviy reptiliya va amfibiya namunalari hech qachon topilmagan edi.

Seymur orolidan topilgan baqa qoldiqlari esa Calyptocephalellidae oilasiga mansub bo‘lib, uzunligi 4 sm dan 32 sm gacha yetadigan ushbu dumsiz baqa turi Janubiy Amerikaning nam iqlimli o‘rmonlaridagi iliq suvli daryolarda yashaydi. Ko‘rib turibsizki, hozirgi sovuq muz sahrosidan iborat Antarktidada bunday sharoit umuman yo‘q va bu yerda mazkur turdagi baqa yashay olmaydi.

Fanda mavjud nazariyaga ko‘ra, bundan 250-200 million yil muqaddam yer yuzida hukm surgan Trias davrida Antarktida allaqachon superkontinentdan ajralib chiqib, dreyf suzishni boshlagan va o‘sha paytda qit’ada yirik reptiliya va amfibiyalar yashagan deb qaraladi. Keyinchalik qit’ada iqlimning keskin o‘zgarishi va muttasil qahraton sovuq yuzaga kelishi bilan bunday jonivorlar qirilib ketgan. Albatta, bu shunchaki ilmiy taxminlar xolos va qizig‘i, shu vaqtgacha taxminga dalil bo‘la oladigan biror jonivor qoldig‘i Antarktidadan topilmagan.

Shunga ko‘ra, yoshi 40 million yilga teng bo‘lgan oddiy baqaning tosh qoldiqlari ham bu boradagi ilmiy qarashlarda yangi bahslar manbai bo‘lishi turgan gap. Xullas, olimlar katta nazariyalar uchun yaqqol dalil topilganiga ishonmoqda. Antarktida qachonlardir iliq iqlimli qit’a bo‘lib, shu kabi sovuqqon jonivorlar yashashi uchun sharoitga ega bo‘lganini endi isbotlash mumkin. Shuningdek, Antarktidada abadiy muzlik qalqoni yuzaga kelishi ham hozirgi qarashlarda hisob-kitob qilinganidan ancha avval boshlanganiga oid fikrlar ilgari surilmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-05-2020, 11:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 82) ( 0) ( 81) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют