» » O‘zbekistonda koronavirusning yettinchi haftasi dayjesti: Shamol va suv iskanjasi, karantinning yumshashi, Sardobaga yo‘l olgan karvonlar

O‘zbekistonda koronavirusning yettinchi haftasi dayjesti: Shamol va suv iskanjasi, karantinning yumshashi, Sardobaga yo‘l olgan karvonlar


Televizor va internet orqali Shimoliy Amerikaning dahshatli bo‘ronlarida parchalangan, Sharqiy Osiyoning toshqinlari yuvib ketgan uylarni ko‘rardik, ammo bu falokatlar bizga sira ham yetib kelmaydigandek tuyulardi. Ammo bu hafta juda sinovli keldi, tabiat oz muddatda o‘z qudratini ko‘rsatib qo‘ydi. Buxoroning bo‘roni va Sardobaning suv toshqini pandemiya tashvishlarini chetga surib tashladi

27-aprel kuni Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida qattiq shamol keldi. Ilgari hududda bunday shamol kuzatilmagani bois uning oqibatlaridan xalq xo‘jaligi nihoyatda katta zarar ko‘rdi. Tumanlardagi o‘nlab uylarning tomini shamol uchirib ketdi, aloqa liniyalari, elektr simlari uzildi. Shamol, yomg‘ir aralash urgani sababli qishloq xo‘jaligi ekinlariga tiklab bo‘lmas darajada ziyon yetdi. Shamol Navoiy, Samarqand va Sirdaryo viloyatlariga ham zarar yetkazdi, biroq eng katta zararni Buxoro ko‘rdi. Qorako‘l va Olot tumanlari bilan aloqa tamoman uzilib qoldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroning talafotga uchragan hududlarini vertolyotda ko‘zdan kechirdi, mahalliy aholi bilan uchrashdi.

Xabarlarga ko‘ra, shamol oqibatida 41 nafar fuqaro tan jarohati oldi. Bir kishi elektr simiga o‘ralashib halok bo‘ldi. Qattiq shamol orqasidan aholi orasida suv toshqini vahimasi tarqalgan va odamlar traktor tirkamasiga chiqib, turar joyidan qocha boshladi. Biroq bu yolg‘onligi keyinroq ma’lum bo‘ldi.

Buxoro viloyatida kuchli shamol oqibatida ro‘y bergan talafotlarni qoplashga budjetdan 100 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi. Buxoroda va boshqa hududlarda sodir bo‘lgan tabiiy ofatda ko‘rilgan zarar “O‘zagrosug‘urta” tomonidan qoplab berilishi aytildi.  Shavkat Mirziyoyev buxorolik dehqonlarga taskin berib, g‘alla yo‘qotilgan yerlarga paxta ekilishini aytdi.

Ushbu haftadagi ob-havo o‘zgarishlari Samarqandga ham shikast yetkazib, ko‘plab xonadonlarni suv bosdi. Qo‘shni viloyatlarda gaz ta’minoti izdan chiqib ketdi. Bekobodda suv toshqini yuz berdi. Farg‘ona vodiysida elektr ta’minoti uzildi. Bo‘ron poytaxtni ham chetlab o‘tgani yo‘q.

* * *

Buxorodagi shamol tinib ulgurmasdan Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onidan “suv sizayotgani” xabari tarqaldi. 2020-yilning 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining olti piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi suv ombori atrofidagi 2–3 aholi punktlari evakuatsiya qilinganini bildirdi.

Shundan keyin suv omborining suvi yoyilishi mumkin bo‘lgan hududlarda aholini yoppasiga ko‘chirish boshlandi. Sirdaryo viloyati tumanlariga qo‘shilib, Jizzax viloyatining tegishli tumanlari aholisi ham ko‘chirildi. Dastavval suv ombori qurilishiga mas’ul tashkilotlar keng ko‘lamli halokatga “ko‘ngilsiz hodisa”, “tabiiy ofat” tusini berishga urindi. Biroq qator jurnalistlarning kuzatuvlari va tahliliy maqolalari Sardoba halokati texnogen ekaniga shubhani qoldirmadi.

Sardoba suv omboridagi avariya tufayli yetmish mingga yaqin fuqaro yashab turgan joyidan ko‘chirib, boshqa joyga o‘rnashtirildi. Halokat joyiga prezident darhol yetib borib, to‘g‘onning buzilgan joyini ko‘rdi. Avariya oqibatlarini bartaraf etish va aholini evakuatsiya qilish tadbirlariga FVV, IIV, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, DXX, Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash, Transport, Energetika, Suv xo‘jaligi vazirliklari xizmatlaridan jami 3 821 nafar shaxsiy tarkib va 400 dan ortiq texnika jalb etildi.

Jilovlanmas ofat bo‘lgan suv qo‘shni Qozog‘istonning Turkiston viloyati aholisini ham bezovta qildi. Suv bosishi mumkin bo‘lgan hududlardagi minglab fuqarolar ko‘chirildi.

Sirdaryoliklar boshiga tushgan katta tashvish boshqa viloyatlar aholisida hamdardlik hissini uyg‘otib yubordi. Qashqadaryo, Toshkent, Andijon, Samarqand va boshqa viloyatlardan oziq-ovqat, kiyim-kechak va zaruriy mahsulotlarni o‘z ichiga olgan karvonlar jo‘natila boshladi va hali ham davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda faol fuqarolar “Biz birgamiz”, “Yelkama yelka” kabi guruhlar tashkil etishib, sirdaryoliklarga mablag‘ va zarur mahsulotlar yig‘a boshladi. Namangan, Andijon va Farg‘onadan 75 ta yuk mashinasidan iborat karvonlar Sirdaryo va Buxoro sari yo‘lga chiqdi.

* * *

O‘zbekistonda kamdan-kam kuzatiladigan o‘zgarishlardan biri shuki, bu hafta ikki turdagi benzin narxi birdan pasaydi. 29-aprel kunidan boshlab Ai-92 markali benzin narxi 500 so‘mga arzonlashib, 5 500 so‘m qilib belgilandi.  3-maydan esa mahalliy AI-80 benzin narxi 4 ming so‘m etib belgilandi. Bu ham kichik progress.

* * *

Keling, o‘zimizning koronaxabarlarga qaytamiz. Dunyo muhokamalari markazidan COVID-19 hali tushmagan bo‘lsa ham, O‘zbekistondagi tabiiy va texnogen ikki halokat diqqatimizni virusdan chalg‘itdi. Zotan, karantin qoidalari o‘tgan haftadanoq yumshatila boshlagan edi.

Shunday qilib 2020-yil 30-aprel kuni soat 06:00 dan fuqarolarga – ish joyiga borib kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish uchun soat 07:00 dan 10:00 ga hamda 17:00 dan 20:00 ga qadar barcha turdagi shaxsiy va xizmat yengil avtotransport vositalari (yo‘lovchilar bilan birga), shu jumladan velosiped va mototransportlarda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanishga ruxsat etildi.

Bundan tashqari, fuqarolarga shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning bevosita oldida va ichki hovli hududlarida ijtimoiy masofani (oraliq masofa ikki metr) saqlagan va niqoblar taqilgan holda sayr qilishga, bunda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ota-onalarining hamrohligida sayr qilishga ruxsat berildi. Soat 07:00 dan 10:00 ga hamda 17:00 dan 20:00 ga qadar vaqt oralig‘ida taksi xizmatlari ham yo‘lovchi tashishlari mumkin bo‘ldi, deb yozdi @davletov.

Xo‘sh, virus yuqqanlar sonida qanday o‘zgarish bor. Ko‘p emas. 3-may soat 15:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni jami 2 136 nafarni tashkil qildi. Tuzalganlar soni esa 1 319 nafarga yetdi. Koronavirus hayotdan olib ketgan vatandoshlarimiz soni jami 10 nafarga yetdi. Oxirgi dunyodan o‘tgan kishi namanganlik bo‘lib, uzoq yildan beri bemor bo‘lgan.

* * *

Abituriyentlar uchun yangiligimiz bor. Bu yil karantin sharoitini hisobga olib, test topshiriqlarini soddalashtirish ishlari amalga oshirilyapti. Prezidentning 2019-yilda qabul qilingan qarori asosida joriy yil beshta fandan test topshiriqlari olinishi kerak edi. Hozir mana shu fanlar miqdorini kamaytirish bo‘yicha kelgan takliflar ustida ham ishlanyapti. Oxirgi o‘zgarishlar ma’qullansa, taxminan 10 kun muddat ichida DTM tomonidan e’lon qilinadi, deb yozdi @davletov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “bu yil og‘ir keldi”. Ehtimolki, eng og‘ir kelgan hafta shudir. Biroq xalqimizning og‘ir damlarda bir-biriga yordamga oshiqishi, saxovat hissi saqlanib qolgani kishiga ruh bag‘ishlaydi, umid uyg‘otadi. Bugun toshkentliklar sirdaryoliklarga to‘plagan yordam hajmi keragidan ham ortib ketibdi. Bu yaxshilikdan darak. “Daryo”ni kuzatib boring.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-05-2020, 10:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 83) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют