» » Meteorolog: Sardobada falokat yuz bergan vaqtda kuchli yomg‘ir ham, kuchli shamol ham bo‘lmagan

Meteorolog: Sardobada falokat yuz bergan vaqtda kuchli yomg‘ir ham, kuchli shamol ham bo‘lmagan


Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onida 1-may soat 5:55 da buzilish yuz berib, uning atrofidagi hududda vayronkor suv toshqini kuzatildi. Shu kuni “O‘zbekiston 24” telekanali ismi oshkor etilmagan mutaxassislarga tayanib, falokatga kechasi kuzatilgan kuchli yomg‘ir va shamol sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini xabar qildi. O‘z navbatida, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonov bu taxminni tasdiqlab, falokat “kuchli yomg‘ir va shamol natijasida vujudga kelgan to‘lqin loyihaviy rejadan ortiq bo‘lishi natijasida kelib chiqqan”ini, bu texnogen hodisa ekanini ta’kidlagan edi.

Ayni vaqtda o‘zbekistonlik meteorologlarning kuzatuviga, shuningdek, ob-havo ma’lumotlari tahliliga ixtisoslashgan ommabop onlayn-xizmatlar axborotiga ko‘ra, nafaqat falokat yuz bergan oqshomda, balki undan avvalgi bir necha kun davomida ham Sardoba suv ombori joylashgan hududda uning suv sig‘imiga keskin ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan miqdorda yog‘ingarchilik kuzatilmagan, shamol tezligi esa faqat uch sutka avval soniyasiga 15 metrdan yuqori bo‘lgan.

Namangan Gidrometeorologiya bo‘limi rahbari Erkin Abdulahatovning Sardoba suv omboriga eng yaqin (27 kilometr) joylashgan Yangiyer meteorologik kuzatuv stansiyasi ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, hududda 28-aprel kuni yog‘ingarchilik kuzatilmagan, shamolning tezligi soniyasiga 17 metrgacha yetgan. 29-aprel kuni soat 8:00 dan 30-aprel soat 8:00 gacha bo‘lgan oraliqda hududga 45 millimetr yomg‘ir yoqqan, shamolning tezligi soniyasiga 12 metrgacha kuchaygan. 30-aprel kuni soat 8:00 dan 1-may soat 8:00 gacha bo‘lgan oraliqda (falokat 1-may soat 5:55 da yuz bergan) yog‘ingarchilik kuzatilmagan, shamolning tezligi eng kuchaygan vaqtda soniyasiga 8 metrga yetgan, falokatdan oldingi 10 soat davomida esa tezlik soniyasiga 2 metrdan oshmagan.

Erkin Abdulahatovning ta’kidlashicha, Yangiyer stansiyasidagi kuzatuvlar tarixida shamol tezligi bo‘yicha rekord soniyasiga 36 metrni tashkil etadi, biroq falokat arafasida bunday tezlikda shamol kuzatilmagan. “Soniyasiga 2 metr yoki bir kun avvalgi 12 metr tezlikdagi shamol suv ombori yuzasidan to‘lqinlar hosil qilishi uchun vaj bo‘lmas. U darajada kuchli hisoblanmasa-da, 27-aprel kuni soniyasiga 17 metrni tashkil etgan shamoldagi to‘lqinlar hosil qilgan holat suv ombori to‘g‘oni devorlariga uch sutkadan so‘ng ta’sir qiladimi? Mantiq yo‘q”, — deydi meteorolog-sinoptik.

Sinoptikning qayd etishicha, 29-aprel kuni kuzatilgan 45 millimetrlik yog‘in miqdori, haqiqatan ham, ko‘p. Ammo bu maydoni 60 kvadrat kilometrdan ortiq bo‘lgan suv ombori yuzasiga “bor-yo‘g‘i 2,7 million metr kub suv tushganini anglatadi”. “Umumiy hajmi 900 million metr kub suvni sig‘dira oladigan suv ombori uchun bu qiymat (0,3 foiz) qanday ta’sir etishi mumkin? Bu ham o‘zini 100 foiz oqlamaydi”, — deydi Abdulahatov. Uning qo‘shimcha qilishicha, Sardoba suv omborining suv olish manbasi kanal hisoblanadi — u soy yoki sel o‘zanlaridan suv olmaydi; kanaldagi suvni “doim jilovlasa, boshqarsa bo‘ladi”, shu bois, meteorolog-sinoptikning ta’kidlashicha, tashqi muhitda paydo bo‘lgan suv oqimi (sel yoki suv toshqini) suv omboriga xavf tug‘dirmaydi.

“O‘zgidromet” markazi tomonidan Sardobadagi falokat arafasida hududda kuzatilgan ob-havo sharoitiga daxldor ma’lumotlarning e’lon qilinishi maqsadga muvofiqdir.

Ma’lumot uchun, Sardoba suv omboridagi suv toshqinidan so‘ng uning atrofida joylashgan aholi punktlaridan 70 mingga yaqin aholi Sirdaryo viloyatining boshqa va Jizzax viloyati hududlariga evakuatsiya qilingan (xavf bartaraf bo‘lgani bois, aholi asta-sekin uylariga qaytmoqda); hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan.

Voqea yuz bergan kuniyoq Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga yetib bordi. U suv toshqini oqibatlarini ko‘zdan kechirdi, ofatdan jabrlangan aholi bilan muloqotda bo‘ldi, “sharoit yaxshilanmagunicha, hech bir rahbar hech qayerga ketmasligi”ni ta’kidladi. Allaqachon qayta tiklanishi boshlangan to‘g‘onni bir necha bor borib ko‘rdi, ish jarayoni bilan tanishdi. To‘g‘onning yorilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-05-2020, 14:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 85) ( 0) ( 84) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют