» » Kosonliklar karantin paytida uyi buzilayotganidan shikoyat qildi

Kosonliklar karantin paytida uyi buzilayotganidan shikoyat qildi


Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi aholi karantin paytida yashab turgan uyi buzilayotganidan shikoyat qilgan. Ularning aytishicha, joriy yil 27-aprel kuni hududga buldozer “borgan” va ular yashayotgan uyni buzishga harakat qilgan.

Voqealar tafsilotini o‘rgangan “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning yozishicha, tumanning Gulbog‘ qishlog‘i hududidagi aholi yashagan noturar joy 2018-yil tadbirkor tomonidan sotib olingan bo‘lib, ayni kunda tadbirkor hududda qurilish ishlarini boshlashni niyat qilgan va aholi bilan muammo kelib chiqqan.

“15 yildan beri shu yerda yashab kelamiz. 1987-yil bizni Dehqonobod tumanidan majburlab ko‘chirib kelishgan va hududni o‘zlashtirishimiz aytilgan. O‘tgan 15 yil davomida tuman hokimligi va mas’ul tashkilotlarga murojaat qilib, yashab turgan uyimizga egalik huquqi berilishini so‘radik. Ammo shu paytga qadar hujjat qilib berishmadi. Bugungi kunga kelib esa, 15 yil yashagan uyimizdan haydab chiqarishmoqchi”, — deydi murojaatchi Mahmarajab Sharipov.

“Karantinda qayerga chiqamiz, kimning uyiga boramiz. Shuncha paytdan beri shu yerda yashab kelgandik. Uyimizga egalik huquqini olamiz deb ancha harakat qildik. Ammo hujjat qilib berishmadi, endi esa hech kim biz haqimizda o‘ylab ko‘rmayapdi”, — deydi shu xonadonlarda yashovchi fuqarolardan yana biri Nazokat Jo‘rayeva.

Shikoyatchilarning ma’lum qilishicha, 1987—1988-yillar davomida Dehqonobod tumanining Boyqo‘rg‘on, G‘injak qishloqlarida yashovchi 50-60 ta xonadon vakillari ushbu hududga ko‘chirib kelingan va uy-joy qilib berilgan. Ana shunday xonadonlarning beshtasi uy-joy yo‘qligidan maishiy xizmat uyiga joylashtirilgan.

Shu yerda yashashni boshlagan aholi yillar davomida maishiy xizmat uyi atrofida o‘zboshimchalik bilan turar joylar ham qurgan.

Koson tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Rajabovning 2018-yil murojaatchilarga yozgan javob xatidan anglashilishicha, mazkur maishiy xizmat uyi 1985-yil qurib bitkazilgan bo‘lib, egalik huquqi 2011-yil “Siroj o‘g‘li Behzod” fermer xo‘jaligiga berilgan. 2018-yil 7-sentabr kuni fermer xo‘jaligi rahbari hamda tadbirkor Renat Yusupov kelishuviga ko‘ra bino tadbirkor ixtiyoriga o‘tgan.

“Men mazkur binoni 2018-yil sotib olganman va shu joydan bolalar bog‘chasi qurish uchun davlatdan kredit oldim. Vaqtim ketyapdi. Qurilish qilishim kerak. Shu bois ham maishiy xizmat uyida yashovchi aholiga vaziyatni tushuntirib, chiqib ketishlari lozimligini aytdim. Ammo ular tushunishni istamayapdi”, — deydi tadbirkor Renat Yusupov.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yil 27-aprel kuni tadbirkor yollagan ishchilar va texnika hududdagi eski binolarni surib, qurilish uchun joy ochish harakatiga tushgan. Buni ko‘rgan aholi esa, uyi buzilishidan qo‘rqib, tadbirkorga e’tiroz bildirgan. Qarshilik ko‘rsatgan, hatto tuman hokimligiga qo‘ng‘iroq qilib, mas’ullarni ogohlantirgan.

“Menga qo‘ng‘iroq qilib ‘uyimizni buzishyapdi’ deyishgach, barcha ishlarimni tashlab, voqea joyiga yetib keldim. Kelsam, vaziyat aholi vahima qilganchalik emas. To‘g‘ri, tadbirkor qurilish ishlarini boshlayman deb harakatga tushgan. Ammo shunga qaramasdan karantin paytida odamlar yashab turgan uyning buzilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Tadbirkorga ham tushuntiryapmiz”, — deydi Koson tumani hokimi o‘rinbosari Sobir Eshov.

Hokim o‘rinbosarining ma’lumot berishicha, mazkur muammo besh yildan beri davom etib kelmoqda.

“Maishiy xizmat uyida yashovchilarga besh yil ilgari vaziyat tushuntirilib, bino shaxsiy mulk ekanligi aytilgan. Hatto uy qurish uchun yer uchastka ham taklif qilingan. Ammo ular ‘uy qurishga qurbimiz yetmaydi’ deb, bu yerdan chiqib ketishni istamayapdi”, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari.

“Tadbirkorning puli bo‘lsa, qarovsiz va tashlandiq yerni obod qilib, bog‘cha qursin. Nega biz yashab turgan joyga yopishadi. Biz ham necha yildirki, umid bilan shu yerda yashab kelyapmiz. Endi qayerga chiqib ketamiz”, — deydi aholi vakillaridan yana biri Fotima Qarshiyeva.

Maishiy xizmat uyida yashovchi aholining aytishicha, ular ko‘chib kelgan payt uy qarovsiz holatda bo‘lgan.

“Ko‘chib kelganimizdan so‘ng, atrofni obodonlashtirdik. Imkon qadar yashash uchun shart-sharoit yaratdik. Agar o‘sha paytda biz kelib, bu yerga egalik qilmaganimizda bugungi kunga kelib, maishiy xizmat uyining ‘ahvoliga maymunlar yig‘lardi’, talon-toroj bo‘lardi”, — deydi Mahmarajab Sharipov.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan aholi vakillaridan yana biri — Malika To‘laganovaning aytishicha, o‘g‘li Shavkat To‘laganovning shart-sharoiti juda og‘ir. Agar ular yashab turgan uyidan chiqarib yuborilsa, ko‘chada qolishi tayin.

“Hech kim ko‘chada qolmaydi. Beshta xonadonning ikkitasiga tadbirkorning o‘zi homiylik qilib, uy-joy qilib berishini aytgan. Qolgan uchta oilaga esa yer beramiz. Uy qurib olishadi. Tadbirkor ularga ham sement, shifer kabi qurilish materiallarini beraman degan. Hokimlik yer bersa, tadbirkor qurilish materillarini bersa, uy qurish uchun mehnat qilish qoladi, xolos, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari Sobir Eshov.

Aholi esa mazkur holatdan ham norozi.

“Qachonki, uyimiz bitib, tayyor holatga kelgach, bu yerni tark etamiz, ungacha bizga zarar berishmasin”, — deydi Malika To‘laganova.

Aholi vakillari bilan suhbatlashgan hokim o‘rinbosari Sobir Eshov karantin paytida hech kim ularni bezovta qilmasligini yana bir bor ta’kidlab, karantindan so‘ng hokimlik tomonidan beriladigan yerda uy qurish harakatini boshlashi lozimligini tushuntirdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (4-05-2020, 15:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 96) ( 0) ( 94) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют