» » Andijondagi mahalla elektr ta‘minotini yaxshilash bo‘yicha murojaatlar 6 yildan buyon e‘tiborsiz qolayotganidan shikoyat qildi

Andijondagi mahalla elektr ta‘minotini yaxshilash bo‘yicha murojaatlar 6 yildan buyon e‘tiborsiz qolayotganidan shikoyat qildi


Andijon shahrining Oqrovot mahallasi, 1-tor Shahidtepa ko‘chasida yashovchi fuqarolar elektr ta’minotidagi muammolari olti yildan buyon e’tiborsiz qolayotganidan shikoyat qildi.

“Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida hududda bo‘ldi.

Mahalla faollarining aytishicha, elektr ta’minotidagi muammolar yuzasidan 2014-yil viloyat hokimligiga murojaat qilingan. Hokimlik murojaatga javoban hududdagi muammo 2017-yilgi davlat dasturi asosida yechimini topishini, yangi tarmoq tortilishini yozgan. Biroq shu kunga qadar hech qanday ishlar qilinmagan.

“2014-yilda viloyat hokimligiga xat yuborganmiz. Hokimlik muammoni ijobiy hal qilish uchun viloyat elektr tarmoqlari korxonasiga jo‘natgan. Undan Andijon shahar ‘Bobur’ elektr ta‘minoti korxonasiga jo‘natilgan. Korxona rahbariyati o‘shanda bizga uch yildan keyin dasturga qo‘yishini aytgandi. Mana 2019-yilgacha kutdik. Bu orada ularga bir necha marotaba eslatdik ham. Lekin hech qanday natija bo‘lmadi. Odatdagidek va’da berishdan nariga o‘tishmayapti”, — deydi Xolmuhammad Yakubov.

Mahalla ahlining aytishicha, aholi ham mas’ullarga yordam berish maqsadida 17 million so‘m pul yig‘ib, transformator sotib olgan.

“O‘tgan yilning yozlarida ‘elektraset’ga shaxsan o‘zim bordim. O‘sha paytdagi korxona boshlig‘i Jo‘rabek ismli yigit ekan. U vaziyatni tushunib hal qilishini aytdi. Faqat transformatorni o‘zlaringiz olasizlar, biz qolgan ‘stolba’ va simlarni davlat hisobidan qilamiz’, dedi. Shundan keyin qo‘ni-qo‘shnilar bilan maslahatlashib, 17 million so‘m pul yig‘dik va transformator olib, o‘rnatib qo‘ydik. Lekin ‘elektraset’dagilardan darak bo‘lmadi. Borsak, turli bahonalar bilan ortga qaytarishadi. Natija yo‘q”, — deydi Xolmuhammad Yakubov.

Shahidtepa ko‘chasida yashovchi fuqarolarning aytishicha, ushbu ko‘chada qad rostlagan simyog‘ochlar 29 yil ilgari o‘rnatilgan bo‘lib, ayni kunda yaroqsiz holga kelgan.

“Shu ko‘chada deyarli 30 yildan beri yashayman. Ko‘chadagi simyog‘ochlar bundan 29 yil ilgari o‘rnatilgan. Elektr simlar ham o‘sha davrda ulangan. O‘sha paytda xonadonlar va aholi soni anchagina kam edi. Yillar davomida aholi ko‘payib, ehtiyoj ortmoqda. Narigi ko‘chaga o‘rnatilgan transformator katta bosim bilan ishlayapti. Shuningdek, mahallada gaz yo‘qligi sabab barcha ehtiyoj tok orqali qondirilishi evaziga ‘svet’imiz ko‘p o‘chadigan, transformator esa tez-tez buziladigan bo‘lib qoldi. Odamlar shunaqa holatlardan charchadi. Agar ko‘chamizga transformator o‘rnatilsa, 70 dan ortiq xonadon muammosiz yashaydi” — deydi shu ko‘chada yashovchi fuqarolardan yana biri Ikrom Asqarov.

Mahalla faoli Dilmurod Ergashevning aytishicha, elektr ta’minotidagilar 2020-yil boshida yangi tarmoqni o‘rnatib berishga va’da bergan. Biroq yangi yil kirib kelganiga uch oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, va’da haligacha bajarilmagan.

“2019-yil noyabr oyining oxiri dekabrning boshida ‘elektraset’ga borganimizda, ular ‘Konstitutsiya bayrami, saylov vaqti kelyapti, transformatorni yangi yilga yoqib beramiz’, deyishdi. To‘g‘risi, hammamiz xursand bo‘lgandik. Afsuski, ‘chuchvarani xom sanagan ekanmiz’. Bayramdan keyin mana uch oy o‘tdi. Lekin natija bo‘lmadi. Ularga bo‘lgan ishonchimiz ham so‘ndi. Bunaqa tashkilotning boridan yo‘g‘i yaxshi, deging keladi gohida. Endi bir-birimizdan xafa bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Bu yoqda 70 ta xonadon ‘svet’ yaxshilanishini kutyapti”, — deydi Dilmurod Ergashev.

Fuqaro O‘rinboy Abdullajonovga ko‘ra, kuz oyida elektr ta’minotidagilar ko‘chaga yetti dona simyog‘och o‘rnatib ketgan. O‘rnatilgan simyog‘ochlarning ayrimlari yog‘ingarchilik natijasida yaroqsiz holga kelgan. Kuchli shamol bo‘lsa, qulab tushishi ham mumkin.

“O‘tgan yili mas’ullar yoniga qayta-qayta boraverganimiz uchun nomiga yetti dona ‘stolba’ o‘rnatib ketishdi. O‘shanda transformatorni birgalikda o‘rnatganmiz. ‘Kelinglar, birdaniga yakuniga yetkazib beringlar’ deganimizda, bahona qilib qochishgan. Aslida o‘rnatilgan ‘stolba’lar aholi soniga nisbatan juda kam. Yana 10-15 ta ‘stolba’ bo‘lsa, shunda oraliq masofa 50 metrdan to‘g‘ri keladi. Lekin mas’ullar aldashda davom etishmoqda. Biz ularga ishonib, olti yildan beri kutyapmiz”, — deydi O‘rinboy Abdullajonov.

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon shahar “Bobur” elektr tarmoqlari korxonasi 20 832 ta iste’molchiga xizmat ko‘rsatadi. Korxonada 100 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritadi.

Joriy yil 9-mart kuni “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan korxona ishlab chiqarish va texnika bo‘limi muhandisi Boburjon Abdukarimov mutaxassislar qish mavsumida yuqori bosim ostida, zo‘riqish bilan ishlagan transformatorlarni tuzatish va yangilash bilan band bo‘lganini aytib, vaqt va kuch yetmaganini ta’kidlagandi. Hamda mart oyi oxiriga transformatorni o‘rnatib berishga va’da bergan. Shundan so‘ng, murojaatchilar jurnalistdan maqolani e’lon qilmay turishni so‘ragan.

“Mana ikki oydirki, berilgan va’da quruq gapligicha qoldi. Mas’ullar aytgan gapidan qaytdi”, — deydi Xolmuhammad Yakubov.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-05-2020, 23:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 78) ( 0) ( 77) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют