» » Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida joylashgan “Shon-sharaf” muzeyiga fotosayohat

Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida joylashgan “Shon-sharaf” muzeyiga fotosayohat


Toshkent shahrining Olmazor tumanida qad rostlagan G‘alaba bog‘i tarkibida “Shon-sharaf” muzeyi ham faoliyat yuritadi.

Muzeyda Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonliklar haqidagi ma’lumotlar, o‘sha davrlar ruhini to‘liq his etishga imkon beruvchi eksponatlar o‘rin olgan. Daryo muxbirining xabar berishicha, muzeyda 20 mingga yaqin tarixiy ahamiyatga ega buyumlar mavjud bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pi respublikaning turli hududlarida yashovchi aholi tomonidan taqdim etilgan. Buyumlarni qabul qilish jarayoni bugungi kunda ham davom etmoqda.

Mavzuga doir: Toshkentda “G‘alaba bog‘i majmuasi” faoliyati tashkil etiladi

Muzey shartli ravishda 6 bo‘limga ajratilgan.

Muzeyning kirish qismida O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Aliqulov qalamiga mansub asarning 22 metrlik pannosi ilingan. Unda frontga yo‘l olayotgan askarlarning kuzatish jarayoni, front ortidan yuklarning jo‘natilishi, tibbiyot xodimlari, bir so‘z bilan aytganda, 1941—1945-yillar davomidagi Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston hududlaridagi umumiy jarayon jonli tarzda aks ettirilgan.

Muzey ostonasidan boshlanuvchi “O‘zbekiston urush boshlanishi arafasida” deb nomlangan bo‘limda 1938—1940-yillar, urushdan oldingi O‘zbekistonda davom etgan hayot tarzi tasvirlangan suratlar, qaydnomalarni ko‘rish mumkin.

1939-yilda fashistlar Germaniyasining Polshaga bostirib kirishi bilan boshlangan Ikkinchi jahon urushi ta’sirida O‘zbekistonda yalpi safarbarlik joriy qilinishi, qo‘shinlar tashkil etilishi jarayoni aks etgan eksponatlar ham shu yerning o‘zida berilgan.

O‘zbekistonliklarning asosiy front va chegara postlarida olib borgan kurashlari, ichki ishlar, razvedka faoliyatidagi mardonavor xatti-harakatlari qayd etilgan tarixiy hujjatlar, ularning suratlari va ular haqidagi qisqacha ma’lumotlarni uchratish mumkin. Ma’lumotga ko‘ra, birgina Germaniyaning Berlin shahrini ozod qilish uchun bo‘lgan harakatlarda 10 dan ortiq kishiga “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni, 1 706 kishiga “Berlin olinganligi uchun”, 109 ming 208 kishiga esa “1941-1945-yillardagi Ulug‘ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun” medallari taqdim etilgan.

Mavzuga doir: Toshkentda barpo etilayotgan G‘alaba bog‘ining konsepsiyasi taqdim etildi (foto)

Bo‘limning e’tiborga molik burchaklaridan biri sifatida asirga tushganlar haqidagi ma’lumotlar aks etgan qismni aytish mumkin. Ta’kidlanishicha, urush davrida asirga tushgan 150 mingdan ziyod o‘zbekistonliklarning 50 ming nafardan ortig‘i konslagerlardagi azob-uqubatlar oqibatida vafot etgan.

Keyingi bo‘limga o‘tish yo‘lagida bevosita 1945-yilda Berlinning Sovet Ittifoqi armiyasi tomonidan ishg‘ol qilinish jarayoni aks etgan installyatsiyalarni tomosha qilib, xuddi haqiqiydek jonlantirilgan mum haykallar, ag‘anagan binolar, bir-biriga o‘q uzishga hozirlangan tanklarni uchratish mumkin.

Mavzuga doir: Foto: Toshkentda qurilayotgan G‘alaba bog‘ida o‘rnatiladigan harbiy samolyotlar

Muzeyning “O‘zbekiston front uchun ishonchli tayanch qo‘rg‘oni” bo‘limida front uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va texnikalar yetkazilishi, issiq kiyim-kechaklar, mablag‘lar to‘planishi, frontga yo‘naltirilgan energetika va yoqilg‘i, iqtisodiyot faoliyati, tibbiyot, o‘zbek ayollarining front ortidagi zahmati, kadrlar tayyorlash sohasi kabi mavzularga ajratib chiqilgan burchaklarda ashyoviy dalillar, fotosuratlar, mehnat uchun berilgan maqtov va faxriy yorliqlar, ordenlarni tomosha qilish imkoniyati mavjud.

Berilgan ma’lumotga ko‘ra, birgina front uchun yig‘ilgan mablag‘larning o‘zida o‘zbek xalqining birdamligini his etish uchun shanbaliklar, obligatsiyalar, urush zayomlari bilan bir qatorda aholi shaxsiy mablag‘lari ham borligini inobatga olishning o‘zi kifoya. O‘sha davrda aholi mudofaa fondi uchun umumiy hisobda 250 million so‘m miqdorida mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.

Muzeyning eng ta’sirli burchagi sifatida “Urush davri maktublari”ni keltirish mumkin. Bir necha yillardan buyon saqlanib kelinayotgan urushga berilgan yo‘llanmalar, jamoaviy xatlar, jang maydonlaridan qaytmagan askarlarning o‘limi, yaralanganlik haqida xabarnomalar, frontdan kelgan sog‘inchli salom xatlarini o‘qish imkoniyati bor.

Shuningdek, tashrif buyuruvchilar urush yillarida dushman bosib olishi muqarrar bo‘lgan hududlardan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan 1,5 milliondan ziyod qariyalar, ayollar, bolalar (250 ming atrofida), fan-arboblari haqidagi ma’lumotlarni o‘qishi mumkin.

“O‘zbekistonda urush yillarida fan va ta’lim, adabiyot, teatr va musiqa san’ati, tasviriy san’at va haykaltaroshlik, kino san’ati va matbuot” bo‘limida 1941—1945-yillarda yurtda madaniyat sohasida hukm surgan holatni nafaqat tomosha qilish, balki his etish mumkin. Bu yerda ham muzeyning boshqa bo‘limlaridagi kabi tarixiy muhitni yaratish maqsadida musiqalar jaranglab, sohaga oid ma’lumotlar yangrab turadi. Bevosita ekranlarda tarixiy hujjatli filmlar, eksponatlarda nomlari zikr etilgan shaxslarning faoliyatiga oid lavhalar beriladi.

“Urush yillari haqidagi xotiralar, xalqning quvonch va shodligi”, “Mardlar jasorati mangu yashaydi” hamda “Bizning qahramonlarimiz” bo‘limlarida aks etgan ma’lumot va eksponatlar bilan fotolavhalarimiz orqali tanishishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 25-iyun kuni mazkur hududda bo‘lib, G‘alaba bog‘i qurilishi bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Ushbu topshiriq asosida bog‘ konsepsiyasi ishlab chiqilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-05-2020, 17:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 88) ( 0) ( 86) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют