» » Haftalik dayjest: “G‘alabami yoki xotira?”, “Qizilmisiz-sariqmisiz-yashilmisiz?”, Sardobadan quruq chiqishni istaganlar

Haftalik dayjest: “G‘alabami yoki xotira?”, “Qizilmisiz-sariqmisiz-yashilmisiz?”, Sardobadan quruq chiqishni istaganlar


Xabarlar to‘lqini ostida yangi oyning birinchi haftasi ham o‘tdi. Bosh mavzularimiz yana Sardoba avariyasi atrofidagi gaplar, koronavirus tashvishlari va 9-may taassurotlari.

Kelib chiqishi texnogen bo‘lgan Sardoba avariyasini tekshirishga undovlar yanada ko‘payib ketdi. Avval xabar berganimizdek, mas’ullar “tabiiy ofat” deya halokatni shamol va yomg‘irga to‘nkashga uringani behuda ekani sezilib qoldi. Tahliliy maqolalar orasida jurnalist Shuhrat Shokirjonovning “Sardoba fojiasi: ‘Asr o‘pirilishi’ aybdorlari suvdan quruq chiqa olmasligi shart” maqolasida “O‘zi nega suv ombori qurilishi ‘O‘zbekiston temir yo‘llari’ AJga berilgani ham juda katta savol bo‘lib turibdi.

Temiryo‘lchilar shunchalik usta quruvchilarmidiki, O‘zbekistondagi temir yo‘lga tegishli bo‘lgan va tegishli bo‘lmagan barcha ‘yog‘li’ joylar ularga nasib etaversa?!”, deb savol qo‘yiladi va Qamchiq dovonidagi temiryo‘lda ko‘chki va o‘pirilish sodir bo‘lgani,Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temiryo‘li har yili tuproq va seldan o‘pirilishi, Yunusobod metro liniyasida tuproq o‘pirilib 6 quruvchi halok bo‘lgani tilga olinadi. Bu “nosoz inshootlar”ning hammasini “O‘zbekiston temir yo‘llari” qurganiga ahamiyat qaratiladi hamda Sardoba avariyasi aybdorlari qutulib ketmasligi shartligiga urg‘u beriladi.

Telegramdagi davletov.uz kanali esa “Sifatsiz qurilishlarga mas’ul rahbarlarning iste’foga chiqarilishi shu kunlarda juda o‘rinli bo‘lar edi”, deb yozdi. “Kurash odatda mayda poraxo‘rlar, ayniqsa, pora berganlarga qarshi tanlov asosidagi kampaniya bo‘lib qolayapti. Jinoyat kodeksidagi korrupsiya uchun javobgarlik o‘sha-o‘sha holicha qolayapti. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda respublika sudlari tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan 191 shaxsga nisbatan 145 ta ish, 211-moddasi (pora berish) bilan esa 1 179 shaxsga nisbatan 995 ta ish ko‘rilgan. Nisbatni qarang. Manfaatlar to‘qnashuvi, tender, davlat xaridlari to‘liq shaffoflashtirilishi kerak”, deb e’tiborni qaratadi davletov.uz.

Xo‘sh, Sardobada yetgan zarar ko‘lami qancha? Falokat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarining jami 32 381 gektar maydonlari talofat ko‘rgan. Toshqin 10 ta mahalla, 23 ta aholi punktlari hududidagi 4 711 ta turar va 277 ta noturar joy obyektlari, 30 718 gektar ekin maydonlariga zarar yetkazgan. Sardoba tumanining Do‘stlik, Qo‘rg‘ontepa, Yurtdosh aholi punktlarida jami 743 bosh, Oqoltin tumani aholi punktlarida jami 551 bosh, Mirzaobod tumanidagi aholi punktlarida jami 1 330 bosh nobud bo‘lgan hayvonlarning jasadlari ko‘mish yo‘li bilan zararsizlantirilgan.

Sardoba falokatiga AQSh 100 ming dollar ajratdi. Asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov esa Sardoba avariyasidan aziyat chekkan O‘zbekistonga 10 million, Qozog‘istonga 5 million dollar xayriya qildi. Sardoba suvi qo‘shni qozog‘istonliklarni ham bezovta qilgani uchun ancha hijolatda qolgan edik. Biroqyon qo‘shni – jon qo‘shnilarimiz bilan san-manga bormasdan muzokaralar yo‘li bilan muammo hal etildi. O‘zbekiston o‘z qutqaruvchilarini Qozog‘istonga yubordi, bosh vazir Abdulla Aripov toshqindan jabrlanganlarga quriladigan uylarga poydevor qo‘yishda ishtirok etdi.

* * *

Koronavirusning sakkizinchi haftasi davom etyapti, mamlakat virus bilan yashashga ko‘nikdi. Endi qaynoq yangiliklarning eng yuqorisida “virusli xabar”lar ko‘rinmay qoldi. Shunday bo‘lsa-da, koronavirus diqqat markazidan aslo yo‘qolgani yo‘q. O‘zbekistonda so‘nggi ikki haftadagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, hududlar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratildi. 14 kun ichida koronavirusga chalingan shaxslar aniqlangan hududlar “qizil”, koronavirusga chalingan shaxslar aniqlanmagan, biroq kasallikdan davolanayotganlar bo‘lgan hududlar “sariq”, 14 kun ichida koronavirusga chalinganlar aniqlanmagan va bemorlarning bari davolanib bo‘lgan hududlar “yashil” toifaga kiritiladi.

O‘zbekistonda virus yuqqanlar soni kamayishda davom etmoqda, qo‘shni Tojikistonda esa kasallik endi tarqala boshladi. O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashishda yordamlashish uchun Tojikistonga 8 nafar virusolog  yubordi. Shuningdek, konteynerlar, 10 ta sun’iy nafas olish (IVL) apparatlari va juda ko‘p tibbiy xalatlar, medikamentlar, qo‘lqop, respiratorlar ham jo‘natildi.

Eslatib o‘tamiz: 2020-yil 10-may soat 15:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2 411 nafarni tashkil qilmoqda. Mamlakatimizda koronavirus kasalligidan davolanish ko‘rsatkichi 79 foizga etdi.

***

Mustaqillikdan keyin doimo “Xotira va qadrlash kuni” deb nishonlab kelingan 9-may bu yili G‘alaba bayrami tusini oldi. Shavkat Mirziyoyev yangi bunyod etilgan G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gul qo‘ydi va bog‘dagi “Shon-sharaf” muzeyini tomosha qildi. Bu yodgorlikka Ikkinchi jahon urushida besh o‘g‘lidan ayrilgan toshkentlik Zulfiya aya Zokirova asos qilib olingan.

Shu kuni Toshkentda mushakbozlik uyushtirildi. Televideniyeda esa Ikkinchi jahon urushidagi o‘zbek jangchilari hamda front ortida qolganlarning matonatini tasvirlovchi “Ilhaq” va “101” filmlari birinchi marta namoyish qilindi.

Mavzuga doir:

* * *

Endi bosh vazir O‘zbekistonning o‘sish nuqtalari hisoblanadigan IT-texnologiyalar, kon-metallurgiya va neft-gaz sohalari bilan shug‘ullanadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilgan. “Ko‘p vazifalar иosh vazir o‘rinbosarlari zimmasiga o‘tadi. Bosh vazir mamlakatning o‘sishini ta’minlaydigan yo‘nalishlar bilan shug‘ullanadi, chet ellarga boradi”, degan prezident. Shuningdek, “Pandemiya dunyoqarashimni o‘zgartirdi, boshqalarning ham dunyoqarashi o‘zgarishi kerak. Endi eskicha uslub bilan ishlab bo‘lmaydi. Vazirlarning 30 foiz vaqti Toshkentga, 70 foizi esa viloyatlarga o‘tishi kerak. Shunda xalqni tashvishlantirayotgan muammolarni his qiladi, oddiy odamlar bilan ishlashni o‘rganadi”, — deb ta’kidlagan.

* * *

Bu hafta mashhur xonanda Yulduz Usmonova yana bir marta diqqat markaziga ko‘tarildi. Mashhur qo‘shiqchi Sardoba jabrdiydalari uchun uyi oldida yordam to‘plagan edi. Biroq mahsulotlarni Sirdaryo viloyatiga eltishda militsiyadan ko‘mak so‘raganda ular yordamlashmagan.

Shunda Yulduz video orqali “Hammasi nomard bular. Bunaqa nomard militsiya ko‘rmaganman. Bugun Mirzo Ulug‘bek trassasiga qarayman, dedi kelgan mayor. Bitta militsiya, bitta ‘GAI’ bering dedim, biz eplolmay qoldik. ‘Xop’ dedi, bermadi. ‘Uchastkovoy’ chiqmadi. Tfu senlarga. Padar la’nati bo‘ldilaring sizlar bugun. Xalq birlashdi, xalqning yonida turmadilaring. Tfu ‘GAI’larga, tfu militsiyaga. Xalq eshitsin, militsiya klizma olmaguncha umuman ishlamaydi. Hozir Karimovni davrida yashamayapsanlar, har kuni klizma olgani. Shunchalik ham klizmaga o‘rganib qolasanlarmi? Vijdonan ishlashni ham o‘rganinglar, soat nechchi bo‘ldi, haliyam uxlayapsizlar?!” – degan.

Bu ayblov internetda yangi mashmashani boshlab berdi. Xalq artistini qator faollar, jumladan, Madaniyat vazirligi ham tanqid qildi. Ko‘p o‘tmay Yulduz Usmonova “Hurmatli ichki ishlar, mudofaa, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari, ulug‘ ayyom kunlari dilingizni og‘ritgan bo‘lsam hammangizdan uzr so‘rayman. Hammamizda ham ayb bor. Men ko‘rganim uchun gapirdim, Ko‘rganim, gapirganim uchun uzr so‘rayman”, deb uzr-ma’zur videosini joyladi.

Toshkent shahar IIBB Yulduz Usmonovaning ichki ishlar xodimlarini haqoratlagani holati yuzasidan surishtiruv boshlagani aytildi. Ammo Oliy sudga ko‘ra, Yulduz Usmonovaning ishi yuzasidan materiallar sudga kelib tushmagan. Bu aralash voqealarni shou-biznes muxlislari ham, xontaxta ekspertlari ham birday qizg‘in muhokama qildi va virus mavzusidan bir oz chalg‘idi.

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-05-2020, 10:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 100) ( 0) ( 98) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют