» » Haydovchi kirakashlik qilganini tan oldi, transport boshqarmasi xodimi esa haydovchidan uzr so‘radi. Internetda tarqalgan video tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Haydovchi kirakashlik qilganini tan oldi, transport boshqarmasi xodimi esa haydovchidan uzr so‘radi. Internetda tarqalgan video tafsilotlari ma’lum bo‘ldi


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda evakuatorga ortilayotgan mashina yonida YPX inspektoridan kechirim so‘rab, yalinayotgan haydovchi vaziyatdan qutulish uchun yolg‘on gapirganini tan oldi. Bu haqda voqea tafsilotlarini o‘rgangan “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev ma’lum qildi.

“O‘sha kuni haqiqatan ham kirakashlik qilayotgan edim, — deydi videodagi haydovchi Orzu Abdullayev. — Ko‘chaga chiqsam, bir kishi yonimga kelib manziliga olib borishimni so‘radi. U odam mast ekan. Uning mast ekanligini o‘sha yerdagi taksichilar ham ko‘rdi. Mast fuqaro taksi izlab, katta yo‘lga chiqib ketdi. Hatto mashina urib yuborishiga sal qoldi. Shu bois uni manziliga olib borib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Yo‘lda YPX inspektori to‘xtatdi. Inspektorga mashinadagi odamni amakim deb aytdim, keyin qo‘shnimning amakisi, dedim. Vaziyatdan qutilish uchun yolg‘on gapirdim. To‘g‘risi, bunaqa reyd bo‘layotganini bilmagandim. Xabarim yo‘q edi”.

Joriy yil 9-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan videoda haydovchi Orzu Abdullayev YPX inspektoriga kirakashlik qilmayotganini, mashinasidagi fuqaro qo‘ng‘iroq qilganligi uchun manziliga yetkazib qo‘yayotganini aytgan. Shuningdek, turmush o‘rtog‘i operatsiya bo‘lganligini, sharoiti og‘irligini ma’lum qilgan.

Samarqand shahri, “Rasadxona” mahallasi, O‘rmon xo‘jaligi guzarida istiqomat qiluvchi Orzu Abdullayev otasi, turmush o‘rtog‘i va bir nafar farzandi bilan yashaydi. Rossiyada ishlab topgan puli evaziga ro‘zg‘or boqadigan Orzu Abdullayev mashinani qarzga olganligini, qarzidan yaqinda qutulganligini aytdi.

“Uyda to‘rt oylik farzandim bor. Uning ovqati, ‘pampers’i uchun pul kerak edi. Dadam ishlamaydi, nafaqaxo‘r. Qolaversa, qand kasali bor. Men majburlikdan ko‘chaga chiqdim”, — deydi Orzu Abdullayev.

Jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan videoda haydovchi turmush o‘rtog‘ining salomatligi yaxshi emasligini, hozirda Samarqand viloyat onkologiya dispanserida muolaja olayotganligini ham aytgan. “Daryo” muxbiri bilan suhbatda Orzu Abdullayev bu gapni inkor qildi.

“Turmush o‘rtog‘im shifoxonada emas. To‘rt oy avval, aniqrog‘i, 2020-yilning 11-yanvar kuni farzandimiz jarrohlik yo‘li bilan tug‘ilganligi uchun ayolimning operatsiya qilingan joyi shamollagan ekan. Davolash uchun ko‘p xarajat qildim. Bor pulim turmush o‘rtog‘imni davolashga ketdi. Men aslida o‘shani nazarda tutgandim, — deydi Orzu Abdullayev. — Turmush o‘rtog‘im onkologiya dispanserida yotganligi haqida kim xabar tarqatganini bilmayman”

“Rasadxona” mahallasi raisi Zokir Safarovning ta’kidlashicha, Orzu Abdullayevning oilasi kam ta’minlangan oilalar qatoriga kirmaydi.

“Oilaning 10 sotix yeri va mashinasi ham bor. Amaldagi qonunlarga ko‘ra, bunday fuqarolar kam ta’minlangan yoki ehtiyojmand oilaga kirmaydi, — deydi mahalla raisi Zokir Safarov. — Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi sabab oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, tomorqachilikni rivojlantirish talabi qo‘yilgan. Shu sabab oila tomorqadan unumli foydalanib, daromad qilsa bo‘ladi. Ish masalasi muammo bo‘layotgan bo‘lsa, vaqtinchalik ish bilan ta’minlashimiz mumkin. Istasa, hozirning o‘zida o‘sha ishga joylashtirib qo‘yamiz. Ammo bu fuqaro biror marta bizga sharoitim og‘ir deb, ish so‘rab murojaat qilmagan”

Voqeani tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqda tarqatgan Samarqand viloyat transport boshqarmasi avtotransport tashuvlarini muvofiqlashtirish sektori inspektori Mehriddin Alimov qilgan ishi uchun uzr so‘radi.

“O‘sha kungi videoni hech kimga sezdirmasdan men tasvirga olgandim. Ehtiyotsizligim sabab video boshqarma xodimlarining Telegram’dagi guruhida tarqaldi. Keyin bilsam, video ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqab ketgan ekan. Bundan mening xabarim yo‘q edi. Agar o‘sha fuqaro meni kuzatib turgan bo‘lsa, undan uzr so‘rayman. Men bunday bo‘lishini bilmagandim. Haydovchilardan iltimosim, karantin qoidalarini buzmasin. O‘sha avtomashina haydovchisidan yana bir bor kechirim so‘rayman”, — deydi Mehriddin Alimov.

Ta’kidlanishicha, 8-may kungi reydda Orzu Abdullayevga karantin qoidalariga rioya qilmasdan yo‘lovchi tashish aybi qo‘yilib, haydovchiga nisbatan viloyat Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi xodimi tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

“Fuqaroning oilaviy sharoitini e’tiborga olamiz. Agar haqiqatan ham turmush o‘rtog‘i operatsiya bo‘lib, bugungi kunda sharoiti og‘irlashib qolgan bo‘lsa, biz, albatta, yordam beramiz”, — deydi Samarqand viloyat Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Sherzod Shomurodov.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-05-2020, 11:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 92) ( 0) ( 90) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют