» » O‘zbekistonda 2019-yilda ta’lim sohasidagi moliyaviy qonunbuzarliklar 2018-yilga nisbatan 2,5 baravarga oshgani aniqlandi

O‘zbekistonda 2019-yilda ta’lim sohasidagi moliyaviy qonunbuzarliklar 2018-yilga nisbatan 2,5 baravarga oshgani aniqlandi


O‘zbekiston Senatining 11-may, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yalpi majlisida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura organlarining 2019-yildagi faoliyati to‘g‘risida hisobot berdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining ko‘rsatmalari asosida prokuratura organlarini korrupsiyadan holi, chinakam xalq prokuraturasiga aylantirish, faoliyat samaradorligini tubdan oshirish borasida qator choralar ko‘rilgan. Avvalo, halol, sadoqatli va professional xodimlar korpusini shakllantirishga doir kompleks chora-tadbirlarni amalga tatbiq etish boshlangan.

Qonunlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni amalda bartaraf etishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi hayotiy muhim masalalarga ustuvor ahamiyat berilib, 15 mingdan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanishi va muammolari bartaraf etilishi ta’minlangan.

Ma’lum qilinishicha, 2019-yilda ta’lim sohasida tekshirilgan vazirlik va idoralarning 93 foizida 16,7 milliard so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlanib, bu ko‘rsatkich 2018-yilga nisbatan 2,5 baravarga oshgan.

Shu bilan birga, qonunlar ijrosiga bevosita mas’ul idoralar tomonidan zimmalariga yuklatilgan vazifalarning to‘laqonli bajarilmasligi joylarda ko‘plab muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lganligi aniqlangan. Masalan, fuqarolarning uylari buzilishi munosabati bilan tegishli kompensatsiya pullarining o‘z vaqtida va to‘liq berilmasligi, daraxtlarning noqonuniy kesilishi aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Bu borada prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida jami 2,3 trillion so‘m zararlar undirilishiga erishilgan.

Biroq iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha tergov jarayonida jinoyatni fosh etish bilan birga yetkazilgan zararni undirish, ya’ni o‘g‘irlangan moddiy boyliklarni topib, qonuniy egasiga qaytarishda kamchiliklar mavjud. Shu bois senatorlar tomonidan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarida belgilangan tadbirlarning bajarilishi, ayniqsa, qurilish ishlarining sifati va talablarga javob berishi bo‘yicha doimiy nazorat o‘rnatish zarurligi ko‘rsatildi.

Qurilish sohasida korrupsiyaga oid alomatlar oqibatida ro‘y berayotgan talafotlar, ularning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish masalalari keng muhokama qilindi. Prokuratura organlari bu masalalarda o‘z nazoratini yanada kuchaytirishi, ularga qonunlar bilan berilgan vakolatlardan keng foydalanishi zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, majlisda prokuratura organlari mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash borasidagi faoliyat samaradorligini yanada oshirishi lozimligi ko‘rsatilib, tegishli vazifalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Senat raisi Tanzila Norboyevaning qayd etishicha, bosh prokuror hisobotida qishloq xo‘jaligi sohasida fermerlarning ro‘yxatdan o‘tishi, hisob raqami ochishi, kredit, yer, o‘g‘it, yoqilg‘i va hatto ish haqi bilan bog‘liq muammolari hal qilingani qayd etilgan.

“Aslida, nima uchun bu masalalar, albatta, prokuratura aralashuvi bilan hal qilinishi kerak?”, — dedi Tanzila Norboyeva. Uning fikricha, mazkur holat tizimda muammolar borligini, tegishli mutasaddilar o‘z vazifalarini to‘laqonli bajarmayotganligini ko‘rsatadi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ustuvor bo‘lgan hozirgi sharoitda bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Mavzuga doir: Tanzila Norboyeva xalq Ombudsmanni tanimasligini aytdi va uning faoliyatini tanqid qildi

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda senatorlar O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilishi to‘g‘risidagi taklifni ma’qulladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-05-2020, 20:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 75) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют