» » Agar iqlim isishiga qarshi kurashda global o‘zgarishlar bo‘lmasa, kelgusi 50 yilda milliardlab odamlar “iqlim migrantlari”ga aylanishi mumkin

Agar iqlim isishiga qarshi kurashda global o‘zgarishlar bo‘lmasa, kelgusi 50 yilda milliardlab odamlar “iqlim migrantlari”ga aylanishi mumkin


Yer yuzidagi o‘rtacha yillik haroratning Selsiy bo‘yicha bir darajaga ko‘tarilishi sababli kamida bir milliard odam qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va ochiq havoda ishlash uchun eng ma’qul bo‘lgan iqlim sharoitiga moslashishga yoki boshqa joyga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi. Olimlar bunday xulosalarga so‘nggi olti ming yilni o‘z ichiga olgan tahlillar asosida keldi. Mazkur tadqiqot haqida hikoya qiluvchi ilmiy maqola Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Yer iqlimi butun tarix davomida o‘zgargan. So‘nggi 650 ming yil ichida sayyora olti marta muzlik va isish davrlarini boshdan kechirgan. Bu sekin, ammo keng miqyosli iqlim o‘zgarishlari ko‘plab murakkab jarayonlarga bog‘liq. Biroq asosiysi — Milankovich davrlari deb ataladigan Yer orbitasining tebranishlari. Tebranishlar natijasida sayyoraning turli mintaqalariga tushadigan quyosh nuri miqdori o‘zgaradi.

Ammo zamonaviy iqlim davri avvalgilaridan farq qiladi. Iqlim isishining hozirgi tendensiyasi alohida ahamiyatga ega, chunki harorat juda tez ko‘tarilmoqda — 1975-yildan boshlab, har o‘n yilda Selsiy bo‘yicha taxminan 0,15-0,20 darajagacha. 1880-yildan buyon Yerning o‘rtacha harorati Selsiy bo‘yicha bir darajaga ko‘tarildi. Bu juda ko‘p: hozirdanoq dunyo okeani sathining ko‘tarilishi, Yerning muz qatlamlari maydonining kamayishi va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari kuzatilmoqda.

Hozirgi iqlim o‘zgarishi sabablari juda yaxshi ma’lum, ammo uning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari, masalan, kelajakda majburiy migratsiya ko‘lami haqida hozircha gapirib bo‘lmaydi. Ko‘pgina mustaqil hisob-kitoblar mavjud, ammo iqlim isishi sababli yashash joyidan ko‘chib ketishga majbur bo‘ladigan odamlarning sonini hisoblash uchun hali ham umumiy qabul qilingan yagona usul yo‘q.

Masalan, Ichki migratsiyani o‘rganish xalqaro markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yilda 17,2 million kishi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan ofatlar sababli uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Jahon bankining taxminlariga ko‘ra, agar hukumatlar vaziyatni o‘zgartirish uchun jiddiy choralar ko‘rmasa, 2050-yilga borib dunyoning uchta mintaqasidagi ichki iqlim muhojirlari soni 143 millionga yetadi. O‘zgarishlar iqtisodiyotga ta’sir qiladi: McKinsey Global instituti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, sayyoraning o‘rtacha yillik harorati ko‘tarilishi xodimlarning ishchanligiga, infratuzilma, oziq-ovqat va tabiiy resurslarga ta’sir qiladi.

Yangi tadqiqotda Martin Sheffer boshchiligidagi xalqaro antropologlar guruhi kelajakdagi migratsiya ko‘lamini hisoblashda yangi yondashuvni taklif qildi. Hisoblash odamning “ekologik joyini” qidirish va uning iqlim o‘zgarishi natijasida qanday o‘zgarishini tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.

Iqlim isishi odamning “ekologik joyi”ni o‘zgartiradi va ommaviy migratsiyani yuzaga keltiradi

Biologlar hayvonlar va o‘simliklarning “ekologik joyi” haqida gapirganda, odatda u yoki bu tur yashaydigan zarur atrof-muhit omillarining yig‘indisi nazarda tutiladi. Shu jumladan, albatta, iqlim ham hisobga olinadi. Ijtimoiy va texnologik imkoniyatlari tufayli odamlar o‘zlarining “ekologik joylari” chegaralarini sezilarli darajada kengaytirgan va atrof-muhit sharoitlari hayvonlarniki kabi cheklanmagan, ammo odamlar atrof-muhitdan butunlay mustaqil bo‘lib qoldi, deb aytib bo‘lmaydi. Shuning uchun yangi tadqiqot mualliflari odamlar uchun eng qulay va samarali yashash joylari qayerda joylashganligini va iqlim o‘zgarishi ularga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlashga qaror qildi.

Tadqiqotda niderlandiyalik ekologlar tomonidan tuzilgan tarixiy ma’lumotlar bazasiga tayanilgan. Ma’lumotlar bazasida 12 ming yil davomidagi butun sayyoradagi aholi va qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Unda ekiladigan ekinlar, chorva mollari taqsimoti, yalpi ichki mahsulot, o‘tgan va joriy o‘rtacha yillik harorat ko‘rsatkichlari, yog‘ingarchilik va shunga o‘xshash boshqa statistik ma’lumotlar mavjud. Aynan ushbu ma’lumotlar asosida olimlar odamlar uchun tarixan maqbul yashash joyi deb hisoblanadigan zonalarni aniqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi olti ming yildan buyon ko‘pchilik odamlar o‘rtacha yillik harorat Selsiy bo‘yicha 11-15 darajani tashkil etadigan bitta tor iqlim zonasida yashamoqda. Hozirgi qishloq xo‘jaligi ekinlari va chorvachilik, asosan, xuddi o‘sha sharoitlar bilan cheklangan. Insoniyat uchun yana bir qulay harorat 20-25 darajagacha bo‘lib, Hindiston mussonlari ta’siri ostida bo‘lgan Janubiy Osiyo hududiga to‘g‘ri keladi. Bu iqlim mintaqasiga aholi zichligi bo‘yicha ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich to‘g‘ri kelgan. Albatta, ba’zi odamlar sovuqroq va issiqroq hududlarda istiqomat qiladi — shu paytgacha insoniyat shimoldan janubiy qutbga qadar bo‘lgan oraliqda joylashgan. Biroq yuqoridagi ikkita mintaqadan tashqari boshqa barcha mintaqalarda aholi sezilarli darajada ozroq va u mintaqalarda yashash sharoitlari biroz og‘irroq.

Shundan so‘ng tadqiqotchilar Yer aholisi o‘sishining hozirgi sur'ati va haroratning hozirgi tendensiyalari saqlanib qolishi sharoitida sayyora aholisining tarqalishi keyingi 50 yil ichida qanday o‘zgarishini ko‘rsatadigan modelni yaratdi. Ularning hisob-kitoblariga asos sifatida xalqaro iqlim siyosatidagi sezilarli o‘zgarishlarni ko‘zda tutmaydigan ssenariy olingan. Bugungi kunda ba’zi ekspertlar ushbu ssenariyni pessimistik, deb hisoblaydi, chunki bu ssenariy issiqxona gazlari chiqarishni kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni hisobga olmaydi. Ammo agar vaziyat baribir keskin o‘zgarmaydi, deb qabul qilinsa, unda insoniyatning iqlimiy joyi so‘nggi 6 ming yildagiga nisbatan sezilarli darajada o‘zgarishi mumkin.

Tadqiqot mualliflarining hisob-kitoblariga ko‘ra, kelgusi 50 yil ichida o‘rtacha bir yillik harorat Selsiy bo‘yicha 29 darajadan yuqori bo‘lgan hududlarda 3,5 milliardgacha odam yashaydi. Bugungi kunda bunday iqlim Yer yuzasining atigi 0,8 foizida, asosan, Sahroyi Kabir mintaqasida kuzatilmoqda, ammo 2070-yilga borib u 19 foiz hududga tarqalishi mumkin. Olimlarning fikriga ko‘ra, sayyoraning ba’zi qismlarida sharoit yomonlashishi, boshqa qismlarida esa yaxshilanishi odamlarni ko‘chishga undaydi. Agar sayyora aholisi harorat bo‘yicha o‘tgan ming yillikda bo‘lgani kabi taqsimlangan holda qolsa, odamlarning taxminan 30 foizi (bu eng yuqori ko‘rsatkich) boshqa hududlarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.

Shu bilan birga, olimlar guruhi ularning prognozida ko‘plab noaniqliklar mavjudligini ta’kidlagan. Bular, asosan, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha qarorlarning oqibatlari, shuningdek, insoniyatning issiq iqlimga moslashish qobiliyati bilan bog‘liq. Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik uchun qulay sharoitlardan tashqarida joylashgan hududlarda iqtisodiyot qanday rivojlanadi, degan savol ham ochiq qolmoqda. Shu sababli olimlarning ta’kidlashicha, ularning ishlarini migratsiya bo‘yicha bashorat sifatida qabul qilish mumkin emas, aksincha bu bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar haqida ogohlantirishdir.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-05-2020, 08:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 100) ( 0) ( 99) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют