» » Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyoga ajratilgan 370 mln dollarning asosiy qismi O‘zbekistonga nasib etdi

Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyoga ajratilgan 370 mln dollarning asosiy qismi O‘zbekistonga nasib etdi


Jahon banki koronavirusga qarshi kurash chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Markaziy Osiyo davlatlariga 370 million dollar ajratdi. Mablag‘lar favqulodda javob berish global dasturi doirasida ajratilgan, shuningdek, Jahon banki mablag‘lari asosida amalga oshirilayotgan loyihalardan qayta yo‘naltirilgan. Bu haqda bank matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Jahon bankining yordami milliy sog‘liqni saqlash tizimi va birinchi tibbiy yordam samaradorligini oshirish, epidemiologik monitoringni yaxshilash, yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar bilan ishlaydigan tibbiyot xodimlarini tayyorlash kabi keng ko‘lamdagi tadbirlarni amalga oshirishda qo‘l kelishi kutilmoqda.

Mavzuga doir: Jahon banki 2020-yilda O‘zbekiston YaIMining o‘sish darajasi 1,6 foizga teng bo‘lishini prognoz qildi

Ajratilgan pul mablag‘lari muhim tibbiy uskunalar, ya’ni test tizimlari, laborator reagentlar, reanimatsiya bo‘limlari uchun uskunalar hamda tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalarini xarid qilish uchun ham ishlatiladi.

Bundan tashqari, mazkur mablag‘lar Markaziy Osiyo davlatlarining ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, moliyalashtirish ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha dasturlarni kengaytirish, masofaviy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish va pandemiya oqibatlarini yumshatish bo‘yicha boshqa vazifalarni amalga oshirishda ko‘mak beradi.

“COVID-19 pandemiyasi sababli jahon iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan inqirozga guvoh bo‘lmoqda. Aniqrog‘i, biz Ikkinchi jahon urushidan buyon eng og‘ir iqtisodiy inqiroz arafasida turibmiz. COVID-19’ning oqibatlarini yumshatish uchun mintaqa davlatlari tezkor harakatlanishi kerak. Bunda inqirozdan chiqish jarayonini rejalashtirish va iqtisodiy o‘sishni tiklash bo‘yicha aniq choralar hamda tizimli islohotlarni aniqlashdan boshlash lozim”, — deya ta’kidlagan Jahon bankining Markaziy Osiyodagi yetakchi iqtisodchisi Ivaylo Izvorski.

14-may holatiga ko‘ra, Jahon bankining quyidagi loyihalari Markaziy Osiyodagi COVID-19 oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilmoqda:

O‘zbekiston

Sog‘liqni saqlash milliy tizimini yaxshilash hamda pandemiya oqibatida kelib chiqqan iqtisodiy inqirozdan aziyat chekayotgan ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishiga 95 million dollar ajratildi.

Bundan tashqari, Jahon banki davlat budjetiga soliq tushumlari sezilarli darajada kamaygan va inqirozga qarshi hukumat dasturi doirasidagi xarajatlari o‘sayotgan bir paytda davlat budjetini ta’minlash maqsadida 200 million dollar ajratgan.

O‘zbekistonda tezkor tibbiy yordam tizimini yaxshilash dasturi doirasida 17 million dollar ajratilgan. Ushbu dastur doirasida o‘pkani sun’iy nafas oldirish apparatlari, rentgen apparatlar, infuzion nasoslar, test tizimlari, yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar salomatligini monitoring qilish bo‘yicha uskunalar va boshqalar xarid qilinadi.

O‘zbekistonga eng ko‘p mablag‘ ajratilganligini mamlakatdagi Jahon bankining portfeli Markaziy Osiyosidagi eng katta portfel ekanligi bilan izohlash mumkin. Jahon banki shu paytga qadar O‘zbekistonda 23 ta loyihaga 4,44 milliard dollar ajratgan.

Mavzuga doir: Jahon banki O‘zbekistonni inqirozga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash uchun 1,2 mlrd dollar ajratish masalasini ko‘rib chiqmoqda

Qozog‘iston

Ijtimoiy tibbiy sug‘urtalash dasturini restrukturizatsiya qilish doirasida 236 ta sun’iy nafas oldirish apparatini sotib olish uchun 10 million dollar ajratilgan. Qo‘shimcha sifatida, yana 123 ta sun’iy nafas oldirish apparati hamda boshqa tibbiy uskunalarni sotib olishga 17 million dollar ajratilmoqda.

Tojikiston

Mamlakatga 11,3 million dollar ajratilgan. Ushbu mablag‘ aholiga tezkor yordam ko‘rsatish bo‘yicha imkoniyatlarni kengaytirishga yo‘naltiriladi. Mablag‘lar reanimatsiya bo‘limlari uchun tibbiyot uskunalari, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, test tizimlari va laborator reagentlarni sotib olishga hamda reanimatsiya xodimlarini o‘qitish va COVID-19 profilaktikasi maqsadidagi axborot tadbirlariga yo‘naltiriladi.

Mavzuga doir: Jahon banki Tojikistonda 21 ming nafar odam koronavirusdan vafot etishi mumkinligini taxmin qildi

Qirg‘iziston

Qirg‘iziston kerakli tibbiyot jihozlari, tibbiy yordam mashinalari, favqulodda vaziyatlarga tezkor javob beradigan guruhlar uchun mobil qurilmalar va tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalarini xarid qilish uchun 21 million dollar ko‘mak olgan.

Dunyo bo‘ylab va Markaziy Osiyoda COVID-19 pandemiyasi sabab bo‘lgan iqtisodiy va moliyaviy inqiroz va ishsizlikning kuchayishi natijasida ish haqining pasayishi, narxlarning ko‘tarilishi hamda ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining pasayishi aholining kam ta’minlangan va zaif qatlamlariga ta’sir ko‘rsatdi, deyiladi bank xabarida.

Markaziy Osiyo mamlakatlariga pandemiyaning salbiy iqtisodiy oqibatlarini yumshatishda ko‘mak berish uchun Jahon banki mintaqa mamlakatlari hukumatlari bilan birgalikda vaziyatni baholamoqda hamda resurslarni qayta tashkillashtirish va qayta taqsimlash maqsadida mavjud loyihalarni o‘rganmoqda.

Jahon banki milliy iqtisodiyotlarni qayta tiklash uchun qo‘shimcha mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda. Uning yordami aholi daromadlarini saqlashga, chorvachilik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga, ijtimoiy himoya xizmatlarini ko‘rsatishga, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga va ma’lumotlarni boshqarishga qaratilgan.

Keyingi 15 oy ichida Jahon banki dunyo mamlakatlariga iqtisodiyotlarini tiklashga yordam berish uchun 160 milliard dollarni safarbar qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus sababli yuzaga keladigan iqtisodiy muammolarga qarshi kurashish uchun Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unga 10 trillion so‘m ajratilishi ma’lum qilingan. O‘zbekiston Prezidentining 22-aprelda imzolagan qaroriga ko‘ra, pandemiya oqibatlarini kamaytirish uchun 2020-yilda 3,1 milliard dollar jalb qilish rejalashtirilmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga 375 million dollar miqdorida kredit ajratishga rozilik bergan va buning uchun qo‘shimcha shart qo‘ymasligini ma’lum qilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-05-2020, 22:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 80) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют