» » Qashqadaryoda homiladorlarni tug‘ruqxonaga yetkazish uchun daryodan zambilda olib o‘tiladigan, jin ko‘prikdan yiqilganlar esa nogiron bo‘lib qolayotgan qishloq bor

Qashqadaryoda homiladorlarni tug‘ruqxonaga yetkazish uchun daryodan zambilda olib o‘tiladigan, jin ko‘prikdan yiqilganlar esa nogiron bo‘lib qolayotgan qishloq bor


Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida bemor va homilador ayollar daryodan zambilda olib o‘tiladigan, sel kelganda jin ko‘prikdan o‘taman, deb yiqilib tushgan odamlar esa nogiron bo‘lib qolayotgan qishloq bor.

Bu haqda “Daryo”ga shikoyat qilgan qishloq aholisining aytishicha, mazkur muammo 20 yildan beri yechimini kutmoqda. Ammo tuman rahbarlari bunga e’tiborsiz qaramoqda.

“Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshev mazkur muammoni o‘rganish maqsadida Qamashi tumanining Kaltatoy qishlog‘ida bo‘ldi.

“Dovud” MFY raisi Baxtiyor Boboyorovning aytishicha, hududidagi oltita qishloqni markaz bilan bog‘lovchi yo‘lni sel yuvib ketishi oqibatida aholi qamalda qoladi. “Har sel kelganda qishloq aholisi daryoning bu tomonida qolib ketamiz, hatto o‘zim ham mahalla idorasiga borolmay qolaman”, — deydi MFY raisi.

“Bahor faslida bo‘ladigan takroriy sellar daryoning narigi tomoniga o‘tish uchun mo‘ljallangan yo‘lni yuvib ketadi. Oqibatda Kaltatoy qishlog‘ining yarim aholisi daryoning bu tomonida hayotdan uzilib qoladi”, — deydi aholi vakillari.

Aholining ma’lumot berishicha, sel yuvib ketgan yo‘lni ta’mirlash va foydalanish uchun yaroqli holga keltirish uchun odamlardan pul yig‘ilib, ta’mirlash ishlari bajariladi. Har safar besh millionlab mablag‘ sarflanib, epaqaga kelgan yo‘l sel kelgach, yana sel tagida qoladi.

Odamlar esa yana va yana yo‘lni ta’mirlab, foydalanishda davom etadi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu daryodan o‘tish uchun bundan bir necha yil ilgari aholi kuchi bilan uzunligi qariyb 100 metrga yetadigan ko‘prik qurilgan. Ammo bu ko‘prik ayni kunga kelib foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan. Shu bois ham daryodan sel kelgan payt aholi daryoning narigi tomonida qolishga majbur.

“Sel kelgan kuni ishga borish uchun yo‘l olgan kishilar, maktab o‘quvchilari-yu, biror yumush bilan ko‘chaga otlanganlar seldan o‘tolmay ortga qaytadi. Va sel to‘xtab, yo‘llar sozlanmaguncha harakatlanish to‘xtaydi. Yaxshiyamki, hozir karantin sabab maktablarda o‘qish to‘xtatilgan. Yo‘qsa, ayni kunlarda farzandlarimiz maktabga chiqolmay qiynalayotgan bo‘lardi”, — deydi aholi vakillaridan biri Do‘styor Xushvaqtov.

Do‘styor Xushvaqtovning aytishicha, yaroqsiz ko‘prikdan o‘tishga uringan kishilar ko‘prikdan yiqilib, nogiron bo‘lib qoladi yoki vafot etadi.

“20-30 dan ortiq qishloqdoshlarimiz shu jin ko‘prikdan yiqilib tushishi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan yoki o‘lgan, — deydi Do‘styor Xushvaqtov. — Suyun Rahmatillayev degan qishloqdoshimiz bundan to‘rt yil avval shu ko‘prikdan yiqilib tushib, nogiron bo‘lib qolgandi. Hozir to‘shakka mixlanib yotibdi. Yana bir qishloqdoshimiz esa ko‘prikdan yiqilib tushib, olgan jarohati oqibatida 20 kun oldin vafot etdi”.

2016-yil mazkur ko‘prikdan tushib ketgan fuqaroning aytishicha, olgan tan jarohati natijasida olti oy to‘shakda yotgan.

“2016-yil shu ko‘prikdan tushib ketgandim, olti oy to‘shakka mixlanib yotdim. Shukurki, davolanib oyoqqa turdim. Ammo menga o‘xshab ko‘prikdan yiqilganlarning aksariyati yo nogiron bo‘lib qolgan yoki o‘lgan”, — deydi O‘ral Tursunov.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan aholi vakillarining qo‘shimcha qilishicha, hududga tez yordam mashinasi kirolmaydi. Homilador ayollarning tug‘ruq vaqti yetsa yoki tobi qochsa, daryodan zambilda o‘tishga majbur bo‘ladi.

“Haftalab yomg‘ir yog‘ib, sel to‘xtamasa, bemor va homilador ayollarni daryodan zambilda olib o‘tamiz, — deydi hududdagi Changak QVP feldsheri Botir Ochilov. — Joriy yil boshidan ayni kunga qadar seldan o‘tishda yiqilib tushgan ikki nafar ayolning homilasi tushdi. Uch nafarini esa zo‘rg‘a olib o‘tib, tug‘ruqxonaga yetkazganmiz”.

“Bundan 20 kun ilgari bir do‘stimning homilador ayolini shifoxonaga olib borish maqsadida olti-yetti kishi bo‘lib, zambilda seldan o‘tkazayotgandik. Shunda bir do‘stimning oyog‘i suvdagi toshga sirpanib ketdi. Zambildagi homilador ayol ham bir tomonga yiqildi. Shu sabab bo‘lib ayol homilasidan ajraldi”, — deydi Dilshod Ibragimov.

Aholi va tibbiyot xodimlarining aytishicha, bundan 20 kun avval ushbu ko‘prikdan tushib ketgan fuqaro olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.

“Ko‘prikni tuzatish uchun yana qancha odam o‘lishi va nechta ayolning homilasi tushishini kutishimiz kerak, — deydi qishloq oqsoqollaridan biri Fayzulla bobo Elmanov. — Muhtaram Prezidentimiz rahbarlarga ‘xalqqa quloq sol, muammosini hal qil’ deb takror-takror aytmoqda. Ammo tumanimiz rahbarlari bizni eshitmayapti. Prezidentga yuborayotgan arizalarimiz esa Shavkat Mirziyoyevga yetib bormayapti.

Aytilishicha, qishloq aholisi mazkur ko‘prik muammosini hal qilish uchun 2014-yil Prezidentga murojaat qilgan. Mazkur murojaatga javob yozgan Qamashi tuman hokimligi ko‘prik 2015-yil qurib berilishini ta’kidlagan. Biroq 2017-yilgacha muammoga e’tibor qaratilmagan. 2017-yil aholi mutasaddi tashkilotlarga takroriy murojaat yo‘llagach, bu safar ko‘prik qurish ishlari 2018-yilga rejalashtirilgani ma’lum qilingan. Ammo 2020-yil ham o‘tib bormoqdaki, va’da va’daligicha qolgan.

“2014-yil Prezidentga murojaat qilishdan boshlagandik. Tuman hokimligi mas’ullari kelasi yil qilib beramiz, endi dasturga tushdi, deb olti yildan beri aldab kelmoqda. 2019-yil oxirida tuman hokimi Sherali Sanayev ham kelib, 2020-yil 1-yanvardan ko‘prik qurilishi boshlanishini aytgandi. Ammo aytilgan gap bajarilmadi”, — deydi qishloq oqsoqollaridan biri Nurmamat bobo Davlatov.

Suhbatdoshlarning aytishicha, yillar davomida aholiga noqulaylik tug‘dirib kelayotgan sel ular yashayotgan xonadonlarga ham xavf tug‘dirmoqda.

“Sel daryo qirg‘og‘ini yuvib ketishi oqibatida qirg‘oq yemirilib, aholi uylariga yaqinlashib qolgan. Ikki-uchta xonadon vakillari seldan qo‘rqqanidan uylarini buzib olib, ko‘chib ketdi. Sel yana 21 ta uyga xavf solmoqda”, — deydi Nurmamat bobo Davlatov.

“Uyimizga olib boruvchi yo‘lni sel yuvib ketgani va jarlik hosil bo‘lgani uchun hovlimizga narvon orqali chiqamiz, — deydi Dilshod Ibragimov. — Uyga mehmon kelsa, ular ham shu narvon orqali hovlimizga o‘tadi”.

Qamashiliklar hasratini tinglab, ular istiqomat qilayotgan hudud sharoitini o‘rganish davomida aholining sabriga qoyil qoldik. Shunday sharoitga ko‘nikib, yillar davomida lom-mim demasdan, sabr qilib yashayotgan aholining bir gapi bizni ta’sirlantirdi.

“Tuman rahbarlari kelib, ‘mana ko‘prik qurilishini boshladik, biz texnikasini olib kelamiz, sizlar esa qurilish materiallarini olib kelasiz, birgalashib ko‘prik quramiz’ deyishsa ham biz jim qarab turmaymiz. Ularning yonida yelkadosh bo‘lib, ko‘prikni birgalikda quramiz”.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-05-2020, 07:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 88) ( 0) ( 88) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют