» » Haftalik dayjest: 1,5 trillionlik zarar va 40 millionlik yordam, kuyovning kartasi, “-ov” va “-yev”ni o‘chirish aksiyasi

Haftalik dayjest: 1,5 trillionlik zarar va 40 millionlik yordam, kuyovning kartasi, “-ov” va “-yev”ni o‘chirish aksiyasi


May oyining ikkinchi haftasi dayjestiga ham yetib keldik. Sardoba suv ombori o‘pirilishidan keyingi talafotlarni bartaraf etish, qisqartirilayotgan karantin qoidalari va o‘zbek tili atrofidagi muhokamalar haqidagi haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.

Yil halokati bo‘lgan Sardoba suv omborining o‘pirilishi qancha ziyon keltirgani hisoblab chiqildi. Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarining jami 32 381 gektar maydonlari talafot ko‘rgan. Toshqin 10 ta mahalla, 23 ta aholi punktlari hududidagi 4 711 ta turar va 277 ta noturar joy obyektlari, 30 718 gektar ekin maydonlariga zarar yetkazgan. Jami olti nafar fuqaro halok bo‘lgan (ikki nafar ayol, to‘rt nafar erkak). Bir fuqaro bedarak yo‘qolgan.

Hukumat Sardobadagi yo‘qotishlarni bartaraf etish uchun harakatini davom ettirdi. Har bir viloyat Sirdaryoda yuztadan uy qurishi belgilandi. Suv toshqinidan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga prezident nomidan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirildi. Prezident uylar bepul qurib va ta’mirlab berilishini ma’lum qildi. Odamlar 1-sentabrgacha uylariga ko‘chib kirishlari mumkin bo‘ladi. Alisher Usmonov ajratgan 10 mln dollar ham kompensatsiyaga sarflangan.

“Yuksalish” harakatining hisob-kitobiga qaraganda, Sardoba halokati oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat g‘aznasidan 1,5 trln so‘mlik mablag‘ ajratiladi.

Sardoba yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, 170 dan ziyod shaxslar tergov qilinmoqda. Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, to‘rtta asosiy tergov taxmini mavjud:  loyihalashdagi xatoliklar, qurilish me’yorlariga rioya etmaslik, ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar, tabiiy ofat.

***

Kundan kunga koronavirusdan sog‘ayganlar soni ko‘payib borayotganini kuzatgancha “virus uncha xatarli emas ekan” degan xayolga borayotganlar soni ham tobora oshmoqda. Darhaqiqat, davlat karantin choralarni bosqichma-bosqich yumshatyapti. Viloyatlar “yashil”lashib bormoqda. Yaqin orada jamoat transportlari ham qatnashni boshlaydi.

Uzbekistan Airways 18-maydan boshlab Toshkentdan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga amalga oshiriluvchi aviaqatnovlar (borish va qaytish) vaqtlarini e’lon qildi, deb yozmoqda Telegram’dagi @davletovuz kanali. Prezident Respublika komissiyasiga bergan topshiriqqa binoan Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga poyezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, shaharlar ichida shaxsiy avtomobillar harakati bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish masalasi o‘rganilmoqda. Transport, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga bular bo‘yicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.

Biroq hushyorlik qo‘ldan berilmaydi. Samolyot va poyezdlarga yo‘lovchilar virusga tekshirilib chiqariladi. Jamoat joylarida esa masofa saqlash qoidasiga qat’iy amal qilinadi. Chunki ehtiyotsizlik virusning navbatdagi to‘lqinini keltirib chiqarishi hech gap emas. Bu haftada Beeline kompaniyasining 91 nafar xodimi Yuqori Chirchiq karantin poligoniga joylashtirilgani aytildi.

Eng so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, poytaxtda koronavirusdan sog‘aygan bemorlar soni 709, O‘zbekiston bo‘yicha 2 195 nafarga yetdi.

***

Dayjestimizdagi uchinchi xabarni “Kiroyi kuyoving shundoq bo‘lsa”, deb nomladik. “O‘tgan kunlar”ga qaytishimizning sababi bor. Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registrida havola qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, (MChJning STIR raqami Ochiq ma’lumotlar portalida ko‘rsatilgan), Uzcard MChJning 75 foiz ulushiga egalik qilish huquqi jismoniy shaxs Mahmudov Ahror Abrorovichdan boshqa jismoniy shaxs — Tursunov Oybek Batirovich tasarrufiga o‘tgan.

Avvalroq 95 foiz ulushi Oybek Tursunovga tegishli bo‘lgan Promadik Invest kompaniyasi Kapitalbank aksiyalarining 36 foizini sotib olgani haqida xabar bergan edik. Oybek Tursunov prezident Shavkat Mirziyoyevning katta kuyovidir.

***

Bu yili abituriyentlarimizga ham yengillik bo‘ladi. Faqat 20202021-o‘quv yili uchun istisno tariqasida qabul test sinovlari majburiy fanlarsiz, ikkita mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu ikkita mutaxassislik fanlari 2019-yil dekabr oyida belgilangan tartibda tasdiqlanib, keng jamoatchilikka e’lon qilindi. Tabiiyki, infeksiya butunlay bartaraf etilmaguncha abituriyentlarning ming o‘rinlik binolarda 34 soat qolib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan binoda ko‘pi bilan 700 tagacha o‘rin tayyorlanadi, har bir abituriyent uchun uch kv.m joy ajratiladi, sanitariya-gigiyena talablariga binoan ular niqob, qo‘lqop bilan testda ishtirok etishi ta’minlanadi. Abituriyentning tana harorati o‘lchangach, binoga kiritiladi. Binolar kamida to‘rt marotaba dezinfeksiya qilinadi, deb yozmoqda @davletovuz kanali.

***

Bu hafta Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning bayonoti o‘zbekzabon internetni to‘lqinlantirdi. Avvalroq, Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqqanini xabar qilingandi. Mariya Zaxarova rus tilini ko‘pchilik o‘zbeklar xohlayotgani, bu qonun loyihasi tarafdorlari kam ekanini aytgan.

Shundan so‘ng Zaxarovaga javoblar berish boshlandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining fikrlarini O‘zbekiston suverenitetiga bevosita aralashish deb baholadi. Taniqli deputat Rasul Kusherboyev esa O‘zbekistonda davlat tili — o‘zbek tili. Biroq shunga qaramay, ta’lim muassasalarida o‘qitish yetti tilda olib boriladi, shu jumladan, rus tilida. Kamida 11 tilda gazeta va jurnallar chop etiladi. Mamlakatda o‘zbek tili davlat tili sifatida qonuniy hisoblangani uchun rasmiy ishda unga rioya etishda mas’uliyatni oshirish — suveren O‘zbekistonning mustaqil ishi. Hech bo‘lmasa, rasmiy idorada davlat tilida ish yuritilmasa, davlat tilining maqomi qoladimi? O‘zbekiston — rasmiy davlat tiliga ega suveren mamlakat. Qolganlar ham shu suverenlikni hurmat qilishi shart, deb yozdi.

Qonunchilik palatasining yana bir deputati Doniyor G‘aniyev o‘zbek tilining mavqeyini ko‘tarish borasida gapirib, hatto Oliy Majlisda qonun loyihasi rus tilida ishlab chiqilishini tilga oldi va qat’iyroq choralar ko‘rishga chaqirdi.

Mariya Zaxarovaning fikriga e’tirozan ijtimoiy tarmoqning o‘zbek tilli foydalanuvchilari o‘z ism-shariflaridan “-ov” va “-ev” qo‘shimchalarini olib tashlay boshladi.

Daryo yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-05-2020, 10:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 84) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют