» » Chiroqchiga kelgan sel 32 ta xonadonga talafot yetkazdi. 2 ta uy esa qulab tushdi

Chiroqchiga kelgan sel 32 ta xonadonga talafot yetkazdi. 2 ta uy esa qulab tushdi


Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Qizilchovra qishlog‘iga kelgan sel 32 ta xonadonga talafot yetkazdi. Ikkita uy esa qulab tushdi. Bu haqda “Daryo”ga ma’lum qilgan aholi vakillarining so‘ziga ko‘ra, voqea joriy yil 8-may kuni kech soat 20:00 da sodir bo‘lgan.

“Kechki payt 19:30 da do‘l aralash jala yog‘a boshladi. Soat 20:00 ga borib esa qishloqqa sel keldi. Sel dastlab hovlimizga sizib kirdi. Hovliga kirgan suvning balandligi yarim metrga yetdi”, — deydi uyiga suv kirgan fuqaro Sunnat Tovsharov.

Sunnat Tovsharovning aytishicha, otasi yashayotgan uy sel oqibatida qulab tushgan.

“Otamni uydan o‘z vaqtida olib chiqqan ekanmiz. Yo‘qsa, ichkarida qolib ketarkan”, — deydi Sunnat Tovsharov.

Qizilchovra qishlog‘ida yashovchi Nargiza Boyjigitovaning aytishicha, seldan xabar topib hududga kelgan Favqulodda vaziyatlar hamda Yong‘in xavfsizligi xodimlari aholiga yordam berishga ojizlik qilgan.

“Uyimizga suv toshdi. Yordamga kelgan xodimlarga ‘hovlidagi suvni chiqarishda yordam bering’ deya qancha aytmaylik, yordam berisholmadi”, — deydi Nargiza Boyjigitova.

Aholi vakillarining ma’lum qilishicha, mazkur sel jala oqibatida yuzaga kelgan bo‘lib, qishloqdagi fermer xo‘jaligi dalasidan aholi xonadonlariga kirib borgan.

“Fermerlar ekin maydoni oldidagi zovur o‘z vaqtida tozalanmagani bois, ekin maydonidan tushgan suv zovurdan toshib, to‘g‘ri biz yashayotgan uylarga keldi va xonadonlarimizni suv bosdi”, — deydi aholi vakillari.

Favqulodda vaziyatlarning tuman bo‘linmasi boshlig‘i Ozodbek Jahbarovning tasdiqlashicha, sel aholi xonadonlariga, haqiqatan, fermer xo‘jaliklari dalasidan kirgan.

“Aholi xonadonlari fermer dalasidan pastda joylashgani, qolaversa zovur to‘lib ketgani bois daladagi suv aholi xonadonlariga kirib kelgan. Va 32 ta xonadonga talafot yetkazgan. Ikkita uy esa qulab tushib, yashash uchun xavfli holatga kelgan”, — deydi Ozodbek Jahbarov.

Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ulining qo‘shimcha qilishicha, aholining yashash uylaridan tashqari oshxona, molxona va qo‘shimcha binolari ham qulab tushib, ekin maydonlari loyqa suv ostida qolgan.

Yashash uyi qulab tushgan Shobdulla Mengliyevning aytishicha, sel kechki payt soat 20:00 da kela boshlagan bo‘lsa, uy devorlariga zarar yetishi oqibatida tongda, taxminan 03:00 larda qulab tushgan.

“Hamma joyni suv bosib ketgani bois, 75 yoshli otam va onamni kasal bo‘lishiga qaramasdan tashqariga olib chiqdik. Ularni boshqa uyga olib kirdik. Ammo boshqa uyimizni ham suv bosdi. Hamma joy loyqa suv bo‘ldi. Katta uyimiz esa tong azon soat 03:00 da gursillab quladi”, — deydi Shobdulla Mengliyev.

Ma’lum bo‘lishicha, qishloqda qulab tushgan har ikki uy ham 1990-yillarda qurilgan uylar bo‘lgan.

Uyi qulab tushgan 75 yoshli Cho‘lbuvi momo Boynazarovaning aytishicha, uysiz qolgach, qo‘shnisining uyidan qo‘nim topgan.

“Bir haftadan beri uysiz, qarovsiz qolib ketdim. Bobo katta o‘g‘limnikida yashayapti. Men esa uyimni ko‘rib turishim kerakligi uchun qo‘shnimning qurilishi bitmagan xonasida yashab turibman”, — deydi Cho‘lbuvi momo Boynazarova.

Aholi vakillaridan O‘ktam Dilmurodovning ma’lumot berishicha, bevaqt kelgan sel uning nafaqat uyiga, tomorqasidagi ekinlari-yu, har yili hosil oladigan bananlariga ham zarar yetkazgan.

“Shu uy-joy va tomorqa uchun topgan-tutganimizni sarf qilgandik. Lekin hammasi bir kunda barbod bo‘ldi. O‘g‘lim hali ham Rossiyada yuribdi. Ishlab, pul topib kelaman deb, karantin sabab o‘zga yurtda qolib ketdi. Endi esa bu dard ustiga ustak bo‘ldi”, — deydi O‘ktam Dilmurodov.

Chiroqchi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Sobit Raimqulovning ma’lumot berishicha, mazkur voqeadan xabar topgan tuman hokimi 9-may kuni qishloqqa borgan va seldan talafot ko‘rgan xonadon vakillari bilan suhbatlashgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-05-2020, 15:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 85) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют