» » Jahon hafta ichida. Koronavirusning oshayotgan raqamlari va yevropaliklar uchun ochilayotgan chegaralar. Turkmaniston va Shimoliy Koreya nimani yashirmoqda?

Jahon hafta ichida. Koronavirusning oshayotgan raqamlari va yevropaliklar uchun ochilayotgan chegaralar. Turkmaniston va Shimoliy Koreya nimani yashirmoqda?


Mana may oyining navbatdagi haftasi ham o‘z nihoyasiga yetmoqda. Xo‘sh, bu hafta jahon hamjamiyati uchun qanday yakunlandi? “Daryo” dunyoda yuz bergan muhim voqealar tahlilini diqqatingizga havola etadi.

Mavzuga doir: Jamoatchilik oldida ko‘rinish bergan Kim. Qaysi mamlakatlarda karantin qoidalari yumshatilmoqda? Jahon hafta ichida

COVID-19 pandemiyasidan kasallanish bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilayotgan AQShdan boshlaymiz. O‘tgan hafta mobaynida mamlakatda kasallikni yuqtirganlar soni 1,4 milliondan oshdi. Bu haqda Jons Hopkins instituti tadqiqotlarida ma’lum qilindi. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatda jami 84 ming 985 nafar kishi COVID-19 asoratlari oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.

AQSh ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha ham dunyoda yetakchi bo‘lib turibdi. O‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Buyuk Britaniya egalladi, qirollik hududida 33,6 ming nafar odam hayotdan ko‘z yumdi. Italiya (31,3 ming nafar), Ispaniya (27,1 ming nafar) va Fransiya (27 ming nafar) mos ravishda 3, 4 va 5-o‘rinlarda bormoqda. AQSh va Yevropadan tashqarida eng ko‘p o‘lim holati Braziliyada kuzatildi, Janubiy Amerika mamlakatida 13,5 ming nafar kishi kasallik qurboniga aylandi.

Kasallik sabab AQSh va Xitoy o‘rtasida munosabatlar yanada taranglashib bormoqda. Buni o‘tgan hafta mobaynida AQSh rasmiylari bergan bayonotlardan ham bilib olish mumkin. Jumladan, AQShning bir guruh senatorlari  koronavirus tufayli Xitoyga qarshi sanksiyalar nazarda tutilgan qonun loyihasini taqdim etdi. “Ishonchim komilki, Xitoy kommunistik partiyasi yolg‘onisiz virus AQShda tarqalmagan bo‘lardi”, dedi loyiha tashabbuskorlaridan biri senator Lindsi Grem.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tekshiruv o‘tkazish niyatida bo‘lgan xalqaro ekspertlarni koronavirus tarqalishi boshlangan Uxan laboratoriyasiga kiritishdan bosh tortdi. “Ishonchim komilki, Xitoy uni majbur qilishmaguncha hech qachon jiddiy tekshiruvlar doirasida hamkorlik qilmaydi”, deya qo‘shimcha qildi u. Prezident Tramp esa kerak bo‘lsa diplomatik aloqalarni butunlay to‘xtatib qo‘yish mumkinligini ham istisno etmadi. “Biz Xitoyga nisbatan qo‘llash mumkin bo‘lgan taqiq va cheklovlar juda ko‘p. Diplomatik munosabatlarni butunlay uzib qo‘ysak ham bo‘lardi”, — dedi Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

AQSh hukumati SARS-CoV-2 koronavirus infeksiyasi Uxandagi laboratoriyada ishlab chiqilgan va shaharning epidemiya o‘chog‘iga aylanishi sababi ham shu deb hisoblamoqda. AQSh Xavfsizlik vazirligi hisobotida Xitoyning epidemiya ko‘lami kengayishini yashirgani va kasallik xavfi haqida ogohlantirmaganini qayd etildi. Vaziyatning jiddiyligini sir tutgan XXR keyinchalik tibbiyot buyumlari importini oshirib, eksportni qisqartirgan, deyilgandi Associated Press xabarida. Fox News esa manbalariga tayanib, Uxanda kasallikni birinchi bo‘lib yuqtirib olgan kishi shahardagi laboratoriya xodimi bo‘lganini xabar qildi.

Kasallik tez tarqalayotgan ikkinchi davlat Rossiya bo‘lib turibdi. Mamlakatda hafta oxiriga kelib sutkalik kasallikni yuqtirib olganlar soni 9 200 nafarni tashkil qilgan. Vafot etganlar esa 119 ta bo‘ldi. Mamlakatda kasallanganlar soni o‘tgan hafta davomida 272 ming nafardan oshdi. So‘nggi sutkada 4 940 kishi, epidemiya boshlanganidan buyon esa jami 63 166 kishi koronavirusdan sog‘aygan. Mamlakatda kasallikdan vafot etganlar 2,5 mingdan oshiqni tashkil qilmoqda. Kasallanish hukumat a’zolarida ham qayd etilgan. Bosh vazir Mixail Mishustin ortidan prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham koronavirusni yuqtirib olgani ma’lum qilindi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, unda koronavirus infeksiyasi deyarli har kungi rejimda o‘tkaziladigan testlardan birining natijasi orqali aniqlangan. “Testdan keyingi birinchi kuni hech qanaqa kasallik belgilari kuzatilmadi, keyinroq tana haroratim 37 darajadan biroz ko‘tarildi”, — deydi Peskov. Prezident matbuot kotibi ikki-uch kun uyda yotganidan keyingina shifoxonaga borganiga aniqlik kiritdi.

“Bugungi kunda pnevmoniya bilan kasallanganlar ham uyda davolanyapti, masalan, bir tomonlama bo‘lsa… Ikki tomonlama bo‘lganda esa tanlov yo‘q. Bu yerda yana bir muhim jihat shundaki, sening o‘pkangni virus kabi organizming ham yemirishni boshlaydi”, — deydi Peskov.

Rossiyada kasallanganlar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, undan vafot etayotgan bemorlar soni ancha past. Ammo bu ko‘rsatkichga shubha bilan qarayotganlar ham yo‘q emas. Jumladan, NYT gazetasi e’lon qilgan maqolada shu haqida so‘z boradi.  NYT Moskva va Rossiyaning boshqa hududlarida koronavirus oqibatida vafot etayotganlar soni rasmiy statistikadan ko‘p bo‘lishi mumkinligi haqida maqola chop etdi. Xususan, gazeta mustaqil demograf Aleksey Rashkinning so‘zlarini keltirib o‘tdi.

Rashkin Moskvada koronavirus qurbonlarining qariyb 70 foizi ro‘yxatga olinmayotgani, Rossiyaning boshqa mintaqalarida ushbu ko‘rsatkich 80 foizga tengligini ma’lum qildi. Shuningdek, maqolada Rossiya prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasi katta ilmiy xodimi Tatyana Mixaylovaning bayonoti keltirilgan bo‘lib, unda Moskvada aprel oyida o‘lim ko‘rsatkichlari o‘tgan o‘n yillikda kuzatilgan o‘lim holatlaridan ancha yuqori ekani qayd etilgan. “Bir narsa aniq: koronavirus qurbonlari soni rasmiy ma’lumotlardan qariyb uch barobarga ko‘p bo‘lishi mumkin”, — deydi Mixaylova.

The New York Times gazetasi Rossiyada koronavirus qurbonlari soni kamaytirib ko‘rsatilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirilgan maqola mazmuniga shubha qilinishiga hech qanday asos ko‘rmaganini ma’lum qildi.

Mart oyida kasallik o‘chog‘iga aylangan Yevropa mamlakatlari esa o‘tgan hafta davomida karantin bilan bog‘liq cheklovlarni yumshatish va olib tashlash bo‘yicha dastlabki qadamlarni tashladi. Italiya, Fransiya kabi davlatlar bir qator sohalarning qaytadan ishga tushirilishini ma’lum qildi.  Fransiyada dam olish kunlari plyajlar ish boshladi. Mamlakatda rasman 11-maydan karantin talablarini bekor qilish boshlangan. Italiya esa 3-iyundan boshlab mamlakat chegaralarini yevropaliklar uchun ochishni rejalayotganini ma’lum qildi. Ispaniyada esa cheklovlar uzaytirilishi ma’lum qilindi.

Germaniyada aholi koronavirus tufayli ko‘rilgan choralarga nisbatan norozilik namoyishlari o‘tkazmoqda. 16-may kuni butun mamlakat bo‘ylab turli qatlam vakillaridan tashkil topgan minglab kishilar karantin cheklovlariga nisbatan norozilik namoyishlarini o‘tkazdi. Jumladan, Shtutgartda 2 ming kishi ko‘chaga chiqqan.

Sloveniyada esa epidemiya nihoyasiga yetgani ma’lum qilingan va mamlakat chegaralarini ochishni rejalashtirmoqda. Avstriyada esa juma kunidan boshlab restoran va vencha kafelar ochilgan. Vatikanda avliyo Pyotr ibodatxonasi dushanba kunidan boshlab ochilishi rejalashtirilmoqda.

Osiyoda esa yaxshi yangilik. Malayziya hukumati salkam ikki oylik tanaffusdan so‘ng mamlakat masjidlarida juma namozlarini o‘qishga ruxsat bergan. Kasallik nisbatan kech “aniqlangan” Tojikistonda ahvol ko‘rinishidan yaxshiga o‘xshamayapti. Mamlakatda kasallanganlar soni ming kishiga yaqinlashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bir oy mobaynida koronavirusdan 23 nafar shifokor vafot etgani haqidagi xabarlar va ularning ro‘yxati taqdim etilgan “qora xatlar” paydo bo‘ldi.

Kasallik rasman tasdiqlanmagan Turkmaniston hamda Shimoliy Koreyadan shubhali xabarlar tarqalishda davom etmoqda. Bloomberg’ning yozishicha, amerikalik harbiylar Shimoliy Koreyada koronavirus bilan kasallanganlar borligini taxmin qilmoqda. Seuldagi Koreya universiteti professori Kim Sin Gonning ma’lum qilishicha, KXDR chegaralari yopilguniga qadar 2019-yilning oxirida Xitoy bilan chegara yaqinida yuzlab kasallik holatlari aniqlangan.

Bu ma’lumotning qanchalik ishonchli ekani esa noma’lum. Shuningdek, KXDR epidemiyaga qarshi kurash uchun boshqa davlatlardan yordam qabul qilishga rozi bo‘ldi. Sinxua agentligining xabar berishicha, Xitoy Shimoliy Koreya bilan epidemiyaga qarshi hamkorlikni kuchaytirishga tayyor. KXDR haqidagi yangiliklarga ixtisoslashgan NK News nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Pekin Pxenyanga koronavirusni aniqlovchi test tizimlarini jo‘natdi. Rossiya ham KXDRga o‘z yordamini taklif qildi.

KXDRda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday tus olayotgani oxirigacha ma’lum emas. Bunda bilvosita belgilar mamlakatda turli cheklovlar joriy qilinganini ko‘rsatmoqda. Bloomberg’ning yozishicha, Xitoy va KXDRning 1 420 kilometrli chegarasida savdogarlar yillar davomida noqonuniy mahsulotlarni olib o‘tgan hududlar mavjud. Agentlikning taxminiga ko‘ra, mazkur kishilar infeksiyaning KXDRdagi tarqatuvchilari bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Xronika Turkmenistana” nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmanistonning Ashxobod shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga viloyat tibbiyot muassasalaridan COVID-19 bilan kasallangan bemorlar kelmoqda. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi hafta davomida o‘limlar soni ham keskin ortgan. Xususan, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Toshhovuzdan koronavirusga chalingan ikki ayol keltirilgan. Mart oyi boshlarida esa u yerda koronavirusga tahlil natijalari musbat chiqqan kamida ikki turkmanistonlik davolangan.

Mamlakatda rasman kasallik qayd etilmagan. Hatto, mamlakatda koronavirus haqida gapirish ham taqiqlab qo‘yilgan.

Koronavirus pandemiyasi soyasida boshqa xabarlar e’tiborsiz qolib ketayotgandek tasavvur paydo bo‘lmoqda. Mazkur haftada qo‘shni Afg‘onistonda mudhish terroristik harakat amalga oshirildi. 12-may kuni jangarilar Kobuldagi tug‘ruqxonaga qurolli hujum qilib, u yerda 16 kishini o‘ldirdi. Vafot etganlar orasida onalar va bolalar borligi ma’lum qilindi. Hukumat hodisada “Tolibon” harakatini ayblayotgan bo‘lsa-da, ammo harakat buni tan olmadi.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligining xabariga ko‘ra, xudkush terrorchilar harbiy kiyimda bo‘lgan va ularning hammasi yo‘q qilingan. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani kuch ishlatar tizimlarga terrorchilarga tezkor javob hujumi uyushtirishni buyurdi. Afg‘onistonning birinchi vitse-prezidenti Amrillo Solih ham ushbu hujum ortida “Tolibon” harakati va ularning ittifoqchilari turganini qayd etdi. Fevral oxirida AQSh hamda “Tolibon” harakati uzoq davom etgan muzokaralardan keyin hududda o‘t ochmaslik haqida kelishib olgan edi va Afg‘oniston hukumati bilan ham bu borada muzokara olib borilishi ma’lum qilingandi.

Kelishuvning asosiy shartlariga ko‘ra, ikki tomon asirlar almashinuvini amalga oshirmoqda. Kelishuv imzolangach, Kobul qamoqxonalaridagi “Tolibon” harakati a’zolarini ozod qilish boshlandi. 2-mayda Pul-e Charxi qamog‘idan tashkilotning 100 ga yaqin a’zosi ozodlikka chiqarilgandi.

So‘nggi haftada qo‘shni Turkmanistonda ijtimoiy ahvol ancha taranglashdi. Bunga asosan mamlakatda kuzatilgan tabiiy ofatlar natijlarini bartaraf etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilishi sabab bo‘lgan. Turkmanistonning Lebop viloyati markazi bo‘lgan Temiryo‘l tumanida hukumat 27-aprel, 4 va 13-may kunlari yopirilgan dovul oqibatlari bartaraf etmayotgani tufayli mahalliy aholi norozilik namoyishiga chiqdi. Turkmen.news ushbu nozorilik chiqishining ayrim tafsilotlarini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, norozilik chiqishida mingga yaqin aholi ishtirok etdi. Ularning aksariyati ayollar va bolalardir. “Erkaklar qo‘rqishadi. Ularni darhol olib ketishadi, ayollarga, ayniqsa, bolalilarga esa odatda tegishmaydi”, degan nashrga ma’lum qilingan manbalardan biri.

Bundan tashqari, mamlakatda oziq-ovqat taqchilligi ham yuzaga kelmoqda. O‘tgan hafta mobaynida non hamda mevaga uzundan uzoq navbatlar paydo bo‘layotgani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi. Mamlakatda hamon koronavirus kasalligi rasman tan olinmadi, biroq yuqorida aytganimizdek, kasallik mavjud bo‘lsa va mamlakatda karantin tartibi o‘rnatilsa, xalqni juda og‘ir kunlar kutib turganini taxmin qilish mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-05-2020, 17:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 59) ( 0) ( 58) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют