» » Namanganda Sardobadagi falokatdan so‘ng suv omborlarining holati to‘liq o‘rganib chiqildi

Namanganda Sardobadagi falokatdan so‘ng suv omborlarining holati to‘liq o‘rganib chiqildi


Namanganda Sardobadagi falokatdan so‘ng suv omborlarining holati to‘liq o‘rganib chiqildi. Bu haqda viloyat suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Umarov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.

Viloyatda jami 9 ta suv ombori mavjud. Ulardan eng yirigi Chust tumanidagi Rezaksoy suv ombori (loyihaviy sig‘imi 300 million metr kub) bo‘lsa, eng kichigi Kosonsoy tumanidagi Qorasuv suv ombori (6,3 million metr kub) hisoblanadi.

“Sardobada yuz bergan falokatdan so‘ng Namangandagi barcha suv omborlari va dambalar holati mutaxassislarimiz tomonidan ‘Davsuvxo‘jaliknazorat’ inspeksiyasi hamda FVV xodimlari bilan hamkorlikda birma-bir o‘rganib chiqildi. Har bir suv omborida texnogen va favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda xabardor qilish tizimi ishlab chiqilgan. Ular aholini ogohlantiruvchi sirenalar bilan jihozlangan, aloqa vositalari va qo‘shimcha elektr ta’minoti bilan ta’minlangan”, — deydi Jahongir Umarov.

Umarovga ko‘ra, suv omborlarida bahor va yoz oylarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan sel-toshqin suvlarini ushlab qolish imkonini beruvchi “zaxira sig‘im” yaratiladi, ya’ni suv ombor havzasida bo‘sh joy qoldiriladi. Masalan, Namangandagi suv omborlarining umumiy sig‘imi 440,7 million metr kub bo‘lsa, hozirda ularda 202 million metr kub suv yig‘ilgan.

Shuningdek, Namangan shahridagi G‘irvonsoy, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Qandiyon, Qizsoy va Gaiston, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Kengkulsoy, Chortoq tumanidagi Beshtol va Qoramurut, Uychi tumanidagi Sassiqsoy — jami 8 ta sel ombori viloyat aholisi va turli obyektlarni sel suvlaridan himoya etish uchun xizmat qilmoqda.

“Namangandagi suv omborlari soy o‘zanlarida joylashgan va ular tekislikda joylashgan suv omborlariga qaraganda ancha xavfsiz sanaladi. Chunki o‘zandagi suv omborlarining uch tomoni tabiiy damba — qir-adirlik yoki tog‘-toshlardan iborat. Shunday bo‘lsa ham viloyatdagi suv omborlari, ulardagi gidrotexnik inshootlarning texnik holati doimiy nazoratda. Dambalar va qirg‘oqlar holati bo‘yicha muntazam kuzatuv ishlari olib borilib, ulardagi har bir o‘zgarish qayd qilib borilmoqda”, — deydi Jahongir Umarov.

Ma’lumot uchun, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat tufayli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan; hodisa oqibatida kamida 56 kishi turli darajada tan jarohati olgan, toshqin zonasida qolib ketgan yuzlab odamlar qutqarilgan.

Voqea yuz bergan kuniyoq Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga yetib bordi. U suv toshqini oqibatlarini ko‘zdan kechirdi, ofatdan jabrlangan aholi bilan muloqotda bo‘ldi, sharoit yaxshilanmagunicha hech bir rahbar hech qayerga ketmasligini ta’kidladi. Allaqachon qayta tiklanishi boshlangan to‘g‘onni bir necha bor borib ko‘rdi, ish jarayoni bilan tanishdi. To‘g‘onning yorilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-05-2020, 20:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 93) ( 0) ( 91) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют