» » Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi


Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kristalina Georgiyeva o‘z maktubida virus tarqalishiga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash sohasiga xarajatlarni oshirish, aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekiston Prezidenti tomondan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar inqiroz ta’sirini yumshatishga xizmat qilishini ta’kidlagan.

XVJ rahbari O‘zbekitonga taqdim etish uchun joriy haftada ma’qullangan imtiyozli kredit Jahon banki guruhi va Osiyo taraqqiyot bankining ko‘magi bilan birgalikda bugungi sharoitda yuzaga kelgan moliyaviy ehtiyojlarni qondirish imkonini berishini qayd etib o‘tgan.

Pandemiya sharoitida O‘zbekistonda faol va ochiq bozor iqtisodiyotini shakllantirish bo‘yicha o‘rta muddatli maqsadlarga erishish yo‘lidagi islohotlar davom ettirilayotgani jamg‘arma direktorini ruhlantirishi bildirilgan.

Shuningdek, Kristalina Georgiyeva keyingi yillarda O‘zbekiston va XVJ o‘rtasida erishilgan yuqori darajadagi hamkorlikka tayangan holda zarur maslahat va texnik ko‘makni taqdim etish, mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda moliyaviy yordam orqali O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanligini bildirgan.

Quyida maktubning to‘liq matni taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janoblari!

COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlari butun dunyo hamjamiyatiga ta’sir qilayotgan bugungi favqulodda sharoitda men mamlakatingizdagi qiyinchilik va xatarlarni yengib o‘tishda O‘zbekiston xalqi bilan birdam ekanimni bildirmoqchiman. Virus tarqalishiga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash sohasiga xarajatlarni oshirish, aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida siz tomondan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar inqiroz ta’sirini yumshatishga xizmat qiladi.

Xalqaro valyuta fondining Ijroiya kengashi joriy haftada ushbu g‘oyat mushkul vaziyatda O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak taqdim etishni ma’qullaganidan mamnunman. Ushbu yordam Jahon banki guruhi va Osiyo taraqqiyot bankining ko‘magi bilan birgalikda bugungi sharoitda yuzaga kelgan moliyaviy ehtiyojlarni qondirish imkonini beradi.

Bugungi kunda sizning butun sa’y-harakatingiz, tabiiyki, koronavirus oqibatlarini yengib o‘tishga qaratilgan. Ayni paytda shunga qaramay, O‘zbekistonda faol va ochiq bozor iqtisodiyotini shakllantirish bo‘yicha o‘rta muddatli maqsadlarga erishish yo‘lidagi islohotlaringizni davom ettirayotganingiz meni ruhlantiradi.

Keyingi uch yil davomida sizning rahbarligingizda O‘zbekiston miqyosi keng, shu jumladan, savdoni, narx shakllanishi va valyuta ayirboshlash kursini liberallashtirish, davlat moliyasi va uni boshqarishdagi salohiyatni mustahkamlash, moliya sektori va ishbilarmonlik muhitini isloh qilish bo‘yicha misli ko‘rilmagan yangilanishlarni boshladi.

Ushbu islohotlar O‘zbekistonning mintaqaviy va global iqtisodiyotga yanada integratsiyalashuviga, yanada yuksak, barqaror va inklyuziv taraqqiyotga erishishiga xizmat qiladi.

Bugungi sharoitda islohotlarni amalga oshirish yo‘lida mavjud barcha xatarlarga qaramay, siz iqtisodiyotni transformatsiya qilish bo‘yicha siyosatingizni qat’iy davom ettirishingizga ishonaman.

Shu munosabat bilan ishontirib aytamanki, keyingi yillarda O‘zbekiston va XVF o‘rtasida erishilgan yuqori darajadagi hamkorlikka tayangan holda zarur maslahat va texnik ko‘makni taqdim etish, mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda moliyaviy yordam orqali O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyormiz.

Men Jahon bankining ijrochi direktori bo‘lgan davrdagi hamkorligimizni va shu asnoda Toshkentga tashrifimni iliqlik bilan eslayman. Mening bugungi kundagi vazifamda ham yaqindan hamkorlik qilishimizga umid qilaman.

Eng ezgu tilaklar ila,

Kristalina Georgiyeva, Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 18-may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi direktorlar kengashi tomonidan koronavirus pandemiyasining mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirlarini yumshatish maqsadida O‘zbekistonga 375 million dollar ekvivalentidagi imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishi ma’qullandi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistonga kredit ajratishga rozilik bergani haqida 23-aprel kuni bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qilgan edi.

Keyinroq moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov Xalqaro valyuta jamg‘armasi 375 million dollar miqdorida kredit ajratishda O‘zbekistonga qo‘shimcha shart qo‘ymasligini ma’lum qilgandi. Kredit ajratishda XVJ O‘zbekistondan uning ko‘magida amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirishni so‘ragan.

Mavzuga doir:



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-05-2020, 18:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 65) ( 0) ( 64) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют