» » Mahalla vazirligi Oqqo‘rg‘onda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari o‘g‘irlanishi holatiga izoh berdi

Mahalla vazirligi Oqqo‘rg‘onda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari o‘g‘irlanishi holatiga izoh berdi


Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Oqqo‘rg‘ondagi homiylik mablag‘larining o‘g‘irlangani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-apreldagi 213-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi, fondning hududiy bo‘linmalari, xususan, “Mahalla” fondi Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tashkil etilgan. Shunga ko‘ra, 23-aprel kuni OATB “Mikrokreditbank” Oqqo‘rg‘on filialida “Mahalla” fondining Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasining maxsus hisob raqami ochilgan.

Jamg‘armaga kelib tushgan xayriya mablag‘larining sarflanishiga doir tegishli hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlanishicha, xalq deputatlari Oqqo‘rg‘on tumani kengashining 2020-yil 27-apreldagi VI/VII-II-sonli qarorining 5-bandiga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.Alishevga jamg‘armada shakllangan mablag‘lardan maqsadli foydalanish — tumandagi dehqon bozorlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini ulgurji bozor narxlarida xarid qilish uchun jamg‘armaning bankdagi hisob raqamidagi mablag‘larni naqd pul ko‘rinishida olishga ruxsat berilishi belgilangan.

Shuningdek, tuman kengashi qarorining 6-bandida OATB “Mikrokreditbank” Oqqo‘rg‘on tumani filiali boshqaruvchisi A.Hamroyevga jamg‘armada shakllangan mablag‘lardan maqsadli foydalanish yuzasidan tumandagi dehqon bozorlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini ulgurji bozor narxlarida xarid qilish uchun jamg‘armaning bankdagi hisob raqamidagi pul mablag‘larini naqd pul ko‘rinishida taqdim qilishni ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

O‘rganish jarayonida muqaddam fondning Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi katta buxgalteri lavozimida ishlagan fuqaro Bobur Niyozov “Mahalla” fondi Toshkent viloyati bo‘limining 2020-yil 3-yanvardagi 01-k-sonli buyrug‘iga asosan lavozimidan ozod etilganligi aniqlandi.

Oqqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i M.Alishev muqaddam Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tumani kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — “Mahalla” fondining tumani bo‘linmasi raisi lavozimida ishlagan.

Ammo shu vaqtga qadar OATB “Mikrokreditbank” Oqqo‘rg‘on filiali mutasaddilari tomonidan M.Alishev va B.Niyozovning to‘lov topshiriqnomasiga imzo qo‘yish huquqini bekor qilish yoki imzo uchun band solish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilmagan. Buning natijasida “Mahalla” fondining Oqqo‘rg‘on tumani bo‘linmasi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan homiylik va xayriya mablag‘larining muayyan qismi maqsadsiz sarf etilishiga yo‘l qo‘yilgan. Yetkazilgan moddiy zarar M.Alishev tomonidan to‘liq qoplangan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Ta’kidlanishicha, 18-may kuni mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan Moliya vazirligiga 02-06/73-sonli murojaat xati yuborilib, unga ko‘ra, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi nizomining 14-bandiga asosan jamg‘arma mablag‘larining maqsadli ishlatilishi nazoratga olinishida amaliy yordam so‘ralgan.

“Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ushbu salbiy holatni hamda keng jamoatchilik va butun xalqimiz tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘naltirilgan xayriya mablag‘larining bemaqsad ishlatilishini keskin qoralaydi.

Vazirlik tomonidan mazkur voqelikka o‘xshash holatlarning qayta takrorlanmasligi, xayriya mablag‘larining manzilli yetib borishini namunali tashkil etish maqsadida barcha zarur choralarni ko‘radi va nazoratni kuchaytiradi, shuningdek, hududiy tuzilmalar rahbarlarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish bo‘yicha keng qamrovli profilaktik tadbirlarni amalga oshiradi. Eng muhimi, bugungi sinovli kunlarda xalqimiz tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy tashabbuslari to‘laqonli ro‘yobga chiqishlarini ta’minlaydi”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Eslatib o‘tamiz, M.Alishev va tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobchisi B.Niyozov “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 million so‘m pulni o‘zlashtirgan. Shu bilan birga, 2020-yilda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘lardan 44 million so‘mni maqsadsiz sarflab, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surgan edi. Prezident tashabbusiga ko‘ra, pandemiya sharoitida ehtiyojmand fuqarolarga va oilalarga yordam bergan korxonalar va tadbirkorlarga davlat tomonidan bir qator imtiyozlar va preferensiyalar berilmoqda.

Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor o‘tkazdi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-05-2020, 05:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 79) ( 0) ( 78) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют