» » Eski kursiga va pianinoga yashiringan xazinalar. Topib olgan narsasi evaziga boyib ketgan odamlar haqida

Eski kursiga va pianinoga yashiringan xazinalar. Topib olgan narsasi evaziga boyib ketgan odamlar haqida


Hayotda ajoyib tasodiflar va hech kim kutmagan hodisalar bo‘lib turadi. Ba’zan o‘zi topib olgan qimmatbaho va noyob narsasi evaziga boyib ketgan odamlar ham uchraydi. Quyida ana shunday omadli odamlar haqida Mixnews saytida e’lon qilingan maqolani havola etamiz.

5,5 kg tosh bosadigan tabiiy oltin bo‘lagi

Avstraliyadagi Ballarat shahridagi qumloq sohilda metall izlagich asbob bilan qidiruv olib borgan havaskor oltin izlovchi qumdan 60 sm chuqurlikda yotgan g‘alati narsani topib oladi. Avvaliga u mazkur buyumni avtomobil detali bo‘lsa kerak deb o‘ylagan, lekin kavlab ko‘rib, uning oltin ekanini aniqlagan va kavlagani sari bo‘lak tobora kattaroq ekani oydinlashgan.

O‘z ismini oshkor qilinishni istamagan ushbu omadli oltintopar mazkur bo‘lakni baholashga olib borganida uning vazni 5,5 kg chiqishi ma’lum bo‘ldi. Bu mazkur hududda izlanishlar olib borilishi tarixida aniqlangan eng yirik tabiiy oltin bo‘lagidir. Uning qiymati 300 ming AQSh dollari deb baholangan va bu narx oltintoparga professional metall izlash asbobi xarid qilish xarajatlariga kifoya qilgan hamda uning boyib ketishga sabab bo‘lgan.

Garajdan topilgan 1966-yilgi Ferrari 330 GT

AQShning Vayoming shtatida bir odam 285,5 ming dollarga yaxshigina uy xarid qiladi. Odatdagidek, bu uyda ham garaj bor edi va qandaydir noma’lum sababga ko‘ra, oldi-sotdi vaqtida mazkur garaj dallolning ham, xaridorning ham e’tiboridan chetda qolgan. Ko‘chmas mulkning yangi egasi garajni ochib ko‘rganida hayrati kuchli bo‘lgani aniq. U yerda 1966-yilda ishlab chiqarilgan va deyarli ideal holatda bo‘lgan Ferrari 330 GT turardi! Mazkur avtomobilning taxminiy bahosi 500 ming dollar deb baholangan. Aftidan, uyning avvalgi egasi o‘ta parishonxotir odam bo‘lgan shekilli.

Hovlidan topilgan Staffordshir xazinasi

2009-yilning 5-iyul sanasida angliyalik fermer Terri Gerbert o‘zining eski metall izlagich asbobi bilan uyi yaqinida qizchasi yo‘qotib qo‘ygan uzukni izlagani chiqadi. Lekin uzukning o‘rniga u 1 500 dona tilla va kumush buyumlardan iborat xazina topib oladi. Keyinchalik olimlar ushbu buyumlar eramizning VII asriga oid ekanini aniqlagan. Topilmaning umumiy vazni 7,5 kg chiqqan, bahosi esa 5,3 million dollarni tashkil qilgan. Topilgan xazina davlatga tegishli ekani sababli fermerga uning qiymatining teng yarmi miqdorida mukofot puli berilgan. Ishonchimiz komilki, omadli fermer bundan, albatta, ko‘ngli to‘lgan.

Eski kursidan topilgan xazina

Shotlandiyaning Biggar shaharchasida yashovchi er-xotin, taxminan, besh funt narxga ta’mirtalab eski stul sotib olgan edi. Uni ta’mirlashga pul ajratishgunicha esa ular stulni tomga olib chiqib qo‘ygan va o‘sha yerda olti yil qolib ketgan. Olti yil o‘tib, uning egasi ta’mirlashga qaror qiladi va qoplamasini yechib olgach, katta hayrat bilan brilliantlar va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ziynat taqinchoqlarini topib oladi. Oila boshlig‘i avvaliga topgan narsasi haqida xotiniga indamagan, unga avvaliga qimmatbaho toshlari bor uzuk, keyin esa sirg‘a hadya qilgan. Faqat 2016-yildagina u xotiniga bu taqinchoqlarning kelib chiqishi haqida aytib bergan. Ekspertlarga murojaat qilgan Milner-Braunlar oilasi ularning narxi 5 ming dollar atrofida ekanini bilib olgan.

Pianinoga yashirilgan xazina

61 yoshli usta Martin Bekxaus Angliyadagi Bishop’s Castle Community College kollejiga Xemingslar oilasi sovg‘a qilgan pianinoni ta’mirlash uchun taklif qilingan edi. Ta’mirlash jarayonida usta ushbu musiqa asbobi klavishlari ostidan yettita kanop xaltachalarga solingan oltin tangalar topib oladi. Ushbu tangalar qirolicha Viktoriya zamonasida muomalaga chiqarilgan bo‘lgan. Ekspertlar ushbu tangalarning umumiy qiymatini 640 ming dollar deb baholagan.

Xazinani kim va qachon yashirgani noma’lum, lekin pianino ta’mirchisi bo‘lgan usta uni topgani uchun davlatdan olti xonali son bilan yoziladigan miqdordagi pul mukofoti oldi. Pianinoga oxirgi 33 yil mobaynida egalik qilgan oila esa bu xazina haqida hech narsa bilmagan va o‘zlarining mazkur xazinaga egalik qilish huquqini qo‘ldan boy bergan.

Oltin uy

Nomi sir qolishni istagan bir fransuzga Normandiyada joylashgan uy meros qolgan edi. Yangi egasi uyni ko‘zdan kechirish asnosida stul ostiga qotirib qo‘yilgan va ichida tilla tangalar bo‘lgan kichik bir qutichani topib oladi. Viski idishlarini saqlash uchun mo‘ljallangan yana bir qutida esa undan ham ko‘p oltin topilgan. Undan keyin esa merosxo‘r oltin quymalaridan iborat uyumga duch kelgan. Baholovchilar hamma oltinlarni tortib ko‘rib, ularning umumiy qiymati 3,7 million dollar chiqishi haqidagi to‘xtamga kelgan. Lekin buni topgan odamning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi, chunki Fransiya qonunlariga muvofiq u meros qiymatidan 45 foiz soliq to‘lashi kerak.

Eng katta opal matritsa

2011-yilda Janubiy Avstraliyadagi opal maydonidan tarixdagi eng katta opal matritsasi topilgan. Bu tosh 55 ming karat (11 kg) sof opaldan iborat. Toshni Styuart Xyuz ismli dizayner topib olgan. Uning narxi 1 million dollar atrofida deb baholangan.

Eski-tuskilar bozoridan xarid qilingan Faberje tuxumi

Bir amerikalik odam eski-tuskilar bozoridan 14 ming dollarga ichida marvarid donalari bilan bezatilgan metall tuxum sotib oladi va uni keyinchalik yanada qimmatroq narxga sotib foyda qilishni reja qiladi. Lekin uni sotib olishni istovchi xaridorlar ha deganda topilavermaydi. Keyin o‘sha odam ushbu narsaning tarixi bilan qiziqib, ichida Vacheron Constantin yozuvi borligini ko‘rib, ushbu yozuvni Google qidiruv tizimidan izlaydi. Internetdan u Faberje bo‘yicha ekspertning maqolasiga duch keladi va buyumni professionallarga ko‘rsatishga qaror qiladi.

Ekspertlarning aniqlashicha, ushbu tuxum imperator Aleksandr III  tomonidan Karl Faberjega buyurtma qilingan pasxa tuxumi ekan va uni imperator o‘z rafiqasi Mariya Fedorovnaga 1887-yil pasxa bayramiga sovg‘a qilgan ekan. Tuxum qay tarzda Amerikaga borib qolgani esa jumboq bo‘lib qolgan. Lekin uni topgan va natijada 33 million dollarlik boylik orttirgan omadli odam uchun buning ahamiyati yo‘q bo‘lsa kerak.

Tomdan topilgan pullar

Yuta shtatida yashovchi Josh Ferrin o‘zining ustaxonasi shiftidan qandaydir gilam bo‘lagi osilib turganini ko‘rib qoladi. U gilam chekkasidan tortib ko‘rsa, chordoqqa o‘tish tuynugi ochiladi. Bu tuynukdan tomga o‘tib, u yerda bir necha metall idishchalar ichida ip bilan bog‘langan holda qadoqlab qo‘yilgan bir necha pachka pul topib olgan. U keyin ichi pul bilan liq to‘ldirilgan bunday qutilardan yana yettitasini topadi va bu ham hali hammasi emas edi.

Tomdan o‘sha odam yana ikkita katta axlat qopi ichida to‘la naqd pul topgan. U hammasi bo‘lib, 45 ming dollar naqd pul topib olgan edi. Josh fikr qilib ko‘rib, pullarni ustaxonaning avvalgi egasiga qaytarish kerak degan to‘xtamga keladi. Shu sababli ham u ularga qo‘ng‘iroq qilib, kelib ketishlarini iltimos qiladi. Albatta, ustaxonaning avvalgi egalari bundan lol qolgan. Ma’lum bo‘lishicha, ularga uy otalaridan meros qolgan bo‘lgan va otalari pullarni yashirib yurgan ekan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-05-2020, 22:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 87) ( 0) ( 86) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют