» » Braziliyada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha rekord darajadagi o‘sish kuzatildi

Braziliyada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha rekord darajadagi o‘sish kuzatildi


Braziliyada COVID-19 bilan kasallanganlar soni bir sutka ichida 19,9 ming nafarga ko‘paygan va bu epidemiya boshlanganidan beri kuzatilgan rekord ko‘rsatkich. Braziliyada koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarning umumiy soni 291 ming nafarga yetgan. Bu Yevropa kasalliklar profilaktikasi va nazorati markazi ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Rossiyadan keyin butun dunyoda 3-ko‘rsatkich, 4-o‘rinda Ispaniya va 5-o‘rinda Italiya bormoqda.

Rossiyada kasallanish ko‘rsatkichi (bir sutkada 8,7 ming kishi kasallangan) pasaya boshlagani hisobiga yaqin kunlarda Braziliyaning 2-o‘ringa chiqib olishini taxmin qilish mumkin. Mamlakatda koronavirus yuqtirib olganlar soni rasmiy ma’lumotlarda berilayotganidan ancha ko‘pligi aytilmoqda, qashshoq aholi istiqomat qiladigan qishloqlarda vaziyat juda og‘ir, degan braziliyalik epidemiolog Aleshandre Kalashe. Mamlakatdagi 13 million aholi xaroba qishloqlarda hayot kechiradi.

Lotin Amerikasi davlatlarida koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 613 ming nafardan oshgan. Braziliya hududidagi mamlakatlarni nafaqat kasallanish, balki o‘lim ko‘rsatkichi borasida ham ortda qoldirmoqda. Mamlakatda 18,8 ming nafar bemor koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan — bu butun dunyoda 6-ko‘rsatkich. O‘lganlar soni kundan kunga oshib bormoqda, bir sutka ichida Braziliyada 888 kishi vafot etgan undan avvalgi kuni esa 1179 nafar bemor hayotdan ko‘z yumgandi. May oyi boshlarida koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi sutkasiga 300 kishini tashkil qilgan.

“Bu kabi dinamika davom etsa, o‘lganlarning umumiy soni 120 ming nafarga yetishi mumkin”, — deya taxmin qilgan Kalashe.

AQSh salomatlik ko‘rsatkichlari va baholari instituti prognozlari bo‘yicha avgust boshida aholisi 200 million bo‘lgan Braziliyada koronavirus infeksiyasi oqibatida vafot etganlar soni kamida 88 ming nafarga, eng yomon ssenariy bo‘yicha esa 150 ming nafarga yetishi mumkin.

Besh qadam — besh kasallik o‘chog‘i

Braziliya Janubiy Amerikada koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemor aniqlangan birinchi mamlakat (25-fevral). Shundan beri u yerda qanday choralar ko‘rish muhokamasiga bag‘ishlangan bahs-munozaralar davom etmoqda. Prezident Jair Bolsonaru keskin karantin choralarini ko‘rish iqtisodiyotga salbiy ta’sir qiladi deb hisoblamoqda. Pandemiyaning dastlabki bosqichlarida respublika yetakchisi koronavirus jiddiy xavf solmayotgani haqida gapirgandi.

“Men pichoq bilan qilingan hujumdan keyin omon qoldim, qandaydir shamollashga yengilmayman”, — degan 2018-yilgi saylov kampaniyasi vaqtida hujumga uchragan prezident.

“Virus mamlakatga kirib kelgan va biz uni mardonavor holda erkaklardek kutib olishimiz lozim”, — deya qayd etgan Braziliya yetakchisi mart oyi boshida.

Braziliya federativ respublika hisoblangani tufayli 26 ta shtatdagi hukumatlar har qaysisi turlicha karantin cheklovlarini belgilamoqda.

Mamlakatdagi asosiy kasallik o‘choqlari beshta — San-Paulu, Rio-de-Janeyro, Seara, Pernambuku va Amazonas, ekspertlar fikricha 80 foiz o‘lim holatlari ushbu hududlarda kuzatilmoqda. Tahlilchilar Amazonasda COVID-19 bilan kasallanganlar hukumat jamoaviy tarzda immunitet hosil qilishga urinayotgan Stokgolmdagidan 10 foizga ko‘proq ekanini qayd etgan.

San-Paulu shtatida hukumat boshqa davlatlarda qo‘llanilayotgan karantin choralarini joriy qilgan: karantin 31-maygacha uzaytirilgan, mart o‘rtalaridan beri va taxminan iyulgacha maktablardagi ta’lim to‘xtatilgan, 23-apreldan boshlab aholiga ko‘chalarda niqob taqish, jamoat transportida ham niqobda yurish majburiy tartibi e’lon qilingan, karantin tartibiga rioya etish bo‘yich intellektual monitoring tizimi ishga tushirilgan.

Rio-de-Janeyroda ham bir qator cheklovlar o‘rnatilgan, shtat markazining ayrim hududlariga boshqa shtatlardan kelgan odamlar kiritilmayapti. Yuzlab uysizlarga mehmonxonalarda yashash uchun joy berilgan va aholiga faqat favqulodda holatlarda tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Iqtisodiy inqiroz sabab tang ahvolga kelgan biznes vakillariga ham ko‘mak berilmoqda. Masalan, Rioda taksi haydovchilaridan litsenziya uchun to‘lovlar bekor qilingan. Amazonas shtati hukumati rasmiy saytida kasalxonalardagi bemorlar uchun joylar soni oshirilayotgani, hindular uchun maxsus klinika ochilgani va tibbiyot preparatlari xarid qilingani haqida ma’lumot berilgan. May boshida shtat poytaxti Manausning meri Artur Nyeto to‘liq lokdaunning oqibatlari yomon bo‘lishini ta’kidlagan.

Bolsonaru tarafdorlarini yo‘qotmoqda

Aprel oxirida kasallik yuqishi bo‘yicha holatlar va o‘limlar soni keskin oshdi, Bolsonaru koronavirusning xavfli infeksiya ekanini tan olib, vafot etganlarning oila a’zolariga hamdardlik izhor qildi. Prezident fuqarolarni keksa kishilar, jumladan, aholining kam ta’minlangan qismiga mansub odamlar bilan muloqotda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan.

“Men mo‘jiza yaratib epidemiyani to‘xtata olmayman”, — deya javob qilgan u, cheklov me’yorlarining juda kech joriy qilingani yuzasidan ayblovlarga javoban.

Koronavirusga qarshi kurashda u bezgakka qarshi xloroxin dorisidan foydalanishni taklif qilgan, shuningdek, Bolsonaru ushbu dorini ishlab chiqarishni kengaytirish va uni barchaga yetkazishni va’da qilmoqda. Avval AQSh prezidenti Donald Tramp ham COVID-19’ning oldini olishda xloroxinning ta’siri kuchliliga haqida gapirgandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xloroxinning samaradorligi isbotlanmaganini qayd etgan.

Mavzuga doir: Keyingi pandemiyaning ehtimoliy sababi Amazoniyadagi virus bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilindi

19-may kuni Braziliyaning koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha Britaniyadan o‘zib ketib, dunyoda 3-o‘ringa chiqib olgani xabar qilingandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (22-05-2020, 14:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 45) ( 0) ( 44) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют