» » Bosh prokuratura Rasul Kusherbayev bilan bog‘liq voqealar yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijalarini ma’lum qildi

Bosh prokuratura Rasul Kusherbayev bilan bog‘liq voqealar yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijalarini ma’lum qildi


O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevga siyosiy faolligi sababli bosim o‘tkazilganligi haqida ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan xabarlar yuzasidan Bosh prokuraturada deputatning bevosita ishtirokida o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura tomonidan ma’lum qilindi.

Xabar berilishicha, Rasul Kusherbayev bilan Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda bayon etilgan har bir ma’lumot markaziy mahkamaning o‘zida ishga aloqador shaxslarni jalb qilgan holda, tegishli hujjatlarni ko‘zdan kechirish yo‘li bilan to‘liq tekshirildi.

“O‘rganish natijalariga ko‘ra, deputat Rasul Kusherbayevga prokuratura organlari tomonidan biror bosim yoki tazyiq o‘tkazilganligini tasdiqlovchi obyektiv dalillar aniqlanmadi”. — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Ta’kidlanishicha, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Yangiyo‘l tumanidagi “Qo‘shyog‘och Oltin Fayz Baliqlari” MChJga ajratilgan baliqchilik havzasidan qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy olib chiqib ketish holati yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish hujjatlari chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Mazkur hujjatlar asosida 2020-yil 24-yanvarda Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yangiyo‘l tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov o‘tkazilgan.

Tergov davomida aniqlanishicha, ushbu jamiyat rahbari J.Z. akasi B.Q. bilan jinoiy til biriktirib, baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 11,8 gektar yer maydonidan 600 million so‘mlik 57,2 ming kub metr qum-shag‘al aralashmasini qazib olgan. Ular tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, qonunga zid ravishda mazkur qum-shag‘al aralashmasini sotib yuborib talon-toroj qilgan hamda bu orqali davlatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.

Shu sababli J.Z.ga Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, ishning unga tegishli qismi 2020-yil 4-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudiga yuborilgan.

Tergovdan yashiringanligi sababli, ayblanuvchi B.Q.ga qidiruv e’lon qilingan.

“Qidiruvda bo‘lgan B.Q. tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomurojaatda ushbu jinoyat ishi tergovi davomida go‘yoki “Qo‘shyog‘och Oltin Fayz Baliqlari” MChJ deputat Rasul Kusherbayevga tegishli ekanligi haqida ko‘rsatmalar olishga urinish bo‘lganligi haqida uydirmadan iborat xabarlar tarqatilgan”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi Bosh prokuraturada o‘rganilganda, ish bo‘yicha deputat Rasul Kusherbayevga oid biror masala muhokama qilinmaganligi, unga aloqador ma’lumot to‘planmaganligi yoki u bilan bog‘liq tergov harakatlari o‘tkazilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Bosh prokuratura xodimlari tomonidan J.Z. bilan xolis o‘tkazilgan suhbat davomida, u tergovda undan Rasul Kusherbayev haqida hech qanday ma’lumot so‘rab-surishtirilmaganligini, u haqida savol berilmaganligini, unga qarshi ko‘rsatma berish talabi bilan tazyiq o‘tkazilmaganligini bildirgan.

Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bu xabarlarni aholi orasida obro‘ qozongan jamoatchilik vakillari nomidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanib, tergov natijasiga ta’sir o‘tkazishga hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchsizlik uyg‘otishga qaratilgan urinish deb baholaydi.

Ta’kidlanishicha, Rasul Kusherbayevning Bosh prokuraturada o‘tkazilgan suhbatda o‘ziga nisbatan bosim sifatida baholagan boshqa vajlari ham o‘zining ishtirokida to‘liq tekshirilib, unga, shu jumladan, faoliyati bilan bog‘liq ravishda ta’sir ko‘rsatish yoki bosim o‘tkazish holatlari aniqlanmagan.

Bosh prokuraturaning bildirishicha, mazkur vajlar Rasul Kusherbayevning shaxsi va ishchanlik obro‘siga aloqadorligi sababli ularning tafsilotlari ochiqlanmaydi. Deputat Bosh prokuraturada o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bilan tanishtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan deputatning siyosiy faoliyati bilan bog‘liq har qanday tazyiq yoki bosim o‘tkazilishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar belgilandi. Jumladan, B.Q.ga nisbatan jinoyat ishi ustidan alohida nazorat o‘rnatildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur voqealar yuzasidan Bosh prokuratura avvalroq ham o‘z munosabatini bildirgandi. Rasul Kusherbayev esa bo‘layotgan ishlardan qattiq xafa ekanligini bildirgandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (25-05-2020, 16:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 79) ( 0) ( 79) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют