» » Xitoy ma’naviyat politsiyasi. Mao Szedunning “madaniy inqilobi” va ziyolilarga qarshi qatag‘onlari haqida

Xitoy ma’naviyat politsiyasi. Mao Szedunning “madaniy inqilobi” va ziyolilarga qarshi qatag‘onlari haqida


SSSRda ideal kelajakni qurishga komsomol yordam berdi, fashistlar Germaniyasida esa Gitleryugend yoshlari. Kampuchiyada Pol Pot hukumati xuddi shu maqsadda 12 yoshli bolalarni avtomatlar bilan qurollantirgan bo‘lsa, Xitoyda oltmishinchi yillarda hukumatni xunveybinlar qo‘llab-quvvatlashi kerak edi. 1966-yilning 1-iyuni Xitoyda ziyolilarga va fikrlar xilma-xilligiga qarshi qatag‘onlar boshlangan sana hisoblanadi. Shu munosabat bilan “Daryo” Xitoy tarixidagi “madaniy inqilob” va xunveybinlar davri haqida hikoya qiladi.

Paytavasiga qurt tushgan Mao

Hammasi “madaniy inqilob”dan boshlandi. SSSRda Stalin shaxsiga sig‘inish fosh qilinganidan so‘ng, Xitoyda o‘rtoq Maoning shaxsiyati mutlaq darajaga oshirildi. Rahbarning portretisiz ko‘chada sayr qilib yurgan velosipedchini ushlab olib urish oddiy hol edi. Shaharlarda Maoning ulkan rasmlari go‘yoki Oruellning “Katta og‘a”si kabi har tomondan xitoyliklarga qarab turardi, uning iqtiboslar to‘plami millionlab nusxalarda chop etildi.

SSSRda dohiyning o‘limidan keyin boshlangan Stalin shaxsiga bo‘lgan qarashlarni qayta ko‘rib chiqish siyosati va “shaxsga sig‘inish” atamasining paydo bo‘lishi Mao Szedun uchun yoqimsiz holat edi. Chunki bu paytga kelib Xitoy Kommunistik partiyasida ichki kurashlar kuchaygan va SSSRdagi bu holat Maoga qarshi uning raqiblari qo‘lidagi qo‘shimcha kuzir bo‘lishi mumkin edi.

“Kapitalizmni tiklash”ga qarshi kurash bahonasida Xitoy Kommunistik partiyasining rahbari “madaniy inqilob”ni boshladi. Maqsadlar noaniq edi - o‘tmish qoldiqlariga, eski turmush tarziga qarshi kurash va boshqalar. Aslida, dohiy o‘zgacha fikrlovchilarni, xususan, ziyolilarni yo‘q qilishni maqsad qilgan edi. 1966-yilning may oyiga kelib, Xitoyda yangi yoshlar tashkiloti paydo bo‘ldi. Xun Vey Bin – xitoy tilidan tarjima qilinganida “qizil soqchilar” degan ma’noni anglatadi.

Ma’naviyat politsiyasi

Xitoy matbuoti xunveybinlar haqida “Ko‘ngillilar safida shu paytgacha noma’lum bo‘lgan inqilobiy o‘spirin yigit-qizlar borishmoqda”, deb yozadi. “Ko‘ngillilar”, ya’ni maktab o‘quvchilari va talabalardan iborat xunveybinlar, birinchi navbatda, olovli nigohlarini o‘z o‘qituvchilariga qaratishadi. O‘qituvchilar va professorlarni “so‘roq qilish” uchun olib ketishib, qo‘llarini oldinga ko‘targizib, quyosh nurlari ostida bir necha soat davomida kursida turishga majbur qiladi. Ular suvsiz, yemishsiz qoldiriladi va shafqatsiz kaltaklanadi.

Hushidan ketganlarga ignalar sanchib o‘ziga keltirishadi. Bunday “tergov” natijasida ayblanuvchilar talaba va o‘quvchilarga buyuk Maoning g‘oyalarini buzib ko‘rsatganini va boshqa zararli ishlarini tan oladi. Shunday qiynoqlar orqali aybini tan olganlar keyin qatl qilinadi.

Dastlab qatllar ramziy edi – “jinoyatchilar”ga masxaraboz kiyimi kiydirilib, ommaviy tahqirlarga duchor qilinardi. Keyinroq mamlakat bo‘ylab o‘z joniga qasd qilishlar to‘lqini tarqaldi – “so‘roq paytida” odamlar o‘zlarini derazadan uloqtirdi, tomirlarini kesdi va o‘zlarini osdi.

O‘qituvchilar va professorlarga qarshi faol harakatlar 1966-yilning iyun oyida boshlandi. Maktablar uzoq ta’til uchun yopilgan. Maktab o‘quvchilari va talabalarning katta qismi bekorchi edi. Tashkilot o‘sdi, faoliyat doirasi kengaydi. Xunveybinlar o‘ziga yangi qurbonlar izlab ko‘chalarda aylanib yurishardi.

Sochlari bo‘yalgan ayollarning sochlari zo‘rlik bilan kesilgan, tor shim kiygan erkaklarni shimlarini yirtib tashlashgan, kosmetika do‘konlari esa vayron qilingan. “Qizil soqchilar” guruhi avtobuslarga chiqib, istalgan bir yo‘lovchidan Maoning hikmatli gaplarini bilish bilmasligini tekshirishi mumkin edi. Imtihondan o‘tolmaganlarning esa holiga voy!

Xunveybinlar o‘zlarini madaniyat mutaxassislari deb e’lon qildi. Ular “Pekin operasi” spektakli uchun sahna va liboslarni yoqib yubordi. Endi faqat rahbarning rafiqasi yozgan inqilobiy pyesalarga ruxsat berilardi. Maoning iqtibos to‘plamidan boshqa kitoblar zararli deb topildi, olib qo‘yildi va yoqib yuborildi. Yosh jangchilar cherkovlarni yoqib yuborishdi, “g‘oyaviy jihatdan tasdiqlangan” filmlarni yetarli darajada ishlab chiqarmagan kinostudiyalarni vayron qildi.

Ommaviy fikr noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin emas

O‘rtoq Maoning qo‘llab-quvvatlashi xunveybinlarni yangi-yangi “qahramonliklarga” ilhomlantirardi. Aytish kerakki, dastlab Maoning qo‘llab-quvvatlashi orqali davlat xunveybinlarga nisbatan misli ko‘rilmagan sodiqlikni namoyish qildi. Yosh jangchilar odamlarni ramziy ma’noda emas, jiddiy ravishda o‘ldirishni boshlaganlaridan keyin jamoat xavfsizligi vaziri Si Fuchji madaniy inqilob kabi muhim masalada, sud jarayonining sust mexanizmiga suyanib qolmaslik kerakligini aytdi.

Pekin gazetalari yuz berayotgan voqealarni ochiqchasiga olqishladi va hatto anti-maoistlarni o‘ldirishga chaqirdi. Mafkuraviy jihatdan qatag‘onlar quyidagicha oqlandi: agar omma kimdandir nafratlansa, demak buning sababi bor. Ommaviy fikr noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin emas. Transport vazirligi xunveybinlar uchun maxsus poyezdlar ajratdi, ular mamlakat bo‘ylab sayohat qildi. Ular uylarga bostirib kirish va egalarining ishonchsizligini isbotlash uchun tintuv o‘tkazish huquqiga ham ega bo‘ldi. Ammo, aslida, bu oddiy talonchilik edi, chunki pul va qimmatbaho narsalar tortib olinardi. 

Ishlatib bo‘lingan qog‘oz

1967-yilning kuziga kelib xunveybinlar tashkiloti 10 million a’zoga ega edi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, “qizil soqchilar” qo‘lida kamida 400 ming kishi halok bo‘lgan. Ammo vaziyat nazoratdan chiqa boshladi. Agar “ko‘zoynakli odamlar” (ziyolilar) xunveybinlarning qo‘liga tushmaslik uchun o‘zlarini derazadan uloqtirishni afzal ko‘rsa, oddiy ishchilar sinfi o‘zini himoya qilishlari mumkin edi. Zavod va fabrikalarda xunveybinlardan o‘z-o‘zini himoya qilish bo‘linmalari tashkil etildi. O‘z navbatida, xunveybinlar nafaqat o‘zgacha fikrlovchilar bilan, balki o‘zaro ham kurashdi. 1967-yilda Xitoy tartibsizliklar tufayli fuqarolar urushi yoqasiga kelib qoldi.

Mao Szedun xunveybinlarni “siyosiy yetuk emas” deb e’lon qildi. Yoshlar harakatining ba’zi rahbarlari otib tashlandi, boshqalari esa o‘z karyeralarini cho‘chqa fermalarida ishlash bilan yakunladi. Taqdirning hazilini qarangki, bir paytlar aynan xunveybinlar Buyuk Xitoy devorining bir qismini buzib tashlagan edi. “Bu foydasiz devorning g‘ishtlari cho‘chqachilik fermalarini qurilishi uchun ishlatilsa foyda keltiradi”, deyishgandi ular. 1967-yilning kuzida ularning ko‘pi bu fermalarda ishlay boshladi.

Vahshiyliklarga yo‘l ochib bergan rahbarning o‘zi “qizil soqchilar”dan voz kechdi va ularni siyosiy kaltafahmlikda aybladi. 1967-yil avgustda hukumat qo‘shinlari va xalq militsiyasi Guylin shahridagi deyarli barcha xunveybinlarni qirib tashladi. Bir oy o‘tgach, tashkilot bo‘linmalari tarqatib yuborildi.

Xulosa

Mao tomonidan boshlangan “madaniy inqilob” yana 10 yil davom etdi, ammo endi xunveybinlar ishtirokisiz. Natijada, Mao o‘zining asosiy raqiblari – Kommunistik partiyaning a’zolari Lyu Shaotsi va Den Syaopinlar bilan bir qatorda besh millionga yaqin partiya a’zolarini qatag‘on qildi. 1976-yilda Maoning vafoti bilan ham Xitoyda shaxsga sig‘inish tugamadi. Xitoyliklarning butun bir avlodi, ayniqsa, qishloqlarda, Mao Szedunni hukmdorlarning eng yaxshisi, millatning otasi deb hisoblashda davom etdi.

Nurbek Alimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-06-2020, 17:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 74) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют