» » Bashorat qilingan ommaviy qotillik. Nepal shahzodasi Dipendra nega butun qirollik oilasini otib tashlagan edi?

Bashorat qilingan ommaviy qotillik. Nepal shahzodasi Dipendra nega butun qirollik oilasini otib tashlagan edi?


Dunyo siyosiy maydonining yaqin tarixida ham qirollik mamlakatlarida ziddiyatli siyosiy kelishmovchiliklarni kuzatishimiz mumkin. 2001-yil 1-iyunida Nepal qirolligi poytaxti Katmanduda siyosiy xarakterdagi fojia ro‘y berdi: valiahd shahzoda Dipendra butun qirollik oilasini otib tashlab, o‘z joniga ham qasd qildi. Bu fojianing sababi nima edi? U Nepal tarixida qanday o‘zgarishlarga olib keldi? “Daryo”ning an’anaviy tarix ruknidagi navbatdagi maqolasida shu savollarga javob qidirib ko‘ramiz.

Juma kuni kechqurun an’anaviy ziyofat qilish uchun saroyga yig‘ilgan Nepal qiroli Birendraning ko‘plab qarindoshlari valiahd shahzoda Dipendraning yo‘qligini darhol payqamadi. U hozirgina amakivachchalari uchun barda kokteyl aralashtirib turib, to‘satdan g‘oyib bo‘lgandi. Mehmonlar bunga hech qanday ahamiyat bermay dam olishda davom etdi. Kechqurun soat to‘qqizda valiahd shahzoda qat’iy qadamlar bilan zalga kirib keldi...

U Nepal armiyasi zobitining formasida, bir qo‘lida M16 avtomati, ikkinchi qo‘lida esa Uzi pistolet-pulemyotini ushlagan edi. Dipendra eshikni tirsagi bilan itarib ochdi, hayron bo‘lgan qarindoshlari oldida jimgina zal bo‘ylab yurib, otasi dam olib yotgan kichkina xonaga o‘tib, o‘q uzishni boshladi. Shunday qilib, hind ruhoniylarining qadimgi bashorati amalga oshdi. Ular bir paytlar Nepalning Shoh qirollik xonadoni o‘n ikkinchi avloddan so‘ng tugashini bashorat qilgan edi.

1768-yilda Shoh sulolasidan qudratli gurka urug‘ining yetakchisi shahzoda Prithvi Narayn hal qiluvchi jangga tayyorlanardi. Himolay tog‘larida joylashgan 49 mayda hokim unga bo‘ysundi. Keyin u Himolayning so‘nggi yengilmas qal’asi – Katmandu uchun kurashga kirishdi. Jangdan bir kun oldin odat bo‘yicha folbinlarga murojaat etib, bu tashabbusi muvaffaqiyatli bo‘lish-bo‘lmasligiga qiziqdi.

“Ha, – dedi folbinlar. – Sen jangda g‘alaba qozonasan va sen intilgan barcha narsalar ro‘yobga chiqadi. Sening nabiralaring va o‘n bir avloding sen birlashtirgan yerlarni boshqaradi. Ammo o‘n ikkinchi avloding oxirgisi bo‘ladi”.

Ertasi kuni Katmandu qal’asi quladi. Prithvi Narayn Shoh uni o‘z davlati – Nepal Qirolligining poytaxtiga aylantirdi. Nepal hukmdorlarining to‘liq rutbasi – besh karra ilohiy shohlar shohi va muqaddas imperator edi.

Bashoratdan boshqa hech narsa ilohiy imperatorning o‘n ikkinchi avlodi oxirgisi bo‘lishini ko‘rsatmas edi. 1989-yilda 18 yoshga kirib, Angliyada o‘qiyotgan valiahd shahzoda Dipendra Nepal urf-odatlariga muvofiq rasmiy ravishda ilohiy va muqaddas deb e’lon qilindi. Ammo o‘sha paytdan boshlab Dipendraning oilasidagi ba’zi a’zolar bilan munosabatlari yomonlasha boshladi.

Katmanduga valiahd shahzodaning Angliyadagi noto‘g‘ri xatti-harakatlari haqida xabarlar tez-tez yetib kelardi. U talabalik davrlarida ichkilikka to‘la kechalar uyushtiradigan, o‘qotar qurolni sevuvchi, boshqarib bo‘lmas va qiziqqon yigit sifatida nom qozondi. Uning otasi, Nepal qiroli Birendra bu gap-so‘zlarga unchalik ahamiyat bermas edi. Uning o‘zi ham Angliyada o‘qigan edi, shuning uchun o‘g‘liga xayrixoh bo‘ldi.

Shahzodaning onasi qirolicha Ayshvariya esa boshqacha fikrda edi. Ehtimol, xotinini tinchlantirish, to‘ng‘ich o‘g‘li va merosxo‘rini o‘zini bosib olishini istagan qirol Dipendrani Nepalga qaytarib, uni qurolli kuchlar qo‘mondoni qilib tayinladi va qirol mamlakatdan uzoqda bo‘lgan paytlari o‘z vakolatini o‘g‘liga topshirishni boshladi. Qirol va qirolicha tez-tez chet elda tashriflarda bo‘lib turishganini hisobga olib, Nepalda asosiy hokimiyatni valiahd shahzoda o‘z zimmasiga olgandi.

Shunga qaramay, o‘g‘il va onaning munosabatlari yomonlashib bordi. O‘zini yetuk deb hisoblagan shahzodaning malika unga tanbeh berganida jahli chiqardi. Kelishmovchilikning asosiy sababi esa sevgi edi. Angliyada Dipendra sobiq qirollik vaziri va hind malikasining qizi Devani Rana bilan tanishgandi. Qirolicha va qirollik oilasining boshqa barcha a’zolari esa Devanidan nafratlanardi. Shahzodadan boshqa qirollik oilasining hech bir vakili qizga nisbatan iliq tuyg‘ularni his qilmadi: Devani qirollik sulolasining tarixiy taqdirida salbiy rol o‘ynagan qadimgi Nepal aristokratik sulolasining vakilasi edi...

Nepal qirolligi paydo bo‘lganidan ko‘p yillar o‘tgach, Prithvi Narayn Shohning avlodlari xotirjam va baxtli hayot kechirdi. Ularni fuqarolar shohlar shohi – hind xudosi Vishnu timsollaridan biri bo‘lgan xudo degan ishonch bilan himoya qilgan. Ammo 1846-yilga kelib hamma ham bu fikrga qo‘shilmasligi ma’lum bo‘ldi.

O‘sha davrdagi imperatorning birinchi vaziri Jang Bahodir Rananing oilasi zodagonlikda ham, boylikda ham Shohlardan kam emas edi. Kunlarning birida u o‘z saroyiga eng nufuzli sarkardalar va harbiy rahbarlarni taklif qildi. Tantanali kechki ovqat paytida Jang oilasi a’zolaridan tashqari barcha taklif qilinganlar zaharlanib, dahshatli azobda halok bo‘ldi. Jangning buyrug‘i bilan birgina go‘dak shahzodadan boshqa podshoh oilasining barcha a’zolari qirib tashlandi. Jang Bahodir Rana go‘dakni qirol, o‘zini esa qirol regenti deb e’lon qildi. O‘sha davrdan beri mamlakatda bosh vazirlar lavozimi Rana sulolasi a’zolariga meros bo‘lib o‘tadigan bo‘ldi. Bu Rana va Shoh xonadonlari o‘rtasidagi murosasiz tortishuvning boshlanishi edi.

Sohibjamol Devanining o‘sha mash’um Rana sulolasidan ekani valiahd shahzodani umuman qiziqtirmas edi. Ularning munosabatlari uzoq vaqt davomida sir bo‘lib keldi. Ular Nepalda ham tez-tez uchrashib turardi. Uchrashuvlarda hind adabiyoti va she’riyati mavzularini muhokama qilib, birga sayr qilishardi, xullas, bu haqiqiy sevgi edi.

Qirolicha esa Devanini o‘z o‘g‘liga munosib deb hisoblamadi va o‘g‘liga u bilan uchrashishni taqiqlashga urindi. U allaqachon o‘g‘liga boshqa kelin topib qo‘ygan edi. Xotini ta’sirida bo‘lgan shoh ham bu nikohga uzoq vaqt qarshilik qildi. Biroq kunlarning birida taxt vorisi otasiga bir nechta oila a’zolarini oldida agar uni boshqa qizga majbur uylantirishsa, ajrashib, baribir Devaniga uylanishini aytdi. Shoh o‘g‘lining irodasiga qarshi turmaslikka qaror qildi. Aytishlaricha, qirol Birendra o‘sha bo‘lajak mash’um kechki ovqat paytida o‘g‘lining Devaniga uylanishiga rozi ekanini e’lon qilishni rejalashtirgan edi.

O‘sha kuni qirolning ukasi shahzoda Gyanendra saroyda yo‘q edi. Bu uni o‘limdan qutqarib qoldi, ammo mish-mishlardan saqlay olmadi. Gyanendra taxtga o‘tirgandan so‘ng ko‘pchilik u taxtga chiqish yo‘lini Dipendraning qo‘li bilan tozalaganini aytdi.

2001-yil 1-iyundagi dahshatli kun hech qanday hayratlanarli narsa bilan boshlanmadi. Oddiy kunlardan biri edi. Qirol dam olayotgandi, malika juma kungi an’anaviy qabulga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. O‘sha paytda poytaxtda bo‘lgan barcha oila a’zolarini mehmonga taklif qilishgandi. Ertalab shahzoda Dipendra Nepal mini-olimpiadasiga tayyorgarliklarni tomosha qildi, boshqalar bilan hazillashdi, xullas, yaxshi kayfiyatda edi.

Kechqurun oila a’zolari saroyda yig‘ilishganida, otasining iltimosiga binoan u barda kokteyl aralashtirishni boshladi. Saroyda sodir bo‘lgan voqealarni gapirib bergan voqea guvohlari onasi bilan qisqa suhbatdan so‘ng shahzodaning kayfiyati o‘zgarganini aytadi. Suhbat nima haqida ketayotgani noma’lum, ammo guvohlarning barchasi Dipendra onasiga Devani bilan allaqachon unashtirilganini aytganiga ishonadi.

Qirolicha bilan suhbatdan so‘ng shahzoda barga qaytib, kokteyl aralashtirishni davom ettirdi va keyin birdan g‘oyib bo‘ldi. U birozdan keyin qo‘lida M16 va Uzi avtomatlari bilan qaytib keldi.

Qirol Birendra nima bo‘lganini tushunmayotgan yagona odam edi. O‘limidan keyin shohning jasadini ko‘rganlardan biri “uning yuzida chuqur hayrat ifodasi qotib qolgandi”, degandi.

Otasini otib o‘ldirganidan keyin valiahd chorak soat davom etgan tartibsiz otishmani boshladi. U jimgina xonadan xonaga o‘tib, ichkarida bo‘lganlarning barchasini o‘qqa tutdi.

“Avvaliga, – eslaydi qirg‘indan omon qolganlardan biri, – mehmonlar shunchalik hayratda ediki, hatto qimirlay olmadi”. O‘qlar ularni o‘tirgan yoki turgan joylarida quvib yetib hayotlariga nuqta qo‘yardi.

Birinchi bo‘lib Dipendraning jiyani – Paras Shoh o‘ziga kela oldi. U xonadagi bolalarga katta divanning orqasiga yashirinishga yordam berdi va ularni o‘zi bilan yopdi.

Bu orada Dipendra o‘q uzishda davom etdi. Omon qolgan oila a’zolaridan biri “u hech narsa demasdi, uning yuzida ham hech narsa ifodalanmagandi”, deb eslaydi.

Bilyard xonasi orqali o‘q otishni davom ettirgan shahzoda bog‘ga chiqdi. Uning orqasidan onasi va ukasi Nirayan yugurib keldi. Avtomat ovozi yangradi, qirolicha o‘ldirildi. Onasi ukasi Nirayanning foydasiga uni merosdan mahrum qilishni aytganini eslagan Dipendra darhol ukasini ham ikkala quroli bilan teng ota boshladi.

Ukasi o‘lganiga amin bo‘lgach, saroy xonalariga qaytib kelib, uchragan odamga o‘q uzishni davom ettirdi. Birinchi bo‘lib singlisi va kuyovi halok bo‘ldi. Qirolning ukasi Dhirendra shahzodaning oldiga yugurdi. “Qurolingni tashla, nimalar qilib qo‘yganingni qara!”, dedi u. Javob o‘q yomg‘iri bo‘ldi. Shahzoda yana amakisining xotini va uning qizini otib tashladi – ular halok bo‘lgan Dhirendraga yordam berishga shoshilishgandi.

Og‘ir yarador Dhirendra yonida yotgan xotinidan cho‘ntagidan mobil telefonni olib, yordam chaqirishni so‘radi, ammo ayol buni uddalay olmadi – u ham yelkasidan va qo‘lidan yaralangandi. Biroq endi qo‘ng‘iroq qilish shartmasdi.

Valiahd shahzoda qulflagan eshikni bog‘ga yugurib kirgan soqchilar taqillata boshladi. Ular bilan birga o‘ldirilgan qirolning onasi paydo bo‘ldi. Dipendra shovqin-suron kelgan tomonga shoshildi, ammo shu payt uning ikkala qurolida ham o‘q tugagan edi. Shunda u cho‘ntagidan to‘pponcha chiqarib, boshiga o‘q uzdi. Boshqa yaradorlar bilan birga u ham harbiy kasalxonaga yuborildi.

Valiahd shahzoda Dipendraning qurbonlari:

Dipendra harbiy kasalxonada vafot etgani haqida marhum qirolning ukasi shahzoda Gyanendra xabar berdi. Ziyofatda yaqin qarindoshlardan faqat u ishtirok etmagan, ammo uning jiddiy yaralangan xotini va qahramonlik ko‘rsatgan o‘g‘li Paras Shoh ziyofatda ishtirok etgan. U nima uchun bir kundan ko‘proq vaqt davomida rasmiy xabar “o‘qotar qurolning tasodifan otilib ketishi” bo‘lganini ham tushuntirib berdi.

Gap shundaki, Dipendra otasining o‘limidan so‘ng avtomatik ravishda Nepal qiroliga aylandi. Mamlakat konstitutsiyasiga binoan, shohlar shohi, besh karra ilohiy va muqaddas imperator har qanday tanqiddan xoli ‘ uning biror-bir harakatini sud ham, fuqarolar ham qoralay olmaydi. Ammo monarxning vafotidan keyin (bu hanuzgacha sir bo‘lib qolmoqda: u rostdan o‘zi vafot etganmi yoki shunchaki uning nafas olish va qon aylanish apparati o‘chirilganmi?) haqiqat ayon bo‘ldi. Bundan tashqari, yangi qirol fojiani tekshirishga va’da berdi.

Gyanendra bularning barchasini o‘zining toj kiyish marosimidan oldin tushuntirdi. Marosim juda tez va dabdabasiz o‘tdi. Ko‘pchilik Gyanendrani fitnada ayblaydi. Balki qirol hokimiyatining ilohiy kuchiga ishonadigan nepalliklar uchun ular xudo deb biladigan odam shunchaki mastlikda butun oilasini otib tashlaganiga ishonishdan ko‘ra, hokimiyatga intilgan amakisining fitnasi deb o‘ylash osonroqdir...

Nurbek Alimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-06-2020, 08:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 93) ( 0) ( 92) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют