» » “Andijondagi voqea huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan isloh qilish lozimligini ko‘rsatdi”. “Yuksalish” umummilliy harakati hodisaga munosabat bildirdi

“Andijondagi voqea huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan isloh qilish lozimligini ko‘rsatdi”. “Yuksalish” umummilliy harakati hodisaga munosabat bildirdi


“Yuksalish” umummilliy harakati bir fuqaroni qiynoqqa solgan va uning o‘limiga sabab bo‘lgan Andijon shahar IIB xodimlarining harakatlariga, umuman, huquq-tartibot idoralari vakillari tomonidan qilingan zo‘ravonlik holatlariga rasmiy munosabat bildirdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati axborot xizmati mazkur holat yuzasidan uch nafar xodimga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki shaxs erkinligini cheklash) va 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, ayblanuvchilar hibsga olinganini qayd etgan.

Shuningdek, Andijondagi voqea 2020-yil boshidan buyon bu ichki ishlar organlarida mahbuslarga nisbatan qo‘llanilgan qiynoq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq dastlabki holat emasligini ta’kidlab, yanvar oyida Qashqadaryo viloyati IIB Chiroqchi tuman bo‘limida 32 yoshli erkak kaltaklangani va vafot etganini eslatgan. Ushbu jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan Chiroqchi tuman ichki ishlar bo‘limining ikki xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi hamda Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqqandi.

Mavzuga doir: Po‘lat Bobojonov “Chiroqchi voqeasi” bo‘yicha tuman IIB rahbarlarini ishdan oldi. Ularning ikki nafari ichki ishlar tizimidan haydaldi

Xabarda 2018-yil iyul oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on IIBda tezkor xodim tomonidan ayol kishining ommaviy tahqirlanishi voqeasi ham eslatilib, Ichki ishlar vazirligi ikki yil avval bu kabi noxush hodisalarni aniqlash va oldini olish, shuningdek, ichki ishlar organlari safini “nopok va tasodifiy” xodimlardan tozalashga qaratilgan qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgani alohida ta’kidlangan.

“Bu holatlar ko‘p jihatdan o‘tgan yilning dekabr oyida inson huquqlari, shu jumladan, O‘zbekistondagi vaziyat bo‘yicha o‘z xulosalarni e’lon qilgan BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining ham xavotirlanishini tasdiqlaydi. O‘zbekiston 160 dan ortiq davlatlar qatorida BMTning Qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazoga qarshi Konvensiyasining ishtirokchisi hisoblanadi. 2019-yil 28-noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston bo‘yicha yakuniy kuzatuvlar konvensiyasi amal qilinishining ham ijobiy tomonlarini, ham asosiy muammolarini tavsiflaydi.

Qo‘mita tomonidan bir qator hujjatlarning qabul qilinishi va chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, jumladan, ‘Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida’gi, ‘Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi’gi qonunlar, ‘Jasliq’ koloniyasining yopilishi, BMTning din yoki e’tiqod erkinligi hamda sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachilarning respublikamizga tashriflari yuqori baholandi.

Shu bilan birga, qo‘mita huquqni muhofaza qilish, tergov va jazoni ijro etish organlarining tashabbusi va roziligi bilan jinoiy jarayonda foydalanish uchun aybni tan oldirish yoki ma’lumot olishda qo‘llanilgan qiynoq va g‘ayriinsoniy muomalada bo‘lish holatlari to‘g‘risidagi xabarlardan qattiq xavotirda ekanligini bildirdi.

Qo‘mita prokuraturaga kelib tushgan qiynoqqa oid shikoyatlar 2017-yilga nisbatan 2018-yilda 10 baravar ortganiga qaramay, qiynoqqa solganlik uchun amaldorlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishlar soni mutanosib ravishda ortmaganligidan xavotirda”, — deyilgan “Yuksalish” umummilliy harakatining bayonotida.

Bayonotda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, 2018-yil 4-aprel kuni Prezident tomonidan sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni, Prezidentning 2019-yil 13-dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida inson huquqlarining toptalishiga yo‘l qo‘yilmasligi, huquq-tartibot idoralari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga jazo muqarrarligi belgilangani haqida ham bayon qilingan.

“Tegishli idoralar tomonidan qonunchilikning amaliyotda to‘g‘ri va o‘z vaqtida ijro etilishi o‘ta dolzarb hisoblanadi. Xususan, ‘Prokuratura to‘g‘risida’gi qonunga muvofiq, prokuratura idoralari jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi idoralarning qonunlarni ijro etishlarini nazorat qiladi, shuningdek, ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida jinoiy jazolar va boshqa jinoyat-huquqiy ta’sir choralarini ijro etish vaqtida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Shuningdek, vaqtincha saqlash hibsxonalari va tergov izolyatorlari hamda jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlash muhim ahamiyatga ega. Umuman, barcha ichki ishlar idoralarida tergov harakatlarini audio va video qayd etish tizimlari orqali olib borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.

Andijonda yuz bergan voqea shuni ko‘rsatadiki, sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emasligi, aksincha, huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan isloh qilish lozimligi, bunda inson huquqlari va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilinishiga, ichki ishlar organlari faoliyatining hisobdorligi va shaffofligini ta’minlashga, shu jumladan, parlament va jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va eng asosiysi, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga alohida urg‘u berish kerakligini taqozo etadi”, — deyilgan “Yuksalish” umummilliy harakatining bayonotida.

2020-yil 13-iyunda Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti sabab 3 nafar IIB xodimi hibsga olingani xabar qilingan, voqea 30-mayda Andijon shahar Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.A. tan jarohatlari bilan kasalxonaga olib kelinishidan boshlangan. Fuqaro 11-iyunda vafot etgan. 14-iyun kuni Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Usmonov mazkur voqea sabab ishdan olindi. Keyinroq IIBda besh kishi ishdan olingani va 19 kishi jazolangani ma’lum qilindi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz Andijonda fuqaroning IIB tomonidan qiynoqqa solinganini qat’iy qoraladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi Narimon Umarov bir fuqaroni qiynoqqa solib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan Andijon shahar IIB xodimlari harakatiga munosabat bildirib, Andijon shahar IIB xodimlarining noo‘rin munosabati asnosida kasb sha’ni oyoqosti qilingani, bir inson eng oliy huquqi bo‘lgan yashash ne’matidan mosuvo bo‘lgani, shu bilan birga, mamlakat rahbariyati va aholi tomonidan davlatning xalqaro imijini yaxshilash uchun qilinayotgan ko‘p sonli harakatlarga putur yetganini ta’kidladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-06-2020, 23:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 103) ( 0) ( 102) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют