» » NYT: Yevropa Ittifoqi o‘z hududiga AQSh, Braziliya va Rossiyadan kirish taqiqini saqlab qolmoqchi

NYT: Yevropa Ittifoqi o‘z hududiga AQSh, Braziliya va Rossiyadan kirish taqiqini saqlab qolmoqchi


Yevropa Ittifoqi rasmiylari koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy etilgan choralarning yumshatilishi doirasida 1-iyuldan fuqarolari ittifoq hududiga kirishi mumkin bo‘ladigan mamlakatlar ro‘yxatini ko‘rib chiqmoqda. The New York Times nashri hujjat qoralamasiga asoslanib xabar berishicha, dastlabki ro‘yxatda AQSh, Braziliya va Rossiya yo‘q.

Iyun oyining birinchi yarmida Yevrokomissiya 1-iyuldan fuqarolari Yevropa Ittifoqiga kirishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Ushbu ro‘yxatdan Chernogoriya, Albaniya, Serbiya, Bosniya va Gersegovina, Kosovo va Shimoliy Makedoniya o‘rin olgan edi. Yevrokomissiya ushbu qarorini mazkur mamlakatlarda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshi yoki Yevropa Ittifoqidagidan ko‘ra yomon emasligi bilan izohlagan edi. Ayni vaqtda Yevrokomissiya koronavirus tarqalishiga doir ma’lumotlar asosida ro‘yxatni qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan edi.

The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, Yevroittifoq rasmiylari hozirda muhokama qilayotgan ikki ro‘yxatda kasallikning tarqalishini deyarli to‘xtata olgan Xitoy, shuningdek, Urugvay, Kuba, Vyetnam kabi bir qator rivojlanayotgan mamlakatlar bor. Biroq muzokaralar ishtirokchilari AQSh, Braziliya va Rossiyaga nisbatan cheklovlarni hozircha bekor qilmoqchi emas — bu uchala mamlakat tasdiqlangan kasallanish holatlari soni bo‘yicha peshqadamlik qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi ma’muriyati har ikkala ro‘yxatni shakllantirishda mamlakatlardagi kasallanish holati haqidagi ma’lumotlarga asoslangan. Bunda so‘nggi 14 kun davomida har 100 ming aholiga nechta kasallanish holati to‘g‘ri kelayotgani mo‘ljal qilib olingan. Yevropa Ittifoqining o‘zida ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 16 tani tashkil etmoqda. Birinchi ro‘yxatdan 47 ta mamlakat o‘rin olgan bo‘lib, ularda kasallanish darajasi Yevroittifoqdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past.

Ikkinchi ro‘yxatda esa 54 mamlakat bo‘lib, ularda vaziyat Yevropa Ittifoqidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yomonroq, biroq yangi kasallanish holatlari soni har 100 ming kishiga 20 nafardan oshmaydi. Taqqoslash uchun, Braziliyada ushbu ko‘rsatkich hozircha 190 kishiga, AQShda 107 kishiga, Rossiyada esa 80 kishiga teng.

“Tanqidchilarning so‘zlariga ko‘ra, prezident Tramp, shuningdek, uning rossiyalik va braziliyalik hamkasblari — Vladimir Putin va Jair Bolsonaru epidemiyaga qarshi kurashda ushbu uchala mamlakatni bir xilda yomon ahvolga solib qo‘ygan deyarli o‘xshash yo‘ldan bordi: ular boshidan bu inqirozga e’tiborsiz munosabatda bo‘lishdi, ilmiy tavsiyalarga juda kech quloq tutishdi va oqibatda dunyoning boshqa qismlari, ayniqsa, Yevropa va Osiyo kasallik tarqalishini asta-sekin nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘lgan bir vaqtda bu uchala mamlakat yangi kasallanish holatlarining keskin oshishiga to‘qnash keldi”, — deb yozadi nashr.

The New York Times’ning qo‘shimcha qilishicha, AQShga nisbatan cheklov saqlab qolinishining siyosiy sabablari ham bo‘lishi mumkin — Donald Tramp 2020-yil bahorida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga Qo‘shma Shtatlarga kirishni taqiqlagan edi va Yevropa mamlakatlari epidemiyani nazoratga olishga erishganiga qaramay, AQSh tomoni ushbu taqiqni hali ham bekor qilgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Shengen zonasi va Yevropa Ittifoqiga kirishga nisbatan taqiq 17-mart kuni joriy etilgan va ikki marta uzaytirilgan edi. Bundan tashqari, ittifoqning ichki chegaralari ham yopilgan edi, ammo may oyidan boshlab Yevropa mamlakatlari Yevroittifoq ichida harakatlanishga nisbatan cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatishni boshladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-06-2020, 13:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 63) ( 0) ( 62) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют