» » Namangan shahridagi 25 ta mahalla yangi tashkil etilayotgan Davlatobod tumani tarkibiga o‘tkaziladi

Namangan shahridagi 25 ta mahalla yangi tashkil etilayotgan Davlatobod tumani tarkibiga o‘tkaziladi


Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi sessiyasida Namangan shahridagi 25 ta mahalla fuqarolar yig‘inini yangi tashkil etilayotgan Davlatobod tumani tarkibiga o‘tkazish haqidagi shahar kengashi qarori tasdiqlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Davlatobod tumani Namangan shahri tarkibida 1995-yilda sobiq Sovet tumani negizida qayta tashkil etilgan bo‘lib, Oliy Majlis Senatining 2003-yil 12-dekabrdagi qaroriga asosan tugatilgandi.

Bugungi kunga kelib Namangan shahri hududi 18 ming gektarni tashkil etib, doimiy ro‘yxatda turgan 633,2 ming fuqarodan tashqari shahar hududiga boshqa tumanlardan kelib yashayotganlar hisobiga 1 million nafardan ortiq aholi yashamoqda. Bu esa viloyat markazini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda tizimli ish tashkil etish, boshqaruv hamda aholi uchun ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratishda muammolar tug‘dirib kelayotgandi.

Kelgusida Namangan shahrini rivojlantirish salohiyatini yanada oshirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimlari sifatini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining kambag‘al qatlamini qisqartirish, jinoyatchilikning oldini olish va hududlarda yuzaga kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida va samarali hal qilish maqsadida Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumani tashkil etilishi belgilandi.

Mazkur loyihaga asosan, Namangan shahri hududidagi umumiy maydoni 40,5 kvadrat kilometrni egallagan jami 25 ta mahalla fuqarolar yig‘ini yangi tashkil etilayotgan Davlatobod tumani tarkibiga o‘tkaziladi. Ularda hozir 150 mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda.

Tuman hududida 4 ta — “Xonobod”, “Orzu”, “Yuksalish” va “Yangihayot” sanoat zonalari tashkil etilgan. 1,5 mingga yaqin sanoat korxonasi, jumladan, “Art soft xolding”, “Namangan to‘qimachi” kabi yirik to‘qimachilik korxonalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning shahar sanoatidagi ulushi 35 foizga teng.

Sessiyada qayd etilishicha, Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumani tashkil qilinishi munosabati bilan alohida dastur ishlab chiqiladi. Natijada tuman istiqbolli va muhim iqtisodiy markazga aylanadi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi davomida Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini qayta tashkil etish taklifini bergandi.

Mavzuga doir: “Loyihalar fabrikasi”, Angor echkilari va xorijdagi o‘zbeklar – vazir o‘rinbosari Namangan viloyatini rivojlantirish strategiyasi haqida



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-07-2020, 21:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 55) ( 0) ( 53) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют