» » Ekologiya va milliy xavfsizlik. Fransiya maxsus xizmatlari nega Greenpeace kemasini portlatib yuborgandi?

Ekologiya va milliy xavfsizlik. Fransiya maxsus xizmatlari nega Greenpeace kemasini portlatib yuborgandi?


1985-yilda Fransiya tomonidan o‘tkazilgan yadroviy qurol sinovlari ekologlarning e’tiborini tortmay qolmadi. Ulardan xalos bo‘lish uchun esa Fransiya maxsus xizmatlari Greenpeace tashkilotiga tegishli bo‘lgan kemani portlatib yubordi. “Daryo” ushbu tarixiy voqea haqida hikoya qiladi.

XX asr davomida atrof-muhitni yadroviy ifloslanish ta’siridan qutqarish uchun kurashayotgan ekologlar va rasmiy hokimiyat o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar bir nafasga ham to‘xtamadi. Ekologlardan norozi bo‘lgan siyosatchilarning so‘zlardan foyda yo‘qligini anglab, amaliy harakatlarga o‘tishini belgilovchi eng jiddiy voqealardan biri 1985-yil 10-iyulda fransuz polineziyasi mintaqasida sodir bo‘ldi.

Gap shundaki, 1962-yilda Jazoir mustaqillikka erishgach, Fransiya yadro qurollarini sinovdan o‘tkazish uchun asosiy “sinov maydonchasini” qo‘ldan chiqargandi.

Jazoirliklar o‘zlarining erkinliklariga qurolli kurash orqali erishgan bo‘lsa, fransuz polineziyasida kayfiyat umuman boshqacha edi. SSSR va AQSh uch sharoitda (atmosfera, ochiq kosmos va suv ostida) bunday sinovlarni taqiqlashga rozi bo‘lganiga qaramay, Fransiya hukumati yadroviy arsenalini sinash uchun Tinch okeanidagi orollardan foydalanishga qaror qilgan.

Yadro sinovlari 1980-yillarda ham davom etgan. Fransuzlar bu sinovlarni asosan Mururoa atollida (halqa shaklidagi marjonlar oroli, o‘rtasida suv) olib bordi. Atrof-muhitni himoya qilish harakatlari avjiga chiqqan paytda, bu ishlarga Greenpeace vakillari aralasha boshladi. Ular Shotlandiyadan Sir William Hardy kemasini sotib olib, uning nomini Rainbow Warrior (“Kamalak jangchisi”) deb o‘zgartirdi va uni yadroviy sinovlar maydoniga yubordi. 1985-yilgacha fransuz askarlari bunday kemalarni shatakka olib, ularni maxfiy bazalar hududidan chetlatish uchun olib ketishardi.

1985-yilda vaziyat o‘zgardi: Rainbow Warrior’dan tashqari, Mururoa atolli’ga yadro sinovlariga qarshi bo‘lgan fuqarolardan iborat yana o‘nlab kemalar kela boshladi. Bu safar Fransiya avvalgidan ancha keskin harakat qilishga qaror qildi: fransuz maxsus agentlari, akvalanglar bilan jihozlanib, Rainbow Warrior kemasining tubiga ikkita portlovchi moslama o‘rnatib qo‘ydi. Fransuzlar birinchi portlashdan keyin kemada ulkan tuynuk paydo bo‘lishini va shu bilan ekologlarning ortga chekinishini rejalashtirgan.

Shunday ham bo‘ldi, lekin oradan yarim soat vaqt o‘tgach, kemaning ba’zi ekipaj a’zolari o‘zlarining narsalarini olish uchun kemaga qaytdi. Aynan shu paytda kemani butunlay yo‘q qilinishi uchun mo‘ljallangan ikkinchi portlash sodir bo‘ldi. Ushbu portlash natijasida shaxsiy buyumlarini olish uchun “Kamalak jangchisi” bortiga qaytgan fotograf Fernando Pereyra halok bo‘ldi. Fransiya esa bo‘lib o‘tgan bu voqeani terroristik akt deb qo‘ya qoldi.

Shunga qaramay, Yangi Zelandiya hukumati maxsus operatsiyani amalga oshirib, mamlakatni tark etishga ulgurmagan ikki nafar fransuz maxsus agentlarini hibsga oldi. Ular deyarli darhol aybni tan olishni va hamkasblarini “sotishni” boshladi. Fransiyada esa mamlakat mudofaa vaziri Sharl Ernyuning iste’foga chiqishigacha bo‘lgan hibsga olishlar to‘lqini boshlanib ketdi. Bundan tashqari, Fransiya aybini tan oldi va Greenpeace’ga 8,1 million dollar tovon puli to‘ladi. Bu pullarni tashkilot nima qilgan deb o‘ylaysiz? Ha, ular yana bir yangi kema sotib olib, unga Rainbow Warrior II nomini berishdi.

Rainbow Warrior’ning parchalari 1985-yil 21-avgustda yuzaga ko‘tarildi va sud-tibbiyot ekspertizasi uchun dengiz ko‘rfaziga ko‘chirildi. Kema korpusiga jiddiy shikast yetkazilgani sababli kemani tiklash iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emas deb topildi. Kemaning machtalari hozirda ekoaktivistlarning g‘alaba ramzi sifatida Dargavill shahar muzeyi binosi oldida turibdi.

Greenpeace rahbari Devid Mak Taggartning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qaror “tinch namoyish o‘tkazish huquqini qo‘llab-quvvatlovchilar va zo‘ravonlik ishlatishdan nafratlanganlar uchun katta g‘alaba” bo‘ldi.

Fransiya davlati yadro sinovlarining moratoriysiga faqat 1998-yilga kelib qo‘shilgan. Mururoa atolli’da esa hali ham hech kim yashamaydi. Tinch okeanida o‘tkazilgan yadroviy sinovlarning oqibatlari hali baholanishi kerak – shu paytgacha tadqiqotchilar bu yerlarda nafaqat yuqori darajadagi radioaktiv ifloslanishni, balki hali to‘liq tushunib bo‘lmaydigan qator ob-havo va atmosfera hodisalarini qayd etishga muvaffaq bo‘lgan.

2013-yilda Greenpeace tashkilotining yana bir kemasi, muzyorar Arctic Sunrise shimoliy qutb atrofida, Rossiyaning Gazprom kompaniyasining neft konlari yaqinida spetsnaz tomonidan qo‘lga olinib, yana bir katta shov-shuv ko‘tarilgandi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...

Nurbek Alimov tayyorlandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-07-2020, 15:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 120) ( 0) ( 118) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют