» » Islom Yevropada. Musulmon Ispaniyasiga asos solgan Gvadalet jangi haqida

Islom Yevropada. Musulmon Ispaniyasiga asos solgan Gvadalet jangi haqida


711-yil 19-iyul kuni Gvadalet shahrida Tariq ibn Ziyod boshliq islom qo‘shini vestgotlar hukmdori Rodrigo qo‘shini ustidan g‘alaba qozondi va Ispaniyaga islom kirib kelishi boshlandi, shuningdek, Vestgotlar qirolligi barham topdi. “Daryo” ushbu tarixiy voqea hamda islomning Pireney yarimoroliga kirib kelishi haqida hikoya qiladi.

VII asr. Yaqin Sharq. O‘sha davrning ikki buyuk imperiyasi, Vizantiya va Eron zaiflashib borayotgan davrlar. Arab yarimorolida, bugungi Saudiya Arabistoni hududida, aniqrog‘i Makka shahrida dunyoni butunlay o‘zgartirib yuborgan olamshumul voqea yuz bermoqda edi. Arablarning o‘zlari esa o‘sha paytda dunyoni o‘zgartirish imkoni o‘zlariga berilganidan bexabar edi. Bunga esa faqat payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshliq oz sonli musulmonlargina ishongan edi.

Qisqa fursat ichida 628–634-yillar davomida arab yarim oroli egallandi va endigi yurishlar Eron va Rumga qaratildi. 634–638-yillar oralig‘ida Suriya, 636–642-yillar davomida Mesopotamiya (Iroq), 638–643-yillar davomida Misr, 644-yilda Tripolitaniya, Kireniak va Liviyaning qolgan hududlari, 642–650-yillar davomida Eron hududlari va 680-yilda bugungi Jazoir hududlari egallandi.

Buyuk ko‘chishlar davrida bugungi Ispaniya hududi germanlarning vestgot qabilasi tomonidan egallandi va u yerlarda 418-yilda Vestgotlar qirolligi tashkil etildi. Shimoldagi basklar, asturlar mustaqil, qirg‘oq hududlari esa Rim imperiyasi mulki bo‘lib qoldi. Rim respublikasi va imperiyasi davrida Rim Hispaniyasi deb atalgan hududlar endilikda Vestgotlar Hispaniyasi deb atala boshladi.

VII asr oxiriga kelib Vestgotlar qirolligi inqirozga yuz tuta boshladi. Vabo va ochlik sababli vestgotlarning to‘rtdan uch qism aholisi qirilib ketdi. Bu esa o‘z navbatida demografik inqirozni keltirib chiqardi. Shuningdek, shimoldan franklar, janubdan esa musulmonlar hujum qilib turishi ham qirollikni zaiflashtirdi. Bundan tashqari, qirollikdagi taxt uchun kurashlar davlatning nihoyasini yaqinlashtirdi.

710-yilda qirol Vitisa vafot edi. Uning o‘rniga vestgotlar aristokratiyasi Rodrigoni qirol deb e’lon qildi. Shu paytda boshqa bir guruh ziyolilar Agilla II ni qirol deb e’lon qildi. U asosan shimoliy hududlarda hukmron edi. Shunday qilib Vestgotlar qirolligi fuqarolik urushi yoqasiga kelib qoldi. Bunday tushkunlikdan musulmonlar foydalanmasliklari mumkin emas edi.

Shimoliy Afrikadagi Vizantiya hududlarini fath qilish 669-yilda eng yosh sahobalardan bo‘lgan Uqba ibn Nafi Al Fihri (r.a) qo‘mondonligida boshlandi. 670-yilda u bugungi Marokash hududlarini egalladi. Ammo mahalliy barbarlarning qo‘zg‘alonlari natijasida musulmonlar Liviyaga chekinishga majbur bo‘ldi. Kosaila boshchiligidagi barbarlar Ifriqiya poytaxti Kairuan shahrini ham egalladi. Ammo bu hududlar tezda qaytarib olindi. Karfagen shahri 697-yilda egallandi. Shimoliy Afrikaning to‘liq egallanishi 705-yilda Tanger shahrining egallanishi bilan nihoyasiga yetdi.

710-yilda vestgotlar va vizantiyaliklar o‘rtasida bahsli hudud bo‘lgan Seuta egallandi. Bu paytga kelib shahar vestgotlarga qarashli edi. 710-yilning iyul oyida Tariq ibn Ziyod Tarif ibn Malik boshliq 400 kishini Pireney yarimoroliga yubordi. Shu yili Tarifa oroli egallandi. Orol Tarif ibn Malik sharafiga Tarifa deb nomlandi. Ispan tarixchilari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu jangda Seuta grafi Yulian arablarga yo‘l ko‘rsatuvchilik qilgan. Ba’zi afsonalarga ko‘ra, Yulianning qizi Rodrigo tomonidan zo‘rlangan va bunga javoban Yulian arablar bilan hamkorlik qilgan. Ammo bu ma’lumot tasdiqlanmagan.

Shuningdek, Rodrigoga qarshi bo‘lgan zodagonlarning bir qismi ham arablar bilan hamkorlik qilgani haqidagi ma’lumotlar ham ispan mualliflari tomonidan ilgari suriladi. O‘sha paytlarda Pireney yarimorolida istiqomat qilgan yahudiylar ham musulmonlarga yordam bergan. Chunki, yahudiylar 617-yilda vestgotlar tomonidan majburan ularning diniga o‘tkazilgan. Shuningdek, vestgotlar qonunchiligi yahudiylarga nisbatan tazyiqlarni ham kuchaytirib yuborgan (Les Juifs dans l'Espagne chr?tienne avant 1492, B?atrice Leroy, Albin Michel, 1993).

Musulmonlarga ko‘rsatgan yordami tufayli 1492-yildan keyin Ispaniya nasroniylar tarafidan qayta egallangach, ko‘plab yahudiylar Pireney yarimorolidan surgun qilingan va ularga Usmonli davlati boshpana bergan.

Tanjer noibi Tariq Ibn Ziyod 711-yil 30-aprel kuni Pireney yarimoroliga qadam qo‘ydi. U kechib o‘tgan bo‘g‘oz bugun ham uning sharafiga Gibraltar deb ataladi. Arabchada Jabar al Tariq, ya’ni Tariq tog‘i ma’nosini beruvchi bu atama Gibraltar shakliga o‘zgargan. Gibraltar qoyasiga o‘rnashgan Tariq Andaluziya fathini shu yerdan turib amalga oshira boshladi. Qirg‘oqqa chiqqandan keyin Tariq barcha kemalarni yoqib yubordi va quyidagi mashhur nutqini aytdi: “Ey odamlar, qochish qayerda? Sizning orqangizda dengiz va oldingizda dushmaningiz, sizda faqat Allohga bo‘lgan iymon va sabr bor”.

Ummaviylar qo‘shini Andaluziyaning janubiga o‘rnashdi va vestgotlar bilan hal qiluvchi jang 711-yil 19-iyul kuni bo‘lib o‘tdi (Claudio S?nchez-Albornoz, Or?genes de la Naci?n Espa?ola : Estudios Cr?ticos sobre la Historia del Reino de Asturias, t. I, Oviedo, Instituto de Estudios Asturianos, 1972).

Ushbu jang tarixda Gvadalet jangi deb nomlandi. Jang Gvadalet daryosi bo‘yida bo‘lgani uchun ham shu nom bilan ataldi. Arablar Andaluziyaga qadam qo‘ygan paytda qirol Rodrigo shimolda basklarga qarshi urushda edi. Bu xabarni eshitib Toledaga qaytib keldi va 33 minglik qo‘shin bilan musulmonlarga qarshi yo‘lga otlandi. Musulmonlar qo‘shini yetti mingtani tashkil qilardi (Pierre Guichard, Al-Andalus, 711-1492 : Une histoire de l'Espagne musulmane, Hachette Litt?ratures, coll. « Pluriel », 2000, 269 p. p 22). Unga keyinchalik Ifriqiya voliysi Musa ibn Nusayr yuborgan besh ming kishilik qo‘shin kelib qo‘shildi.

Musulmonlar shiddatli hujumlar qilib tezlik bilan chekinish taktikasini qo‘lladi. Bu vestgotlarga harakat qilishga qiyinchilik tug‘dirdi. Musulmon qo‘shining asosiy qismini tashkil qilgan otliq qism vestgotlarga qarshi kuchli zarba berib, ko‘plab yo‘qotishlarga duchor qildi. Jangda qirol Rodrigo ham vafot etdi.

Ushbu jangdagi g‘alaba musulmonlarga Andaluziya eshiklarini ochdi. Jangdan so‘ng musulmonlar juda tezlik bilan ildamlab bordi. Buning esa bir nechta sabablari bor edi. Fuqarolar urushi va Pireney yarimorolining ochlik va kasallikdan sillasi qurigan, siyosiy barqarorlik istagan katta qism aholisi, xususan, xristian hukmdorlari tomonidan ezilgan yahudiylarning musulmonlar bilan hamkorlik qilishlari ularning tez harakat qilishlariga imkon berdi.

Vestgotlar yangi qirolni tayinlashga ulgurmaslaridan arablar egallab oldi. Gvadalet jangidan bir necha oy o‘tib, vestgotlar poytaxti Toledo egallandi va bu Ispaniyada vestgotlar qirolligiga nihoya yasadi. 714-yilda Musa ibn Nusayr 18 ming kishilik, asosan arablardan tashkil topgan qo‘shin bilan Alg‘asira qirg‘oqlariga kelib tushdi va Saragosani egalladi.

Ikki qo‘mondon Pireney yarimorolining katta qismini egalladi va endi bu yer Ummaviylar hukmi ostidagi Andalus viloyatiga aylandi. Qochib qutulgan vestgot zodagonlari shimolga asturlar huzuriga bordi va 722-yildan 1492-yilgacha davom etgan Rekonkistaning targ‘ibotchisiga aylandilar. Musulmonlar esa sakkiz asr davomida Pireney yarimorolining shimoliy qismidan boshqa hududlarini idora etdi.

Tarixchi Josef Prezning ta’kidlashicha, “711-yilgi qo‘shin asosan shimoliy afrikalik barbarlardan tashkil topgan edi. Ularning orasida arablar juda kamchilikni tashkil qilgan. Shu sababli ispaniyaliklar musulmonlar hukmronligi haqida gapirganda arablar emas, balki mavrlar, ya’ni mag‘ribliklar deya tilga oladilar” (Joseph P?rez, Histoire de l'Espagne, Paris, A. Fayard, 1996, 921 p. p. 34).

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-07-2020, 11:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 87) ( 0) ( 86) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют