» » Olmaliqda iyulda koronavirusga chalingan ikki ayol vafot etgan. Bu o‘lim holatlari SSV statistikasida (hozircha) yo‘q

Olmaliqda iyulda koronavirusga chalingan ikki ayol vafot etgan. Bu o‘lim holatlari SSV statistikasida (hozircha) yo‘q


O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi rasman 15-mart kuni boshlangan bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) hozirgacha (20-iyul soat 21:50 holatiga ko‘ra) COVID-19 sabab 90 kishi vafot etganini e’lon qildi. Bundan tashqari, Davlat xizmatlari agentligi va Madaniyat vazirligida ishlagan yana ikki fuqaro koronavirusga chalinib, vafot etgani haqida shu tashkilotlarning o‘zi rasman axborot bergan, biroq bu holatlar SSV tomonidan tasdiqlanganicha yo‘q. Katta ehtimol bilan, bu SSV hozircha tasdiqlamagan (yoki hisobga olmayotgan) yagona o‘lim holatlari emas.

20-iyul kuni Olmaliq hokimligi matbuot xizmati Epidemiyaga qarshi kurash bo‘yicha shahar favqulodda komissiyasining 19-iyul holati bo‘yicha epidemiologik vaziyatga doir axborotini e’lon qildi. Unda ta’kidlanishicha, epidemiya boshidan beri shaharda jami 28 kishida koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan, kasallik asoratlari oqibatida ikkita o‘lim holati yuz bergan. Qayd etish joiz, shu vaqtgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida COVID-19 sabab o‘lim holatlari qayd etilgani haqida biror marta axborot bermagan edi.

Shahar hokimligidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, Olmaliq hokimi Usmon Rahimov 12-iyul kuni aholiga yo‘llagan murojaatida shaharda koronavirus infeksiyasi oqibatida bitta o‘lim holati qayd etilganini alohida qayd etib o‘tgan. Hokimlik rasmiylari ushbu o‘lim holatlari SSV tomonidan nima uchun ma’lum qilinmayotgani ularning o‘zi uchun ham tushunarsiz ekanini ta’kidladi. Shahar Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi (SEOM) rahbari Farruxbek Musayev Olmaliqda koronavirus sabab yuz bergan o‘limlar haqida “Daryo”ga ma’lumot berdi.

Ma’lum qilishlaricha, Olmaliqda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatidagi birinchi o‘lim 9-iyul kuni qayd etilgan. “1969-yilda tug‘ilgan ayol 6-iyul kuni ikki tomonlama bronxopnevmoniya tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bemordagi klinik belgilar koronavirusga o‘xshash bo‘lgani, jumladan, tana harorati ko‘tarilgani sabab 8-iyul kuni undan koronavirusga test olingan. Bemor 9-iyul kuni Olmaliq shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan, test natijasi (musbat) o‘limidan so‘ng chiqqan”, — deya ma’lum qildi SEOM rahbari.

15-iyul kuni ikkinchi o‘lim qayd etilgan. “1957-yilda tug‘ilgan ayolda 13-iyul kuni ikki tomonlama bronxopnevmoniya tasdiqlangan, unga umumiy amaliyot shifokori tomonidan shifoxonada davolanish uchun yo‘llanma berilgan, biroq bemor yo‘llanmani rad etgan va uy nazoratida davolanishni davom ettirgan. Ahvoli og‘irlashgach, 15-iyul kuni Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, shu kuni vafot etgan. Undan olingan test natijasi (musbat) ham o‘limidan so‘ng chiqqan”, — dedi Farrux Musayev.

Qo‘shimcha qilishlaricha, “har ikkala bemor o‘rnatilgan tartib bo‘yicha, barcha dezinfeksiya choralari ko‘rilgan holda, dafn etilgan”, ular bilan birlamchi muloqotda bo‘lganlarning barchasidan, oila a’zolaridan analizlar olingan, ular kuzatuv ostida bo‘lib turibdi.

Shu tariqa “Daryo” hisobi bo‘yicha 20-iyul soat 21:50 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 94 nafarga yetdi — 90 ta holat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan, qolgan holatlar esa Davlat xizmatlari agentligi (bitta holat), Madaniyat vazirligi (bitta holat) va Olmaliq shahri rasmiylari (ikkita holat) tomonidan ma’lum qilingan (va hozircha SSV tomonidan tasdiqlanmagan).



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-07-2020, 21:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 97) ( 0) ( 97) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют