» » UzAuto Motors Rasul Kusherbayevning tez yordam mashinalari oshirilgan narxlarda sotilayotgani haqidagi tanqidiga javob qaytardi

UzAuto Motors Rasul Kusherbayevning tez yordam mashinalari oshirilgan narxlarda sotilayotgani haqidagi tanqidiga javob qaytardi


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev UzAuto Motors kompaniyasi tez yordam uchun avtomobillarni oshirilgan narxlarda sotayotganini tanqid qilgani haqida xabar berilgandi. UzAuto Motors “Daryo”ga Rasul Kusherbayevning so‘zlari bo‘yicha izoh berdi.

Quyida UzAuto Motors matbuot xizmati tomonidan berilgan izoh to‘liqligicha taqdim etiladi.

Kecha go‘yoki UzAuto Motors kompaniyasi tez yordam uchun avtomobillarni oshirilgan narxlarda sotayotgani haqida balandparvoz bayonot bergan deputat Kusherbayev madaniy muloqot doirasidan chetga chiqdi, zero mavzudan bexabar o‘quvchi uchun bamisoli kompaniyamiz mavjud vaziyatda narxlarni atayin oshirayotgandek bo‘lib ko‘rindi. Tabiiyki, bu gap haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi va UzAuto Motors ayrim siyosatchilar uchun populizm asosiy, ba’zida esa yagona qurol bo‘lishini yaxshi tushungan holda Rasul Xidiraliyevichning ayblovlarini bandma-band tahlil etishga tayyor.

Janob Kusherbayev UzAuto Motors COVID-19 pandemiyasi munosabati bilan O‘zbekistonda yuzaga kelgan og‘ir vaziyatni e’tiborga olmayotir, deya da’vo qiladi. Biroq biz professional jurnalist o‘zi aytayotgan so‘zlarining mohiyatini chuqurroq anglashi, tajribali parlamentariy esa so‘zlarining mas’uliyatini yaxshiroq his qilishi lozim ekanligiga aminmiz. Aftidan, deputat uchun bu o‘z shaxsini butun tarmoqqa qarshi qo‘yish hisobiga auditoriya qamroviga osonroq erishishga qaratilgan oddiy xabar bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, o‘z saylovchilariga bo‘lgan oddiy hurmat ham ularga tekshirilgan axborot taqdim etishni nazarda tutadi. Afsuski, bayonotdagi deputat so‘zlarida haqqoniylikdan asar ham yo‘q.

Nafaqat UzAuto Motors, balki kompaniya xodimlari ham, hamkorlari ham pandemiyaning birinchi kunlaridan koronavirusga qarshi kurashda faol qatnashib kelmoqda. To‘g‘ri, ehtimol, kompaniya o‘zining xayriya aksiyalarini ko‘z-ko‘z qilmayotgandir, biroq bu hech bir siyosatchiga tarmoq korxonalarining va ularda ishlayotgan o‘n minglab xodimlarning umumiy kurashga qo‘shayotgan hissalarini kamsitish huquqini bermaydi.

Xayriya ishlaridagi ulushlari haqida gapirish kompaniya odatlariga kirmaydi, ammo Rasul Kusherbayev o‘zining haqoratomuz posti bilan ularni yodga olishga majbur qilmoqda: ‘O‘zavtosanoat’ AJ va uning tuzilmaviy bo‘linmalari birinchilardan bo‘lib ‘O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik’ jamoatchilik fondiga 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘tkazdi. Bundan tashqari, joriy yil aprel oyida kompaniya respublikaga xorijiy hamkorlaridan 2 milliard so‘mlik tibbiyot jihozlarini keltirish tashabbuskori bo‘ldi. Yana 2 milliard so‘mga teng mablag‘ tarmoq korxonalari tomonidan Sardoba suv ombori yorilishi va Buxoro viloyatidagi to‘fondan zarar ko‘rganlar foydasiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, tarmoq tomonidan hokimiyat idoralariga karantin muassasalarining qurilishi uchun o‘pkani sun’iy nafas oldirish apparatlari va 2500 ta konteyner beg‘araz taqdim etildi. Qolaversa, epidemiyaning ilk kunlarida, hali maxsus karantin markazlari yaratilmagan paytda, ‘O‘zavtosanoat’ AJ Hojikentdagi ‘Lochin’ idoraviy sog‘lomlashtirish oromgohini yuzlab insonlarni karantinga joylash uchun taqdim etdi va ularning to‘liq ta’minotini zimmasiga oldi. Mana shular va boshqa ko‘plab faktlardan keyin ham kompaniya vatandoshlar tashvishlariga bee’tibor, deb da’vo qilish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

Hurmatli O‘zLiDeP fraksiyasining a’zosi o‘zining UzAuto Motors tomon og‘zaki hamlasiga tasdiq o‘laroq juda qiziq misol keltiradi — Farg‘ona viloyati hokimligi 20 dona yangi Damas avtomobilini xarid qilganini aytadi. Bu bilan janob Kusherbayev aynan nima demoqchi bo‘lgani unchalik tushunarli emas. Agar bu tez yordam ehtiyojlari uchun avtomobillar bepul berilishi kerakligiga shama bo‘lsa, unga, har qalay, o‘tgan haftaning o‘zida UzAuto Motors mutlaqo bepul asosda Andijon viloyati hokimligiga olti dona Damas tez yordam avtomobilini taqdim etganligini aniqlashtirish qiyinchilik tug‘dirmagan bo‘lardi. Aftidan, bu haqda barcha OAVlarda e’lon qilinmagani xato bo‘lgan ko‘rinadi, lekin kompaniya umumiy ofat paytida bunday ishlarni ko‘z-ko‘z qilishni to‘g‘ri deb hisoblamaydi.

Balki, Rasul Xidiraliyevich tez yordam ehtiyojlari uchun barcha avtomobillar beg‘araz yetkazib berilishini istar? Ammo Qonunchilik palatasining hurmatli deputati ilgari surayotgan bu g‘oya munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ‘Homiylik to‘g‘risida’gi qonunining ayrim me’yorlarini eslatib o‘tishni xohlar edik. Unga ko‘ra, ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarning homiylikka yillik xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 10 foizidan oshmasligi kerak. Shu munosabat bilan birinchi yarim yillikning o‘zida xayriya maqsadlariga 37 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirgan UzAuto Motors ming xohlamasin, ushbu chegarani bosib o‘ta olmaydi.

Endi savol tug‘iladi: mamlakatimizda qonunlarni kim yozadi? UzAuto Motors rahbariyatimi yoki har qalay, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarimi? Barchasi sizning qo‘lingizda, hamkasblaringiz ixtiyorida, qadrli Kusherbayev janoblari.

UzAuto Motors o‘z xayriya faoliyatida siz ishlab chiqqan qonunlarga tayansa, siz joriy qilgan cheklovlar doirasida ish ko‘rsa, nega endi ta’na aynan siz tomondan yangramoqda?

Kompaniya tez yordam ehtiyojlariga o‘z mahsulotlarini bepul taqdim etsin uchun, amaldagi qonunga e’tiroz bildiradimi? — Yo‘q, e’tirozi yo‘q.

Agar shunday qonun qabul qilinsa, kompaniya uni ijro etishga tayyormi? — Zo‘r mamnuniyat bilan!

Bunday qonun loyihasi parlamentga kiritilganmi? — Har qalay, kompaniya bu haqda eshitmagan.

Rasul Xidiraliyevich Kusherbayev shunday g‘oya bilan yoki epidemiologik inqirozni yengish bo‘yicha boshqa har qanday tashabbus bilan ommaviy bayonot berdimi? — Aslo yo‘q.

UzAuto Motors matbuot xizmati

Avval Toshkent shahri hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy uskunalar va tibbiy maqsadda foydalanish uchun Damas avtomobillarini sotib olgani xabar qilingandi.

Shuningdek, 2020-yil 3-iyulda O‘zbekistonda Isuzu D-Max pikaplari negizida tez yordam mashinalari ishlab chiqarilishi, 7-iyulda O‘zbekiston koronavirusga chalingan bemorlar uchun yana 15 ta yangi reanomobil xarid qilingani, 20-iyulda esa Jizzaxda ishlab chiqarilgan Volkswagen Caddy negizidagi tez yordam avtomobillari Toshkentga yuborilishi haqida xabarlar berilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-07-2020, 22:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 119) ( 0) ( 117) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют