» » Buxoro viloyatida donasi 12 mln so‘mdan jami 50 ta kislorod konsentratori xarid qilingan. Apparatning asl narxi qancha?

Buxoro viloyatida donasi 12 mln so‘mdan jami 50 ta kislorod konsentratori xarid qilingan. Apparatning asl narxi qancha?


Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi koronavirus bilan og‘rigan bemorlarga yordam berish maqsadida Dynmed kompaniyasining har biri 12 million so‘m turuvchi 50 dona tibbiyot konsentratorini sotib olgani haqida xabar berilgandi. “Gazeta.uz” ushbu tibbiyot uskunasining asl narxi qancha ekani va uni yetkazib beruvchi tadbirkorlik subyekti haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

2020-yil 20-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarning chuqur tanqidiy tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida konsentratorlarni O‘zbekistonga olib kelish uchun maxsus samolyot ajratish haqida ko‘rsatma bergan. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekistonga dori vositalari va tibbiy buyumlarni, jumladan, kislorod konsentratorlarini import qilish jarayoni soddalashtirilgan.

Buxoro viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, har bir kislorod konsentratori 12 million so‘mga (1175 AQSh dollari) sotib olingan. Buxoro viloyati maxsus shtabi taqdim etgan fotosuratlarda apparatda Xitoyning Kunshan Dynmed Medical Technology kompaniyasi logotipi borligini ko‘rish mumkin.

Telegram’da “Bakiroo” kanali yurituvchi Otabek Bakirov Dynmed kompaniyasining kislorod konsentratorlari Alibaba’da 320 dollardan taklif etilayotganini, agar 100 tadan ortiq olinsa, 220 dollardan sotilayotganini yozib qoldirdi. Shuningdek, “Troll.uz” kanalida ham 50 dona konsentrator orasidagi farq 436 million so‘m ekani tanqid qilingan.

23-iyulda Buxoro hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev mazkur holatni izohlar ekan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan olib borilayotgan ishlarga asossiz xulosa berilayotganini qoralashini bildirib, bloger aytayotgan narxda kislorod konsentratori bor bo‘lsa, xarid qilishga tayyorligini aytgan.

“Gazeta.uz” surishtiruvida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi kislorod konsentratorini to‘g‘ridan to‘g‘ri budjet xaridlari (davlat xaridlari portali) orqali sotib olgani ma’lum bo‘lgan. Vigour Export kompaniyasi bilan 22-iyul kuni oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Kelishuv qiymati 505,8 million so‘mni (bir dona konsentrator uchun 10,1 million so‘m) tashkil qiladi.

Vigour Export vakili “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda konsentratorlar O‘zbekistonga olib kelinmagani va 15 ish kuni davomida yetkazib berilishini bildirgan. Shuningdek, suratlardagi kislorod konsentratorlari u ishlaydigan kompaniya tomonidan yetkazib berilmaganini ta’kidlagan.

“Bizning texnika kuchliroq va eng yangi model. Fotosuratdagi apparatni biz yetkazib bermaganmiz… Bizning va o‘sha apparatning o‘rtasida yer bilan osmonchalik farq bor. Bizning konsentratorlar ko‘p funksiyali”, — deya apparat haqidagi ma’lumotlarni berishni va’da qilgan u (biroq “Gazeta.uz” e’lon qilgan maqolada bu boradagi axborot yetib kelmagani qayd etilgan).

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, Vigour Export 2020-yil 21-mayda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va uning ustav kapitali 300 million so‘mni tashkil qiladi. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi — parrandachilik. Kompaniya vakilining aytishicha ustavda parrandachilikdan tashqari yana 92 ta faoliyat turi yuritilishi haqida yozib qo‘yilgan va ular orasida eksport-import operatsiyalari ham mavjud.

“Gazeta.uz”ning yozishicha, nashr muxbiri Buxoro viloyati hokimligi va sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari bilan gaplashib, shartnoma hamda konsentratorlar haqida ma’lumot olishga uringan, ammo ular tomonidan tayinli javob berilmagan. Boshqarmadagilar kislorod konsentratorlariga mas’ul xodim bilan bog‘lashni va’da qilgan, ammo keyin qo‘ng‘iroqlarga javob bermagan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-07-2020, 06:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 53) ( 0) ( 51) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют