» » Madaniyatni yakson qilgan “Madaniy inqilob”. Mao Szedun aslida nimani ko‘zlagan edi?

Madaniyatni yakson qilgan “Madaniy inqilob”. Mao Szedun aslida nimani ko‘zlagan edi?


Buyuk proletar madaniy inqilobi – shaxsan Xitoy inqilobchisi, davlat va siyosiy arbob, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Mao Szedun tomonidan amalga oshirilgan siyosiy va mafkuraviy kampaniyadir. Ushbu mafkuraviy yurish XXR hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan “kapitalizmni tiklash” va “ichki va tashqi revizionizmga qarshi kurash” bir dekada, aniqrog‘i 1966-yildan boshlab 1976-yilgacha davom etadi.

Xitoy Kommunistik partiyasida (XKP) “Katta sakrash” harakatidan so‘ng yuzaga kelgan bo‘linish madaniy inqilob sababi bo‘ldi. Ushbu amalga oshirilgan siyosiy-mafkuraviy yurishni uch bosqichga ajratib olish mumkin: birinchi bosqich – kommunist yoshlarning faolligi, ikkinchi bosqich – 7-may kadrlar maktabi va oxirgi uchinchi bosqich – pragmatik choralar va siyosiy kurash. “Daryo” Xitoy xalqining madaniy merosi namunalari yo‘q bo‘lishiga olib kelgan inqilob haqida hikoya qiladi.

Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Xalq Respublikasidagi madaniy inqilobning sabablaridan biri rahbarlik uchun kurashdir. “Katta sakrash” harakatining muvaffaqiyatsizligi o‘sha paytdagi XXR raisi Maoning mamlakatdagi mavqeyiga qattiq ta’sir o‘tkazdi. Shu sabali Mao Szedun madaniy inqilob orqali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan va XXR siyosiy maydonidagi o‘z yetakchiligini mustahkamlash uchun ikki asosiy vazifani o‘zi uchun belgilab oldi: iqtisodiy reforma amalga oshirmoqchi bo‘lgan muxolifatni yo‘q qilish va kambag‘al qatlamni biror nima bilan band qilish.

Mao Szedun bir o‘q bilan ikki quyonni urdi. “Katta sakrash” muvaffaqiyatsizligini ichki muxolifat – Lyu Shaosi  va tashqi dushmanlarga (aniqrog‘i, Xrushchev boshchiligidagi “revizionist” SSSR) ag‘darish orqali rais raqibni yo‘q qildi va xalq orasida norozilik uyg‘otdi. 60-yillar o‘rtalarida partiyada Mao Szedunning siyosatiga qarshi noroziliklar paydo bo‘la boshladi. Bu noroziliklar asosan “Katta sakrash” operatsiyasiga nisbatn xalq orasida yig‘ilib qolgan noroziliklarga asoslangan edi. Bu vaqtga kelib muxolifatda ikki norasmiy rahbar paydo bo‘ldi – Lyu Shaosi va Den Syaopin. Bu ikki rahbar Xitoy rivojlanish strategiyasiga nisbatan yumshoqroq yondashuvlarni ilgari surdi. Ammo hokimiyat qo‘lidan ketayotganini sezgan Mao ommaviy terror uyushtirdi.

1966-yil 16-mayda XKP Markaziy qo‘mitasining siyosiy byurosi “burjuaziya vakillari” va Maoga qarshi bo‘lganlarni partiya, ommaviy axborot vositalari va ilmiy va madaniy muassasalarda mag‘lubiyatini amalga oshirish uchun “16.05 diretivasi”ni ishlab chiqdi. Mao ushbu hujjatning bevosita muallifi emas edi, uning asl mualliflari boshqa.Shu yilning 28-mayida Xitoy Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi qoshida “madaniy inqilob”ga yo‘naltirilgan guruh tuzildi. Ushbu guruh de-yure partiyaga, de-fakto shaxsan Mao Szedunga bo‘ysunar edi. Rasmiy ravishda uni Chen Boda, aslida esa Szyan Sing boshqargan. Asta-sekin partiya va davlat hokimiyatining yuqori organiga aylangan guruhga “16.05 direktivasi”ning barcha mualliflari kiritilgan.

“Inqilob” oldidan Xitoyda “o‘z-o‘zini tanqid qilish” kampaniyasi boshlandi. Partiya a’zolari va boshqalar yozma ravishda “tovbasiga tayanishlari” zarur edi. Buni ko‘plab amaldorlar amalga oshirdi, shuningdek, Lyu Shaosi ham. 1966-yil 24-iyulda Mao shaxsan Liu Shaosining pozitsiyasini tanqid qildi. Shundan so‘ng u “chetga surildi”. Bu jarayon o‘sha paytda ko‘p yuz bergan bo‘lib, unda partiya rahbari rasman ishdan ketmasa ham, uy qamog‘ida saqlanar edi. Qo‘lga olingan insonni bunday holatda yillar davomida ushlab turish ham “sinovdan o‘tkazilgan”.  Qo‘lga tushgan Lyuga va oilasiga nafaqat ruhiy, balki jismoniy zo‘ravonlikni ham amalga oshirildi. Lyu oxir-oqibat rasman qamoqqa o‘tkazildi va 1969-yilda o‘sha yerda jon beradi.

Muxolif Shaosidan so‘ng XKP Markaziy Qo‘mitasi Shimoliy Xitoy byurosi kotibi Li Lisan ta’qiblar natijasida o‘z joniga qasd qiladi. Lining o‘limi turli manbalarda turlicha keladi – boshqa variantga ko‘ra, u zaharlangan. Xavf-xatarni his qilgan Mao hokimiyatning yuqori bo‘g‘inlarida tozalash bilan to‘xtab qolmadi. “Partiya safini yangilash” keng ko‘lamda amalga oshirildi. Ushbu harakatlar turli mavkuraviy kampaniyalar doirasida amalga oshirildi.

O‘z maqsadiga erishish uchun Mao “to‘rtta qoldiq”ni yo‘q qilishga chaqirdi, bular: eski g‘oyalar, eski madaniyat, eski urflar va eski odatlar. Bularning o‘rning Maoning g‘oyalari singdirilishi kerak edi. 1966-yilning 1-iyun kuni Pekin universiteti falsafa fanlari o‘qituvchisi Ne Yuanszi tomonidan radio orqali “revizionistlarni yo‘q qilishga chaqirig‘idan so‘ng millionlab maktab o‘quvchilari va talabalar guruhlarga bo‘linib, o‘zlarining o‘qituvchilari, universitet rahbariyati orasida “yirtqich hayvonlar va jinlarni” (revizionistlar) qidira boshladi, shundan so‘ng o‘qituvchilarni himoya qilgan mahalliy va shahar hokimiyatlarda ham qidiruv boshlandi.

Qo‘lga tushirilgan “dushmanlarga” vahshiylarcha munosabat ko‘rsatildi: dasibao – protestni ifodalovchi devoriy gazetalar ilishdi, ba’zan kamsituvchi latta kiydirib (asosan ayollarga), yuzlarini qora siyoh bilan bo‘yab, it kabi hurishga majbur qilishdi – ularga egilib yoki emaklab yurishga buyurildi. O‘sha yildagi olti oylik tanaffus yana 50 million o‘quvchi ushbu harakatga qo‘shilishiga sababchi bo‘ldi.

Xitoy gazetalari ham o‘quvchilarni “ruhlantirishdan” charchamadi.  “Antimaochilarlarni o‘ldiringlar, ularga o‘lim!” sarlavhali maqolalar chiqa boshladi. Xunveybinchilarga (Hongweibing – “qizil qo‘riqchilar”) politsiya ham halal bermaslikka qaror qildi. “Ular dushmanlarni o‘ldirishmoqda, shunday ekan, biz ularga halal bermaymiz”, deydi umummilliy xavfsizlik vaziri Se Fuchji politsiyachilarga qarata. Yana turli xil vazirliklar, jumladan, transport vazirligi ham ularga xayrixoh bo‘ldi: “qizil qo‘riqchilar” uchun yo‘l kira narxi tekin qilib qo‘yildi,”. Sabab – ko‘proq tajriba almashishni ta’minlash.

Madaniy va ilmiy faoliyat holati juda yomon ahvolga kelgan edi. “Maoga sadoqat raqsi” keng tarqaldi, Mao Szedunning qalamiga mansub kitobdan bo‘lak boshqa kitob sotishga taqiq qo‘yildi, teatrlarda faqatgina Maoning rafiqasi tomonidan yozilgan spektakllar qo‘yilishi majbur qilindi, ibodatxona va monastirlar yopildi va hattoki Buyuk Xitoy devorining bir qismi yiqitildi. Devordan chiqqan g‘ishtlar “zarurroq bo‘lgan” cho‘chqaxona qurilishida ishlatildi.

1967-yil qurolli to‘qnashuvlar avj oldi. “Qizil bayroq” va “Kommunizm shamoli” otryadlari to‘qnashuvi natijasida 900 kishi halok bo‘ldi. Gansu provinsiyasida odamlarni sim bilan mashinalarga bog‘lab, vahshiylarcha to‘xtovsiz pichoq sanchildi. Yana bir qonli to‘qnashuv Ichki Mo‘gulistonda sodir bo‘ldi: 1967–1969-yillarda davom etgan urushda 20 mingdan ziyod mo‘g‘ullar o‘ldirildi, 300 mingdan ortiq kishi yaralandi.

1967-yil kuzida muhim burilish amalga oshirildi – Mao armiyani “qizil qo‘riqchilar”ga qarshi qo‘ydi va bu ishi bilan ularni “qobiliyatsiz” va “siyosiy yetuk emas”, deb tan oladi. Shunday qilib, 1967-yil 19-avgustda uzoq muddatli pozitsion urushdan keyin 30 ming askar va xalq dehqon militsiyasining jangchilari Guilin shahriga kirib borishdi. Olti kun ichida shahardagi barcha “qizil qo‘riqchilar” yo‘q qilindi. Mao agar qizil gvardiya armiya bilan jang qilsa, odamlarni o‘ldirsa, transport vositalarini yo‘q qilsa yoki o‘t qo‘ygudek bo‘lsa, ularni yo‘q qilish bilan tahdid qildi. Shundan so‘ng Shanxayda “isyonchilar”ning bir necha rahbarlari o‘limga hukm qilindi va omma oldida otib tashlandi. Millionlab yoshlar chekka-chekka hududlarga yuborildi va ularning ko‘p qismi u yerlarda 10 yildan ortiq qolib ketdi.

“Madaniy inqilob”ning 2-bosqichi 1969-yil may oyida boshlanib, 1971-yil sentabrida yakuniga yetdi. Ushbu maktab 1968-yil yakunida tashkil qilingan bo‘lib, uning nomi Mao Szedun 7-may kuni berilgan taklifidan olingan. Ushbu taklif maktablarda kadrlar va ziyolilarga foydali jismoniy mehnat bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tashni ko‘zda tutadi. 7-may kuni 18-provinsiyada yuqori lavozimli amaldorlar uchun 106 kadrlar maktabi qurildi.

Markaziy Qo‘mitadagi asosiy rahbarlar ham ushbu maktablarga jo‘natildi. Kadrlar maktabini tashkil qilish shunchalik tez rivojlandiki, qisqa muddat ichida Guandun provinsiyasida 300 ta maktab qurilib, mingdan ziyod kadrlar jismoniy mashg‘ulot o‘tash uchun ushbu maktablarga yuborildi. Kadrlar tayyorlash maktablarida qo‘llaniladigan asosiy tizim – “uchdan uch qismi” tizimi edi. Bu avvalgi kadrlar ish vaqtining uchdan bir qismi jismoniy mehnat bilan, bir qismi nazariya va yana bir qismi esa ishlab chiqarish, boshqaruv va yozishni tashkil qilish bilan shug‘ullanishdan iborat edi.

Inqilobning ikkinchi bosqichi davomida talaba, ishchi va harbiylar Xitoyning chekka joylariga yuborildi. 1968-yil fevral-may oylarida 346 ming kishi yashirin dushmanchilikda ayblanib hibsga olingan, ularning uchdan ikki qismi mo‘g‘ullar edi.“Sotqinlar o‘chog‘i” Shansi provinsiyasidagi zavod bo‘ldi. Birgina ushbu joyda jami 547 ta “sotqin” aniqlandi. 1969-yilda Shenyanda Liaoning provinsional XKPning targ‘ibot bo‘limi boshlig‘i Chjan Jisin Mao Zedong, Lin Biao va Szyan Singga qarshi ochiq gapirgani uchun hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Ushbu holat juda ham kam uchraydigan bo‘lib, partiya rahbariyati tomonidan partiya rahbariyati va madaniy inqilob siyosatini kamdan-kam tanqid qilish epizodi sifatida oomaviy rezonansga keltirib chiqardi.

“Madaniy inqilob”ning uchinchi bosqichi 1971-yil sentabridan 1976-yil oktabr – Mao Zedong vafotigacha davom etdi. Ushbu bosqich iqtisodiyot va siyosatda Jou Enlai va “to‘rtlik guruhi” (Siang Sin, Yao Venyuan, Jang Chunsiao va Vang Hunven) hukmronligi bilan tavsiflanadi.

Turli xil manbalarga ko‘ra, ushbu inqilob taxminan bir million odamning yostig‘ini quritgan. Birgina Guansi provinsiyasida “madaniy inqilob” natijasida 67 ming, Guandunda esa 40 ming inson vafot etdi. 10 yil davomida partiya a’zolari ko‘paygandan ko‘payib bordi. Shunday yo‘l bilan Mao “yangi” – shaxsga sig‘inishning fanatik izdoshlari bilan har qanday kelishmovchiliklarga qodir bo‘lgan “eski” partiya a’zolarini almashtirdi.

“Qo‘zg‘olonchilar” va qizil gvardiyachilar Xitoy va boshqa XXR xalqlarining madaniy merosining muhim qismini yo‘q qildi. Masalan, minglab qadimgi Xitoy tarixiy obidalari, kitoblar, rasmlar, ibodatxonalar va boshqalar vayron qilingan.Tiberdagi “madaniy inqilob”ning boshlanishiga qadar saqlanib qolgan deyarli barcha monastir va ibodatxonalar vayron qilindi. Bir dekada davom etgan “madaniy inqilob” nomi ostida amalga oshirilgan repressiya uchun javobgarlikni faqat Mao Szedun va partiya guruhlariga yuklanib, u “aksil-inqilobss” deb e’lon qilib, XXRdagi bozor iqtisodiyoti sharoitida o‘z kuchini qonuniylashtirib oldi.

Nurbek Alimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-08-2020, 15:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 97) ( 0) ( 95) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют