» » Krishtianu Ronaldu va Lionel Messidan ko‘proq gol urgan “darbadar” qirol — Chiro Immobile haqida

Krishtianu Ronaldu va Lionel Messidan ko‘proq gol urgan “darbadar” qirol — Chiro Immobile haqida


Chiro Immobile — 2019/20-yilgi mavsumning to‘purari. Italiyalik futbolchi 30 yoshida “yerlik bo‘lmagan” Krishtianu Ronaldu va Lionel Messiga qaraganda ko‘proq gol urib, “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritdi hamda ko‘pchilikning hayrat va olqishiga sazovor bo‘ldi. Hujumchi Germaniya, Italiya va Ispaniyadagi darbadarlikdan so‘ng “Latsio”da tom ma’noda porlashga muvaffaq bo‘ldi. Quyida u qanday qilib bunday muvaffaqiyatga erishgani haqida fikr yuritiladi.

Germaniya va Ispaniyada omadsizlikka uchragan Immobile o‘z vatanida qadr topdi

“Torino”dagi 2013/2014-yilgi muvaffaqiyatli mavsumda Immobile A Seriyaning eng yaxshi to‘purariga aylanadi va “Borussiya Dortmund” safiga borib qo‘shiladi. Nemis klubi rahbariyati Immobileni Robert Levandovskining o‘rnini to‘ldirish uchun xarid qilgandi. Afsuski, dastlabki o‘yinlardan boshlab Bundesligada Chironing ishlari yurishmaydi. Faqat beshinchi o‘yinga kelibgina u o‘zining debyut golini uradi. Klub va muxlislar hujumchidan ko‘p narsani kutayotgandi. Chiro esa Dortmundda kam gol urardi. O‘shanda uni biron narsada ayblash mushkul edi: klubga yordam berishga bo‘lgan tirishqoqligi va golga bo‘lgan chanqog‘i har bir o‘yinda ko‘rinib turardi, biroq shunchaki omad undan yuz o‘girardi. “Borussiya”ning o‘yin uslubi Chiroga mos kelmasdi.

Mavsumning ikkinchi qismi esa Chiro uchun xuddi dahshatli tush kabi o‘tdi: u bor-yo‘g‘i bir nechta o‘yinlarda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.

Immobilening o‘zi esa Dortmundda uni qo‘llab-quvvatlash bo‘lmaganini ta’kidlaydi: “Oilam va men hech qanday yordam olmadik va juda ko‘p qiynaldik. Nemis tilini bilmayman, bu tilni o‘rganish juda qiyin ekan”.

Biroq bu yerda ortiqcha chuqurlashishning hojati yo‘q. Barchasi oddiy: Chiro klubga, klub esa Chiroga mos kelmadi. Klopp (Yurgen Klopp u paytda “Borussiya D”da ishlagan — “Daryo”) o‘yinni Obameyang atrofida qurishni afzal ko‘rdi, Chiro esa ko‘p ham maydonda paydo bo‘lavermadi. Keyingi mavsumda esa klub un ijaraga berib yuborishga qaror qildi.

Shu tariqa Immobile “Sevilya”ga borib qoldi. Ispaniya Chiroga ko‘proq yoqardi, hatto u buni bir necha bor matbuotda ham tan olgan. Ammo agar maydonda buning aksi bo‘lsa, bundan nima naf, shunday emasmi? Olti oy davomida Chiro atigi 15 ta o‘yin o‘tkazib, 4 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi.

Chiro “Sevilya”dagi faoliyatini shunday yodga oladi: “O‘zimni noqulay his qilardim, menga juda kam imkoniyat berilardi. Ketmoqchi bo‘ldim, biroq Unay Emeri jamoada qolishimni so‘radi. Maydonga chiqdim, ikkita gol urdim, ammo keyin u meni yana zaxiraga o‘tqazib qo‘ydi. Shunda Emerining futbol haqida hech narsani bilmasligini tushungandim”.

Mavzuga doir: Chiro Immobile: Ispaniyada bo‘lgan vaqtimda Unai Emeri hech vaqoni tushunmasligini anglab yetgandim

Ajablanarlisi, ispanlar Immobilening golsiz o‘yiniga qaramasdan, uni sotib oladi va “Torino”ga ijaraga berib yuboradi. Mavsum oxiriga kelib esa Chiro hech kimga kerak bo‘lmay qoladi. Shunday bir paytda “Latsio” omadsiz hujumchiga yordam qo‘lini uzatadi. Va u uchun 9,85 million yevro sarflaydi. Yakunda bu qaror nimaga olib kelganini esa yaxshi bilasiz...

Murabbiy va futbolchining ajoyib tandemi

Marselo Byelsa “Latsio”ni mojaroli tarzda tark etganidan so‘ng klub boshqaruviga Simone Inzagi keladi. Murabbiy va Chiro tezda til topishib ketdi. Indzagi Immobilega ishonch bildiradi, o‘z navbatida Chiro ham murabbiy tomonidan bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qildi va aytish mumkinki, buni qoyilmaqom qilib bajardi.

“Men har qanday holatda ham ‘Latsio’da o‘ynashga rozi edim. Bu yerda o‘zimni yaxshi his qildim, jamoa va murabbiy menga ma’qul keldi. Men bu yerda Dortmundda qilgan xatomni qilmadim. U yerda men javobgarlikni his etib turardim, Rimda esa bu haqda o‘ylamaslikka qaror qildim”, — degandi Immobile “Latsio”ga kelgani haqida.

Immobileni tezkor hujumchilar qatoriga qo‘shish biroz mushkul, texnik imkoniyatlari bilan maqtana olmaydi. Inzagi esa jamoaviy o‘yin uslubini qurishda Immobilening aynan ushbu jihatlaridan foydalandi. Qolgan o‘yinchilar Chiroga moslashtirildi. Chiro o‘yinning borishini yaxshi his qiladi va qaysi zonada to‘pni qabul qilish kerakligini biladi. Shu bilan birga Inzagi uni “qora ishlar”dan ham ozod qildi: Chironing o‘yinini diqqat bilan kuzatilsa, uning deyarli ortga qaytmasligini ko‘rish mumkin.

Immobile Inzagining Kloppga o‘xshaydimi degan savolga quyidagicha javob bergan: “Futbolchilarga motivatsiya berish nuqtayi nazaridan, ha. Inzagi — haqiqiy Yevropacha murabbiy. Menga u bilan ishlash yoqadi”.

Immobile o‘zining “Latsio”dagi debyut mavsumida 23 ta gol uradi. Bundan tashqari, u ilk marta bir jamoada ikkinchi mavsumga qolayotgandi. U bungacha hech qachon bir klubda ikkinchi yilga qolmagandi.

Ko‘hna qit’aning eng yaxshi to‘purari

Yakuniga yetgan mavsumni Immobile o‘zgacha bir ko‘tarinki kayfiyatda boshladi. A Seriyaning ilk turlaridan boshlab to‘purarlar ro‘yxatida birinchilikni hech kimga bermadi. Ammo juda ozchilik yakunda uning “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritishini taxmin qilgandi. Tanqidchilar esa faqatgina yanvar oyiga kelib, Chiro gollari bo‘yicha Levandovskiga yetib olganida tilini tishlab qoldi. Chiro shundan so‘ng ham to‘xtashni xohlamadi va karantinga yetakchi sifatida yo‘l oldi. Karantindan birinchi bo‘lib, Germaniya chiqdi. Levandovski esa deyarli har bir o‘yinda gol urishni kanda qilmasdi. May oyining oxiriga kelib, ko‘pchilik polshalik hujumchining “Oltin butsa” poygasidagi g‘alabasi muqarrar ekanini ta’kidladi. Robert 34 ta golli “planka”ni qo‘yib, ta’tilga chiqib ketdi. Italiyada esa kurash endi avjiga chiqqandi.

Yakunda esa Chiro kimsan Krishni ortda qoldirib Yevropaning eng yaxshi to‘purari sovrinini qo‘lga kiritdi. Kamiga bir qator rekordlarni ham qalashtirib tashladi:

Mukofot haqida Immobilening o‘zi qanday fikrda?

Juda xursandman. Men erishgan narsalarimdan faxrlanaman, ayniqsa orqaga qarab, qayerdan boshlaganimni va nimalarni boshdan kechirganimni o‘ylasam. Agar nimagadir astoydil ishonsangiz, ba’zida orzular ro‘yobga chiqadi.

Murabbiyga, klub xodimlariga va jamoadoshlarimga rahmat aytmoqchiman. Ushbu rekord butun jamoaning yutug‘idir. Jamoa muxlislariga rahmat. Men bundan juda g‘ururlanaman.

Agar taslim bo‘lmasa, har qanday maqsadga erishish mumkinligiga misol bo‘lishni istayman. Men ushbu sport tarixida o‘z o‘rnimni egallaganimdan juda g‘ururlanaman.

“Verona”ga qarshi o‘yindagi het-trikdan keyin kiyinish xonasida jamoadoshlarim meni qanday kutib olishganini eslab, o‘zgacha tuyg‘ularni his qilyapman. Sportning mohiyati ham shunda deb o‘ylayman.

Chiro Immobile

Ofarin Chiro!

Bilol ERKIN tarjimasi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-08-2020, 15:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 80) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют