» » Xirosima o‘ylari. Atom asri bizga nimalarni va’da qilgan edi?

Xirosima o‘ylari. Atom asri bizga nimalarni va’da qilgan edi?


Bundan roppa-rosa 75 yil muqaddam – 1945-yil 9-avgustda Yaponiyaning Nagasaki shahriga AQSh kuchlari yadroviy bomba tashlagan edi. Tarixda ikkinchi va oxirgi marta yadroviy qurol harbiy maqsadda qo‘llanilishi oqibatida (birinchi marta unda uch kun avval - o‘sha yilning 6-avgustida Yaponiyaning Xirosima shahriga shu turdagi bomba tashlangandi) Nagasakida o‘n minglab odamlar halok bo‘ldi, yuz minglab odamlar mayib-majruh bo‘lib qoldi. Bu Yaponiya tarixidagi eng yirik fojialardan biriga aylandi, shuningdek, AQShning eng katta harbiy jinoyati bo‘ldi.

Xirosima va Nagasaki butun insoniyatga yadroviy qurol dahshatlarini ko‘rsatib berdi. Shundan buyon progressiv insoniyat bu qurolni yo‘qotishga bo‘lgan urinishlarini to‘xtatmayapti, ammo yirik hokimiyatlar xalqaro maydonda kuch muvozanatini saqlash uchun yadroviy quroldan to‘la voz kechmayapti. Natijada insoniyat doimiy yadroviy urush tahlikasi ostida yashashga majbur bo‘lmoqda. Bu tahlika, ayniqsa, Sovuq urush yillarida avjga chiqib, millionlab odamlarning tinch hayotini buzgan.

Mavzuga doir: Fojialardan ibrat olmaydigan odamzod. Xirosima va Nagasaki fojialariga salkam 75 yil bo‘ldi

9-avgust – Nagasaki fojiasi munosabati bilan “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov yadroviy qurol asrida yashashga majbur bo‘layotgan insoniyatning xavotirlari hamda bizni kutayotgan tahlikalar haqida fikr yuritadi.

XX asrning o‘rtalarida insoniyat yadroviy bombani ixtiro qildi va shundan keyingina u qanday dahshatli maxluq yaratib qo‘yganini anglab yetdi. Ilgari butun boshli shaharlarni bir zumda yo‘q qilib yuborish mumkinligini hech kim tasavvur ham qila olmagan. Atom bombasi paydo bo‘lishi bilan hech kim o‘zini xavfsiz his qila olmay qoldi. Ammo eng dahshatlisi ushbu qurol nafaqat katta davlatlarning siyosatiga ta’sir qildi – u o‘z izini san’at, madaniyat, ilmiy fantastika, hatto siz va menda ham qoldirdi...

XX asrning boshlarida ilmiy va sanoat inqilobi avjiga chiqdi va dunyo kelajakka optimizm bilan qaray boshladi. Asosiy sensatsiyalardan biri nurlanishning kashf qilinishi edi. Gazetalar radiatsiyaning turli sohalarda ishlatilishini muhokama qilish bilan kim o‘zarga yozardi. Radiatsiya saraton kasalligini davolashga yordam beradi, atom energiyasi har qanday yoqilg‘ining o‘rnini bosadi va hammaning uyida yadro generatorlari va yadroviy dvigatelli avtomobil bo‘ladi, deb ishonilgan.

Xirosima va Nagasakining bombardimon qilinishi esa dunyoda haqiqiy vahima uyg‘otdi. Ikkinchi jahon urushida ko‘plab shaharlar odatiy bombalar bilan vayron qilingan, ammo bu yangi qurol insonlarni dahshatga solib qo‘ygan edi. Matbuotda “do‘zax olovi”, “qiyomat kuni” va hatto “Frankenshteyn maxluqi” kabi iboralari yangray boshladi.

AQSh va Sovet Ittifoqi 1945-yildan 1954-yilgacha bir qator yadroviy va termoyadroviy qurollarning sinovlarini o‘tkazdi. Amerika bombalari, asosan, Nevada shtatidagi poligonlarda yoki Tinch okeanidagi Marshall orollarida sinovdan o‘tkazildi. Sinov natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “sirli” sarlavhasi ostiga yashiringan, ammo hamma ma’lumotlarni ham jamoatchilikdan yashira olishmagan.

1954-yilda Tinch okeanidagi Bikini orolida “Kasl Bravo”deb nomlangan bomba sinovi o‘tkazildi – bombalar shu qadar kuchli ediki, sinov qatnashchilaridan hech biri portlashning oqibatlarini bashorat qila olmas edi. Ular esa halokatli edi, natijada butun boshli shtat kattaligidagi hudud ifloslangan, harbiylar aholini bir nechta orollardan evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan. Portlash paytida yuzaga kelgan radioaktiv bulut mingga yaqin yapon kemalari baliq ovlayotgan ulkan hududga tarqalib ketdi.

Portlash episentridan atigi yuz kilometr narida joylashgan “Fukuryu-Maru” kemasi eng yomon zarbani qabul qilib oldi. Ekipajning barcha a’zolari jiddiy nurlanish dozasini oldi va umrlarining oxirigacha nogiron bo‘lib qoldi. Oradan olti oy o‘tib, ushbu kema radisti Aykiti Kuboyama nurlanish kasalligidan juda qattiq aziyat chekdi va o‘lim to‘shagida edi. Aykiti Kuboyama: “Men yadro bombasining so‘nggi qurboni bo‘lishimga umid qilaman”, deya so‘nggi so‘zlarini aytib vafot etdi.

Millionlab yaponiyaliklar baliqdan voz kechdi, qirg‘oq aholisi bolalarga okeanda suzishni taqiqladi. Butun dunyoda yadro qurolini  taqiqlashni talab qilib namoyishlar boshlandi. Kasl Bravogacha AQSh hukumati yadroviy portlashlarning atrof-muhitga ta’siri haqida munozaralarni minimallashtirishga muvaffaq bo‘lgan edi. Ammo Pandora qutisi ochilib bo‘lgan edi va radioaktiv bulutlar uzoq masofalarga tarqalishi mumkinligi haqidagi fikrlar ommaviy ongga kirib ulgurgandi.

1957-yilda “Reporter” jurnalida jurnalist Pol Jeykobsning “Nevadadagi bulutlar” maqolasi nashr etildi. Jeykobs Nevada poligonida amalga oshirilgan yadroviy qurol sinovlari mahalliy aholiga qanday ta’sir qilganini bilmoqchi edi. Uning xulosalariga ko‘ra, poligon atrofidagi joylarda kasallar va nogironlar soni juda yuqori edi. Jurnalist chorva mollarini ommaviy qirilishi va boshqa muammolar haqida yozdi. Ushbu maqola ham ommaviy fikrga juda katta ta’sir qildi.

1940-yillarning oxiri va 1950-yillarning boshlariga kelib har bir amerikalikning hayotiga kommunistik tahdid qo‘rquvi kirib kela boshladi. Sovuq urushning ta’sirini birinchi bo‘lib kasaba uyushmalari sezdi. Prezident Garri Truman ularni Qo‘shma Shtatlardagi kommunistik ta’sir manbayi sifatida ko‘rib, kasaba uyushmalarini ko‘plab huquq va imkoniyatlardan mahrum qildi. Davlat xizmatida tozalash ishlari boshlandi: 1951-yilga kelib, 200 ga yaqin amaldor SSSRga xayrixohlikda ayblanib ishdan bo‘shatildi. Amerikaga qarshi harakatlarni tekshirish bo‘yicha komissiya hattoki Gollivudga ham yetib bordi. Bir nechta kinoijodkorlar qamoq jazosiga hukm qilindi va bundan ham ko‘prog‘i qora ro‘yxatga kiritildi, bu esa ularning kinodagi faoliyatlari yakunini anglatardi.

Sovet yadro bombasining birinchi sinovi o‘tkazilgandan so‘ng AQSh yadro urushi boshlanishiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Maktablarda havo reydi paytida qanday harakat qilish kerakligi bo‘yicha mashqlar o‘tkazildi. Uylarda eng yaqin bombadan yashirinish mumkin bo‘lgan joylarni ko‘rsatuvchi belgilar qo‘yildi va shahar atrofidagi maydonlarda bunkerlar qurilib, konservalar bilan ta’minlandi. Radio va televideniyeda tez-tez ovoz tizimining shoshilinch sinovlari o‘tkazib turildi.

Bolalikdan dahshatli va noaniq muhitda o‘sgan yoshlarga bu narsalar qattiq ta’sir ko‘rsatdi. Musiqada bu rok-n-rollning paydo bo‘lishi va Elvis Preslining mashhurligini olib keldi, ekranlarda esa yosh “sababsiz qo‘zg‘olonchi” Jeyms Din porladi va adabiyotda bit-avlod yozuvchilari Jek Keruak va Uilyam Berrouzlar katta sahnaga chiqdi.

Yadro tahdididan qo‘rqish ilmiy fantastika janriga mashhurlik olib keldi. Ikkinchi jahon urushidan oldin ushbu janr unchalik katta muvaffaqiyatga erishmagandi, ammo endi javob berishga aynan u tayyor edi: atom asri bizga nimalarni va’da qilmoqda?

O‘sha yillardagi fantastik filmlarining aksariyati bitta narsaga ustiga qurilgandi: yadroviy bomba yaratilishi va atom energiyasining kashf qilinishi faqat insoniyat muammolarini hal qilmadi, balki yangi muammolarni ham olib keldi. 50-yillarning ikkinchi yarmida kino va adabiyotda radiatsiya ta’siri ostida jonzotlar mutatsiyaga uchrashi haqidagi mish-mishlardan keng foydalanildi. Qoida tariqasida barcha asarlardagi radioaktiv hayvonlar odatdagidan ko‘ra kattaroq va ularni o‘ldirish juda qiyin. 1945–1965-yillarda mutantlar haqida 500 ga yaqin (!) film suratga olindi.

Yana bir dahshatli mavzu radiatsiya yoki atom portlashidan uyg‘ongan qadimgi hayvonlar haqida edi. Bu filmlarda dengiz ostidan ko‘tarilgan qadimgi yirtqich hayvonlar, eng yaqin katta shaharni – odatda, Tokio yoki Nyu-Yorkni vayron qilishga harakat qilardi. Ushbu janrning eng esda qolarli ikkita filmi 1954-yilda chiqdi. Biri AQShda suratga olingan “Ular!” filmi edi, unda Amerika armiyasi bahaybat chumolilarga qarshi kurashadi, Yaponiyada esa hozir klassik janrga aylanib ulgurgan “Godzilla” filmi suratga olindi.

60-yillarga kelib Kubada Karib inqirozi yuz berdi va dunyo haqiqiy yadroviy urush yoqasiga kelib qoldi. 1964-yilning o‘zida Uchinchi jahon urushiga bag‘ishlangan birdaniga uchta film chiqarildi: Stenli Kubrikning “Doktor Strenjlav” filmi, “May oyining yetti kuni” va “Xavfsizlik tizimi” filmlari dunyo yuzini ko‘rdi. Ushbu filmlarni urushga qarshi yo‘naltirilgani, AQSh Mudofaa vazirligini Amerika askarlarining jasorati va tayyorgarligini madh etuvchi filmlarni moliyalashtirishga majbur qildi.

50-yillarda Amerika jamiyatining eng ongli qismining asosi ilmiy fantastika bo‘ldi. Boshqa janrlarda Makkartizm va “jodugarlar ovi” gullab-yashnagan bir paytda fantast yozuvchilar kommunizmda ayblanishdan qo‘rqmasdan yozishlari mumkin edi. Ular o‘z asarlarida navbatdagi jahon urushi yoki yadroviy qurol sinovlarining dahshatli oqibatlarini ko‘rsatib berardi.

Uchinchi jahon urushi oldidagi qo‘rquvlar bekor ketmadi. Bu qo‘rquv urushga qarshi jiddiy harakatga aylandi, shu jumladan, Vyetnam urushiga qarshi ham. Ko‘plab inson huquqlari guruhlari va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari paydo bo‘ldi. Afsuski, oqibatlarning hammasi ham ijobiy bo‘lmadi. Yadro bombasidan qo‘rqish atom energiyasidan qo‘rqishni keltirib chiqardi va kelajakda Chernobil va Fukusima kabi dahshatli avariyalar sodir bo‘ldi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-08-2020, 19:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 79) ( 0) ( 77) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют