» » Eron “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ning urib tushirilgan layneri uchun pul to‘lashdan bosh tortdi

Eron “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ning urib tushirilgan layneri uchun pul to‘lashdan bosh tortdi


Eron hukumati “Ukraina xalqaro avialiniyalari” kompaniyasining 2020-yil yanvar oyida urib tushirilgan Boeing-737 samolyotining narxi miqdorida kompensatsiya to‘lashdan bosh tortdi. Bu haqda Eron markaziy sug‘urta tashkilotining raisi Golamirza Sulaymoniy ma’lum qildi, deb yozmoqda Reuters.

“Samolyot Ukrainada Yevropa kompaniyalari tomonidan sug‘urta qilingan. O‘z-o‘zidan o‘sha kompaniyalar pulni to‘lab berishi lozim”, — degan u.

Avval Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Eronning urib tushirilgan layner uchun pul to‘lashi lozimligini ta’kidlangandi. Ukraina TIV bayonotiga ko‘ra, Eron kompensatsiyaga qo‘shimcha ravishda ushbu hodisa uchun mas’ul bo‘lganlarning javobgarlikka tortilgani haqida ham ma’lumot berishi va rasmiy tarzda kechirim so‘rashi lozim edi.

30-iyulda Afg‘oniston, Buyuk Britaniya, Kanada, Shvetsiya va Ukraina Eron bilan mazkur samolyot ichida talafot ko‘rgan yo‘lovchilarning oilalariga kompensatsiya to‘lash masalasini muhokama qilgandi.

Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy 3-yanvar kuni AQSh havo kuchlari tomonidan Bag‘dod aeroportiga berilgan aviahujum oqibatida o‘ldirilgandi. Zarba AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga asosan berilgan. 8-yanvar kuni esa Eron unga javoban Iroqdagi Amerika bazasiga hujum qilgan.

Hujum vaqti raketalarning biri Ukraina xalqaro aviakompaniyasining Tehrondan Kiyevga uchayotgan Boeing 737 samolyotiga tegib, uni urib tushirgan. Samolyot bortida 176 kishi vafot etgan.

Eron darhol aviahalokatga texnik nosozlik sabab bo‘lganini aytgan. Keyinchalik, 11-yanvar kuni Eron mamlakat havo mudofaasi samolyotni operatorning xatosi tufayli urib tushirilganini tan oldi va halok bo‘lganlarning oila a’zolariga kompensatsiya to‘lashini ma’lum qildi. Yanvar oyi oxirida Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif samolyotni tasodifan urib tushirgan askar qamoqda ekanini aytgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-08-2020, 07:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 75) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют