» » Svetlana Tixanovskaya videomurojaat orqali o‘z tarafdorlarini norozilik namoyishlarini to‘xtatishga chaqirdi

Svetlana Tixanovskaya videomurojaat orqali o‘z tarafdorlarini norozilik namoyishlarini to‘xtatishga chaqirdi


Belarus prezidentligiga nomzod Svetlana Tixanovskaya videomurojaat orqali o‘z tarafdorlarini mamlakat shaharlarida norozilik namoyishlarini to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Video Telegram’dagi Belarus hukumati tarafdori bo‘lgan “Jyoltiye slivi” kanali tomonidan e’lon qilingan. Videomurojaat qachon va qayerda yozilgani noma’lum. Tixanovskaya murojaat matnini kameraga qaramasdan, qog‘oz varag‘idan o‘qib bergan.

“Men, Svetlana Tixanovskaya, sizlarga davlat rahbari saylovidagi ishtirokingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Belarus xalqi o‘z tanlovini qildi. Bu vaqt davomida meni qo‘llab-quvvatlagan barcha fuqarolarga minnatdorlik va iliqlik bilan murojaat qilaman. Belarusliklar! Sizni aql bilan ish ko‘rishga va qonunni hurmat qilishga chaqiraman. Men qon va zo‘ravonlikni xohlamayman. O‘z hayotingizni xavf ostida qoldirmaslik uchun sizlardan militsiyaga qarshilik ko‘rsatmaslikni, maydonlarga chiqmaslikni so‘rayman. O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang”, — deya murojaat qilgan Tixanovskaya.

11-avgust kuni Tixanovskaya Belarusdan chiqib ketgani va Litvada ekanligi ma’lum bo‘ldi. Uning shtabi tomonidan ma’lum qilinishicha, prezidentlikka nomzod bu ishni o‘z xohishi bilan qilmagan, balki shtab rahbari Mariya Morozning ozod etilishi evaziga hukumat bosimi ostida amalga oshirgan.

Taxminan o‘sha vaqtda Tixanovskayaning boshqa bir videomurojaati e’lon qilingan. Unda Tixanovskaya o‘zining ketishi “og‘ir qaror” bo‘lganini ma’lum qilgan. “Butun boshli kampaniya meni obdan toblab, men dosh bera oladigan juda katta kuch berdi, deb o‘ylagandim, lekin, menimcha, avvalgiday zaif ayolligimcha qoldim”, — dedi Tixanovskaya.

Mavzuga doir: “Men duch kelgan bunday tanlovda qolishni Xudo ko‘rsatmasin”. Belarusni tark etgan Tixanovskaya xalqqa murojaat qildi

Tixanovskaya 10-avgust kuni uch soat davomida Belarus Markaziy saylov komissiyasi binosida bo‘lgan. Nomzodning shtabi Tixanovskaya binoda ushlab turilganini ma’lum qilgan. Tixanovskayaning safdoshi Mariya Kolesnikova Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan “suhbat”ning ertasi kuni bu borada o‘z fikrini bildirgan. “Uch soat davomida huquqni muhofaza qilish organlarining ikki nafar xodimi bilan yolg‘iz qolgan odam har qanday matnni o‘qishi mumkin”.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9-avgust kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Poytaxt Minskda prezident saylovidan keyin norozilik namoyishi boshlangan. Belarus Markaziy saylov komissiyasining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, prezidentlik saylovlarida respublikaning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenko 80,23 foiz ovoz to‘plagan. Muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya esa rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 9,9 foiz ovoz olgan.

Keyinroq Svetlana Tixanovskaya o‘tkazilgan saylovlarda o‘zini g‘olib deya hisoblashini ma’lum qildi va Lukashenkoga muzokaralar o‘tkazish taklifini berdi. Shuningdek, u saylovlarning natijasi yuzasidan Markaziy saylov komissiyasiga norozilik bildirdi.

Svetlana Tixanovskayaning shtabi 10-avgust kuni kechasi u Belarus Markaziy saylov komissiyasiga borganidan so‘ng yo‘qolib qolganini bildirgan. Kechga yaqin Tixanovskaya aloqaga chiqqan, biroq qayerda ekanligini oshkor etmagan. Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi Svetlana Tixanovskayaga uyushtirilgan suiqasdning oldi olinganini ma’lum qilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-08-2020, 19:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 79) ( 0) ( 77) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют