» » Buxoroda moddiy yordam puli mojarosi: E’tiborsizlik tufayli boshqa fuqaroga berib yuborilgan pul qaytarilib, ehtiyojmandga berildi

Buxoroda moddiy yordam puli mojarosi: E’tiborsizlik tufayli boshqa fuqaroga berib yuborilgan pul qaytarilib, ehtiyojmandga berildi


Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi “Chekirchi” mahallasida yashovchi fuqaro Qayum Husenov oilaviy ehtiyojidan kelib chiqib, mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullariga ikki marotaba murojaat qilgan bo‘lsa-da, Prezidentning “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan pandemiya sharoitida moddiy ko‘makka muhtojlarga davlat budjetidan berilgan bir martalik moddiy yordam pulidan quruq qolgan.

Bu haqda “Daryo”ga murojaat qilgan Qayum Husenovning aytishicha, u bundan o‘n yil ilgari “Buxoroneftbaza” unitar korxonasi Qorako‘l filialida operator vazifasida ishlagan. O‘n yildan buyon oilasini mardikorlik bilan boqadi. Uch nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i Nargiza Fozilova tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi.

“Pandemiya davriga qadar eski ‘aravam’da odamlarning yukini tashib, mardikorlik qilganman. Pandemiya sababli olti oydan buyon, chamasi, mardikorlik ortidan pul topishimga ham imkon bo‘lmadi. To‘g‘ri, to‘rt sotix tomorqa yer maydonimiz bor. Imkon darajasida undan foydalanib, ro‘zg‘orni naridan-beri tebratib turibmiz. Erkak kishiga bu gapni aytish osonmas, ayolimning 500 ming so‘m maoshi bilan bolalarning kitob-daftariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlab turibmiz, — deydi Qayum Husenov. — Bu birgina masala emas. Bir necha marta bildirishimga qaramay, hech bo‘lmasa, olti oy muddatga beriladigan nafaqa pulidan ham yordam qilishmagan”.

Fuqaroning aytishicha, mahallada moddiy ko‘makka muhtojlik bo‘yicha mablag‘ olgan ayrim oilalar undan ko‘ra, to‘qroq va yaxshi sharoitda yashaydi.

“Daryo” muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Chekirchi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilbar Arslonova bilan telefon orqali muloqot qildi. Mahalla raisi mazkur mahallada 818 ta oila (3631 nafar fuqaro) yashab kelayotganini, hududda ikkita oila kam ta’minlangan oila sifatida 57 ta oila esa kambag‘al oila sifatida ro‘yxatga olinganini bildirdi.

“Qayum Husenov taksichilik bilan shug‘ullanadi. Tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Nargiza Fozilovaning oylik maoshi esa 1 million 140 ming so‘mni tashkil etadi. Oilaga kirayotgan bu mablag‘ hamda to‘rt sotix unumli tomorqa oilaga bir martalik moddiy yordam puli zaruratini tug‘dirmaydi”, — deydi “Chekirchi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilbar Arslonova.

Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasidan hamshira N.Fozilovaning ish haqi bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, unga bir oyda 532 ming 982 so‘mdan 570 ming 298 so‘mgacha maosh belgilangan. 2020-yilning yanvar oyidan iyul oyiga qadar jami 3 million 954 ming so‘m maosh olgan. Mart oyi uchun kechiktirilgan oylik maoshi aprel oyida birgalikda 1 million 140 ming so‘m qilib to‘lab berilgan.

“To‘g‘ri, Qayum Husenov taksichi emas. Ammo eski, ta’mirtalab ahvoldagi ‘Jiguli’ mashinasi bor. Shu orqali mahalla ichidagina odamlar yukini tashiydi. O‘zimiz ham foydalanganmiz. Keyingi pul tarqatilishida ‘temir daftar’ga kiritib, bu oilaga ham bir martalik moddiy yordam pulini beramiz. Mayli, ma’lumotnomadagi xatomizni to‘g‘rilab, qayta yozib beramiz. Turmush o‘rtog‘ining oylik maoshiga kelsak, oilaga moddiy yordam puli yozish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirayotganda berilgan ma’lumotnomaga qarab, shu summani kiritganman”, — deydi MFY raisi.

Keyinchalik mahalla raisi “Daryo” muxbiriga qo‘ng‘iroq qilib, fuqaro Qayum Husenovning og‘zaki murojaati o‘rganib chiqilganini, mazkur oilaning ko‘mak puliga ehtiyoji borligi ma’lum bo‘lganini bildirib, birinchi sektor rahbari bilan oilaga bir martalik moddiy yordam pulini yetkazilganini aytdi.

Mahalla raisiga ko‘ra, bir martalik moddiy yordam puli oilaning uch nafar farzandlari — 2010-yilda tug‘ilgan Robiyabonu Shoyimova, 2013-yilda tug‘ilgan Ozodbek Shoyimov hamda 2015-yilda tug‘ilgan Nasiba Shoyimovalarga berilgan.

“Ushbu mablag‘ ham e’tiborsizlik tufayli boshqa fuqaroga berib yuborilgan pulning qaytarilgani evaziga berildi. Oilaning qolgan ikki nafar a’zosiga keyingi bosqichda yetkaziladi”, — dedi Dilbar Arslonova.

Mahalla raisiga ko‘ra, bir martalik moddiy yordam pullari birinchi marotaba 83 ta oilaning 331 nafar a’zosiga 66 million 200 ming so‘m miqdorda, ikkinchi bor tarqatilganda esa 93 ta oilaning 345 nafar a’zosiga 75 million 900 ming so‘m miqdorda yetkazilgan.

Viloyat hokimligidan ma’lum qilinishicha, viloyatda pandemiya sharoitida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj, “temir daftar”ga kiritilgan 17 316 ta ehtiyojmand oilaga jami 14,4 milliard so‘m tarqatib chiqilmoqda. Ro‘yxatga kiritilgan 65 517 kishining har biriga 220 ming so‘mdan naqd shaklida tarqatilmoqda. 2020-yilning 12-avgust holatiga ko‘ra, viloyatda ehtiyojmandlarga berilishi rejalashtirilgan 14,4 milliard so‘mlik moddiy yordam pulining 10 milliard 724 million 560 ming so‘mlik mablag‘ yetkazib berilgan. Ayni paytda mablag‘larni egalariga yetkazib berish tadbirlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 30-iyuldagi farmoniga muvofiq pandemiya sharoitida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”ga) kiritilgan va a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilaga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam puli berilishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumatning tegishli farmoyishiga asosan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Qurbon hayiti arafasida 1 million so‘mdan moddiy yordam tarqatilishi ta’kidlangan edi.

2020-yil 1-avgust kuni tushdan keyin Toshkent shahar Sergeli tumanida aholi vakillari tuman hokimligi binosi atrofida to‘planib, ehtiyojmand oilalar uchun 30-iyundan boshlab berilayotgan naqd pul shaklidagi mablag‘lar mas’ullar tomonidan noto‘g‘ri taqsimlanganini aytib, norozilik bildirdi. Shu kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu mojaro sabab mahallaga borib aholi bilan uchrashgani xabar berilgandi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-08-2020, 06:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 78) ( 0) ( 77) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют