» » Muhokamaga sabab bo‘lgan rus vaksinasi, Belarusda davom etayotgan namoyishlar va livanliklarning g‘alabasi. Avgustning ikkinchi haftasi dayjesti

Muhokamaga sabab bo‘lgan rus vaksinasi, Belarusda davom etayotgan namoyishlar va livanliklarning g‘alabasi. Avgustning ikkinchi haftasi dayjesti


Belarusdagi namoyishlar bilan yodda qolgan avgustning ikkinchi haftasi ham o‘z nihoyasiga yetmoqda. Haftaning eng muhim voqealari sharhiga o‘tamiz.

O‘tgan hafta mobaynida hozirda butun dunyoni sarosimaga solib turgan koronavirusga qarshi vaksina yaratish borasida bir qator siljishlar kuzatildi. Jumladan, vaksina yaratish poygasiga Turkiya, Hindiston kabi davlatlar qo‘shilgan bo‘lsa, Germaniya uning 2020-yil oxirida tayyor bo‘lishini ma’lum qildi. Shubhasiz, barchada ham birdek ishonch uyg‘otmayotgan Rossiya vaksinasi bu boradagi bahslarning markazi bo‘ldi.

Hafta boshida, ya’ni 11-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyoda birinchi bo‘lib Rossiyada koronavirus kasalligiga qarshi vaksina ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, qizlaridan biri ushbu vaksinani qabul qilgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, birinchi emlanishdan so‘ng qizining tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilgan, ertasi kuni esa 37 darajagacha tushgan. “Bo‘ldi. Ikkinchi muolajadan so‘ng tana harorati yana biroz ko‘tarilib, keyin tushdi. O‘zini yaxshi his qilyapti”, degan u.

O‘z navbatida mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkoning bildirishicha, vaksina u yaratilgan Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazi, shuningdek, Zelenograddagi “Binnofarm” kompaniyasi tomonidan, keyinchalik boshqa korxonalarda ham ishlab chiqariladi. Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikova esa shifokorlarni koronavirusga qarshi emlash avgust oxiri — sentabr boshida boshlanishini ma’lum qilgan.

Tabiiyki, vaksina xavfsizligi masalasida ham bir qator tortishuvlar bo‘lib o‘tdi. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining shtatdan tashqari bosh epidemiologi Nikolay Briko Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazida ishlab chiqilgan vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishni kechiktirishga chaqirgan Klinik tadqiqotlar tashkilotlari assotsiatsiyasiga javob qaytardi.

Assotsiatsiya ushbu vaksina minglab odamlar ishtirokida sinovdan o‘tkazilmagani uchun uni ro‘yxatdan o‘tkazishga shoshilmaslikka chaqirgandi. Nikolay Brikoning bildirishicha, Gamaleya markazining vaksinasi “yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmadi”. Markaz Ebola va MERS’ga qarshi vaksinalar ishlab chiqib, ushbu sohada 10 yildan ortiq vaqt davomida ish olib bormoqda. “COVID-19 ga qarshi vaksinani yaratishda adenovirus asosida bir xil texnologiya ishlatilgan, shuning uchun bu holda u qayta ko‘rib chiqishga, kechiktirishga muhtoj emas, chunki texnologiyadan foydalanib ko‘rilgan”, degan epidemiolog.

Keyinroq Rossiyaning Sog‘liqni saqlashni nazorat qilish federal xizmati (“Roszdravnadzor”) Klinik tadqiqotlar tashkilotlari assotsiatsiyasining Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazida ishlab chiqilgan vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishni kechiktirish taklifini qo‘llab-quvvatlamadi.

Ammo shunga qaramay vaksinaning “umidli” ekanidan shubhalanayotganlar hamon topilmoqda. Jumladan, Rossiyaning “Fontanka” nashri Gamaleya markazining SARS-CoV-2 koronavirus vaksinasi to‘g‘risidagi hisoboti bilan tanishib chiqib, uni Vladimir Putin va sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko aytganidek umidli ko‘rinmayapti, deb baholagan.

12-avgust kuni Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi narxlari ham ma’lum qilindi.  Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi eksport qilinganda ikki dozasi kamida 10 dollardan sotiladi. Bu haqda “P-Farm” kompaniyasi direktorlar kengashi rahbari Aleksey Repik ma’lum qilgan.

“Dastlabki dozalari katta ehtimol bilan ancha qimmatroq bo‘ladi”, degan u 12-avgust kuni “Rossiya 24” telekanali efirida. Repikning ta’kidlashicha, vaksinani katta hajmda ishlab chiqarish boshlanganda narxi arzonlashadi. 15-avgustga kelib Rossiyada koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarila boshlangani ma’lum qilindi. Vaksina Zelenograddagi “Binnofarm” farmatsevtika zavodi tomonidan ishlab chiqariladi. Ilgari institut direktori Aleksandr Ginsburgning so‘zlariga ko‘ra, vaksina ishlab chiqarish quvvatini dekabr—yanvar oylarida oyiga besh million dozaga yetkazish rejalashtirilgan va yil davomida vaksinaga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash mumkin bo‘ladi.

Dunyoda esa koronavirus kasalligi tarqalishda davom etmoqda. Bugungi kunga kelib kasallik yuqtirib olganlarning dunyo bo‘yicha umumiy soni 21,6 million kishidan oshgan. Kasallik oqibatida vafot etganlar soni 770 mingga yaqinlashgan bo‘lsa, undan tuzalganlar soni 14,3 milliondan ortiqni tashkil etmoqda. Davlatlar kesimida kasallik eng ko‘p kuzatilgan hudud hamon AQSh bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda jami kasallik holatlari soni 5,5 milliondan ortgan. Undan keyingi o‘rinlarda Braziliya (3,3 milliondan ortiq) va Hindiston (2,6 millionga yaqin) bormoqda.

9-avgust kuni Belarus respublikasida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining dastlabki rasmiy natijalariga ko‘ra amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya esa 12 foiz ovoz to‘pladi.

Hammasi shundan keyin boshlandi. Saylov natijalari chiqqan ondan boshlab dastlab Tixanovskaya tarafdorlari norozilik aksiyalarida qatnashgan bo‘lsa, keyinchalik ushbu namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi va hamon davom etmoqda. Namoyishlarning dastlabki kunlarida kuchishlatar tizim xodimlari namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishgan va minglab odamlar hibsga olingan.

Saylov natijalaridan norozi bo‘lgan Tixanovskaya MSKga ariza kiritgan. “Biz protokollarni real tarzda ko‘zdan kechirdik. Ovozi o‘g‘irlab olingan nomzodlarni ham jim turmaslikka chaqiramiz”, degan nomzod ayol. Shunga qaramay, u o‘zini saylovlarda g‘olib bo‘lgan deya hisoblashini ma’lum qilgan.

Shuningdek, u Aleksandr Lukashenko bilan uchrashishga tayyor ekanini bildirgan. Tixanovskayaning shtab boshlig‘i Mariya Kolesnikova esa o‘z navbatida shtab uzoq muddatli noroziliklarga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

11-avgustga kelib Tixanovskaya o‘ziga nisbatan bosimlardan xavfsirab mamlakatni tark etib Litvaga yo‘l olgani ma’lum bo‘ldi. Svetlana Tixanovskayaning shtabi 10-avgust kuni kechasi u Belarus Markaziy saylov komissiyasiga borganidan so‘ng yo‘qolib qolgani to‘g‘risida ma’lum qilgandi. Kechga yaqin Tixanovskaya aloqaga chiqqan, biroq qayerda ekanini oshkor etmagan.

Tixanovskayaning matbuot kotibi Anna Krasulinaning ma’lum qilishicha, u Markaziy saylov komissiyasiga tashrifidan so‘ng qaror qabul qilgan va mamlakatdan chiqib ketgan. Krasulina qanday qaror to‘g‘risida gap ketganiga izoh bermagan. Shundan keyin u Litvadan turib videomurojaat yo‘llagan.

“Bilasizmi, butun boshli kampaniya meni obdon toblab, men dosh bera oladigan juda katta kuch berdi deb o‘ylagandim, lekin menimcha, avvalgiday zaif ayolligimcha qoldim. O‘zim uchun juda og‘ir qaror qabul qildim. Bu qarorni men mutlaqo mustaqil ravishda qabul qildim. Do‘stlarim ham, shtab ham, turmush o‘rtog‘im Sergey ham unga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmasdi. Bilaman, ko‘pchilik meni tushunadi, ko‘plar tanqid qiladi, ko‘plar yomon ko‘rib qoladi. Lekin bilasizmi, men duch kelgan bunday tanlovda qolishni Xudo ko‘rsatmasin. Shu sababli iltimos, o‘zingizni asrang. Hozir sodir bo‘layotgan narsalar hayotingizga arzimaydi. Men… Farzandlarim — hayotimizda mavjud narsalarning eng muhimidir”, degan Tixanovskaya o‘zining videomurojaatida.

Keyinroq u yana bir videomurojaat yo‘llab, tarafdorlarini namoyishlarni to‘xtatishga chaqirgan. Video Telegram’dagi Belarus hukumati tarafdori bo‘lgan “Jyoltiye slivi” kanali tomonidan e’lon qilingan. Videomurojaat qachon va qayerda yozilgani noma’lum. Tixanovskaya murojaat matnini kameraga qaramasdan, qog‘oz varag‘idan o‘qib bergan.

“Men, Svetlana Tixanovskaya, sizlarga davlat rahbari saylovidagi ishtirokingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Belarus xalqi o‘z tanlovini qildi. Bu vaqt davomida meni qo‘llab-quvvatlagan barcha fuqarolarga minnatdorlik va iliqlik bilan murojaat qilaman. Belarusliklar! Sizni aql bilan ish ko‘rishga va qonunni hurmat qilishga chaqiraman. Men qon va zo‘ravonlikni xohlamayman. O‘z hayotingizni xavf ostida qoldirmaslik uchun sizlardan militsiyaga qarshilik ko‘rsatmaslikni, maydonlarga chiqmaslikni so‘rayman. O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang”, deya murojaat qilgan Tixanovskaya.

Ammo uning murojaatlariga qaramay namoyishlar to‘xtamadi va keng ko‘lamda davom etib kelmoqda. Hatto namoyishlar davomida ikki nafar kishi halok bo‘lgan.

Belarus poytaxti Minsk va boshqa shaharlar markazida 12-avgust kuni oq kiyimdagi ayollar gullar tutgan holda jonli zanjir hosil qildi. Mazkur aksiya kuch tuzilmalaridan jabr ko‘rgan namoyishchilarga birdamlik ramzi sifatida o‘tkazilgan. 13-avgust kuni erta tongdan bu kabi birdamlik zanjirlari Minskning turli hududlarida yana paydo bo‘lgan, deb xabar beradi Meduza.

Belarusda davom etayotgan namoyishlar vaqtida jami 6 700 kishi politsiya tomonidan hibsga olindi. Ularning aksariyati 13-avgust soat 22:30 da ozodlikka chiqqan bo‘lsa, qolgan qismi bugun, 14-avgust tongida ozodlikka chiqdi. Hozircha hibsdagilardan qanchasi ozodlikka chiqqani ma’lum emas. Mamlakat IIV o‘rinbosari kecha namoyishchilar bilan uchrashgan va uchrashuv chog‘ida namoyishchilarga nisbatan hech qanday kuch ishlatish holatlari bo‘lmaganini aytdi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda va suratlarda namoyishchilarning politsiya tomonidan kaltaklangani holatlari tasvirga tushirilgan suratlar va videolar tarqalib ketdi.

14-avgust kuni, shuningdek, Belarusning bir qator shaharlaridagi yirik ishlab chiqarish korxonalari ishchilari saylov natijalarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilib namoyishchilarga qo‘shildi. Ular butun mamlakat bo‘ylab ish tashlashlar o‘tkazish bilan tahdid qildi.

Eski-yangi prezident Aleksandr Lukashenko 14-avgust qurilish sohasi muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilish boshlanishidan oldin u o‘zi haqida turli mish-mishlarga javob berdi. “Avvalo, shuni aytmoqchimanki, men soppa-sog‘man va bizning ba’zi ‘aqllilarimiz’ ‘prezident mamlakatni tark etdi va xorijda’ kabi mish-mish tarqatganlaridek xorijda emasman”.

Shuningdek,  hafta davomida Belarusdagi prezident stipendiyasi sohiblari ommaviy ravishda mukofotlardan voz kechganini e’lon qildi. O‘z navbatida prezident Aleksandr Lukashenko Belarus tajovuzlar girdobida qolganini ma’lum qildi hamda norozilik namoyishlari chet eldan uyushtirilayotganini va ularda “katta jinoiy o‘tmishga” ega odamlar ishtirok etayotganini aytdi.

15-avgust kuni Lukashenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Lukashenko Rossiya rahbari bilan mamlakatda va uning atrofida rivojlanayotgan vaziyatni muhokama qildi, deya xabar bermoqda Belarus prezidenti matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 15-avgust kuni Lukashenko Minskdagi yig‘ilishda shunday degan: “Hozir Rossiya prezidenti Putin bilan bog‘lanishim kerak, men hozir u bilan gaplasha olaman. Chunki bu (mamlakatdagi jarayon) nafaqat Belarus uchun xavf tug‘diradi… Agar Belarusda muvaffaqiyatsizlik bilan tugasa, bu namoyishlar u yerda (Rossiyada) ham jonlanadi”.

Suhbat haqida Kreml ham izoh berdi. Unda Putin Belarusdagi voqealarga tez orada yechim topilishiga umid qilishini ta’kidladi: “Asosiysi, bu muammolar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka putur yetkazishga intilayotgan vayronkor kuchlar tomonidan foydalanilmasligi kerak”, deyiladi xabarda.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Putin Lukashenkoga mamlakat xavfsizligini saqlashda yordam berishga va’da bergan. Belarusdagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida dunyoning bir qator mamlakatlarida norozilik aksiyalari ham tashkil etilgan. Belarusning ikki nafar diplomati ham namoyishchilar bilan birgaligini bildirgan. Dastlab Belarusning Slovakiyadagi elchisi bu haqda ma’lum qilgan bo‘lsa, keyinroq  Shveysariyadagi elchi ham o‘zining Facebook’dagi sahifasida Lukashenkoning hokimiyatdan ketishi kerakligini aytgan.

16-avgust kuni Minskda Belarus prezidentini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha miting bo‘lib o‘tgan. Unda bir necha ming kishi ishtirok etgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, mitingda ishtirok etish uchun viloyatlardan budjet tashkiloti xodimlarini majburiy ravishda poytaxtga olib kelishgan.

Shu kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da butun mamlakat bo‘ylab “Ozodlik marshi” o‘tkazilgan. Mitingda yuz minglab odamlar ishtirok etgani aytilgan. Belarusdagi namoyishlar hamon davom etmoqda.

4-avgust kuni Livan poytaxti Bayrut shahrida yuz bergan kuchli portlash oqibatida kelib chiqqan tang vaziyat va mamlakatda bir necha yildan buyon davom etayotgan kuchli iqtisodiy inqiroz sababli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi. Namoyishchilar hukumatning iste’fosini talab qilishdi va bunga erishishdi.

10-avgust kuni mamlakat bosh vaziri Hasan Diab hukumatning iste’foga chiqishini e’lon qildi. Shuningdek, 10-avgust kuni Livanning 4 nafar vaziri namoyishlar ortidan iste’foga chiqqan. 12-avgust kuni Livan xalqi portlash oqibatida halok bo‘lganlarni ommaviy xotirlash marosimini o‘tkazgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 170 kishidan oshgan. Bu haqda Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi axboroti asosida Sky News Arabia telekanali xabar bergan.

Bayrutda yana 30 nafar odam bedarak yo‘qolgani aytilmoqda. Besh ming nafardan ziyod kishi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra Bayrutdagi portlashning iqtisodiy zarari 15 milliard dollardan ortiqroqqa baholandi. Bu haqda Livan prezidenti Mishel Aun administratsiyasining Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilindi. “Dastlabki hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, portlash oqibatida yetkazilgan zarar 15 milliard dollardan oshgan”, — deyiladi xabarda.

13-avgust kuni Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada taranglashtirgan navbatdagi qadam tashlandi. Gap shundaki, shu kuni BAA va Isroil o‘rtasida tinchlik bitimini imzolashga kelishuvga erishilgani e’lon qilingan. Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasi uch hafta ichida tinchlik bitimini imzolaydi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Trampga tayanib, ABC News xabar berdi.

Amerika yetakchisining aniqlik kiritishicha, bitimni rasmiy imzolash marosimi Oq uyda bo‘lib o‘tadi. BAA Isroil bilan to‘liq diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni barqarorlashtirishga rozi bo‘lgan arab mamlakatlari orasidagi uchinchi davlatga aylandi.

Endilikda Isroil va BAA investitsiya, turizm, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar, xavfsizlik, telekommunikatsiya va boshqa masalalarga oid ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashi kerak. Yaqin kunlar ichida tomonlar elchi va elchixonalari bilan almashishi kutilmoqda. Falastin esa o‘z navbatida BAAning Isroil bilan yarashuviga salbiy munosabat bildirgan. Bu boradagi tegishli ko‘rsatma Falastin prezidenti Mahmud Abbos tomonidan berilgan.

“Falastin milliy ozodlik harakati” (FATX) hamda HAMAS Falastin harakati BAAning Isroil bilan kelishuvini tanqid qilgan. HAMAS vakili Abdullatif ak-Kanuaning ma’lum qilishicha, ushbu kelishuv “Falastin yerini sionistik istilo qilish”ga legitimlik bermaydi. “Istilo Falastin xalqining asosiy dushmaniligicha qoladi va biz o‘z kurashimizni davom ettiramiz”, deya va’da bergan u.

Al-Jazeera’ning yozishicha, HAMAS matbuot kotibi Xazem Kasem ushbu bitimni “orqadan berilgan xiyonatkor zarba” deb atagan.

Dunyo matbuotida Isroil va BAA o‘rtasida diplomatik munosabatlarni yaxshilash borasida  imzolangan shartnoma g‘arb nazarida katta yutuq deb baholanmoqda. Biroq bir qator arab mamlakatlari esa bundan norozi. Falastin rahbari Mahmud Abbos bu shartnomani BAAning xoinligi sifatida baholadi, deb yozadi The Times of Israel nashri.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-08-2020, 10:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 26) ( 0) ( 24) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют