» » Samarqand avtobuslarida ko‘pi bilan 25 yo‘lovchi tashish mumkin, Damas’lar qatnoviga hozircha faqat Qoraqalpog‘istonda ruxsat berildi

Samarqand avtobuslarida ko‘pi bilan 25 yo‘lovchi tashish mumkin, Damas’lar qatnoviga hozircha faqat Qoraqalpog‘istonda ruxsat berildi


Respublika maxsus komissiyasining 12-avgust kuni e’lon qilingan qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda hududlararo transport qatnoviga, shuningdek, jamoat transporti, shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobuslar qatnoviga ruxsat berildi. Ayni vaqtda, haydovchi, chiptachi va yo‘lovchilar amal qilishi lozim bo‘lgan qoidalar o‘rnatildi.

Jumladan, haydovchi va chiptachi doim tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lishi kerak, agar tana harorati 37 daraja yoki undan yuqori bo‘lsa, ishga qo‘yilmaydi; yo‘lovchilar ham tibbiy niqobda bo‘lishi shart va salonda ijtimoiy masofa saqlashi kerak; transport vositalari so‘nggi bekatlarda to‘liq (har bir o‘rindiq) dezinfeksiyadan o‘tkazilishi zarur.

Maxsus komissiya qarorida jamoat transporti faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha aniq sana ko‘rsatilgandi — 17-avgust. Shuningdek, metropolitenga ham hozircha ruxsat berilmasligi ta’kidlangan edi. Biroq ikki istisno bo‘ldi — Toshkentda jamoat transportiga 15-avgustdan ruxsat berildi, metro ham besh oylik tanaffusdan so‘ng xuddi shu kuni ishga tushdi.

Mavzuga doir: Toshkent metrosi 5 oylik tanaffusdan so‘ng qayta ochildi (foto)

“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi bu vaziyatni izohlarkan, ushbu qaror “keng jamoatchilik talabidan kelib chiqib” qabul qilinganini ma’lum qildi. O‘zbekistonning boshqa hududlarida jamoat transporti harakati Maxsus komissiya qarorida ko‘rsatilgan sana — 17-avgustdan qayta tiklana boshladi. Ayrim o‘ziga xosliklar bilan.

Samarqand viloyati Transport boshqarmasi xodimlari 17-avgust kuni erta tongdan avtokorxonalarda bo‘lib, yo‘nalishga chiquvchi har bir avtobusni ko‘zdan kechirgan. Ko‘rikda asosiy e’tibor haydovchilarning qo‘lqop va niqob bilan ta’minlanganligiga, qaytim uchun pulning yetarliligiga, Tezcard validatorlari o‘rnatilganiga qaratilgan.

Qayd etishlaricha, boshqarma inspektorlari avtobus salonida yo‘lovchilar soni 25 nafardan oshmasligini kun davomida nazorat qilib bormoqda (qayd etish joiz, Respublika maxsus komissiyasining 12-avgustdagi axborotida avtobuslardagi yo‘lovchilar soni bo‘yicha aniq bir cheklov o‘rnatilgani ko‘rsatilmagan edi).

Viloyat Transport boshqarmasining “Zarnews” nashrida e’lon qilingan murojaatida yo‘lovchilardan avtobus salonida ijtimoiy masofani saqlash, “agar avtobus salonida yo‘lovchi soni me’yordan ortiq bo‘lsa, yaxshisi navbatdagisini kutish”, avtobusdan tushgach, antiseptiklardan foydalanish so‘ralgan.

Qoraqalpog‘istonda 17-avgustdan boshlab nafaqat avtobuslarda, balki Damas, “Gazel” kabi mikroavtobuslarda ham yo‘lovchi tashishga ruxsat berilgan (xuddi Toshkentda yo‘nalishli taksilar — “marshrutka”lar qatnoviga ruxsat berilgani kabi). Bu haqda, Qoraqalpog‘iston Transport vazirligiga tayanib, O‘zA xabar bermoqda.

Damas’lar masalasida e’tiborga molik bir jihat bor — mikroavtobuslarning oldingi (haydovchining yonidagi) o‘rindig‘iga yo‘lovchi o‘tirishi mumkin emas. Qolgan talablar avtobuslarniki bilan bir xil — salon dizenfeksiya qilinishi, haydovchi niqob va qo‘lqopda bo‘lishi, niqobsiz yo‘lovchilar transportga chiqarilmasligi kerak.

Mavzuga doir: Tadqiqotchilar koronavirusning avj olishi va jamoat transporti harakati o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik topmadi

Damas’da yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarning: “15-avgustdan yo‘nalishli taksi faoliyatiga ham ruxsat beriladimi?” degan ma’nodagi ko‘plab murojaatlariga javob berarkan, Qashqadaryo viloyati Transport boshqarmasi bu kabi savollar Respublika maxsus komissiyasi qarorini “noto‘g‘ri tushunish va noto‘g‘ri talqin qilishdan kelib chiqayotgani”ni ma’lum qilgan edi.

“Komissiyaning navbatdagi axborotida yo‘lovchi tashishda Damas’lar qatnoviga ruxsat berish masalasi umuman tilga olinmadi. Bu esa ushbu turdagi transport vositalarining ishlashiga qo‘yilgan taqiq hali rasman olib tashlanmaganini anglatadi. Faqat jamoat transporti — avtobuslarga ruxsat etildi... Haydovchilardan mazkur cheklovga qat’iy amal qilishni so‘raymiz. Aks holda bunday xatti-harakat javobgarlikka sabab bo‘ladi”, — deyiladi boshqarma axborotida.

Namangan viloyatida ham Damas rusumli mashinalarda yo‘lovchi tashishga ruxsat berilmagan — bu koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha viloyat komissiyasining karantin choralarini yumshatish bo‘yicha bayonida ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, Andijon, Farg‘ona, Xorazm, Samarqand viloyatlarida ham Damas’larda yo‘lovchi tashishga nisbatan taqiq hali bekor qilinmagani bildirildi. Qayd etishlaricha, Samarqandda haydovchilar taqiqni bekor qilishni so‘rab viloyat komissiyasiga murojaat qilgan.

Ayni vaqtda, rasmiy taqiqqa qaramay, Andijon, Farg‘ona, Samarqand viloyatlarida Damas’da yo‘lovchi tashilmoqda. “Ruxsat berilmagan bo‘lsa-da, Damas’lar qatnab yuribdi”, — deydi “Daryo”ning Samarqand va Andijondagi muxbirlari. Farg‘onadagi muxbirning ta’kidlashicha, “Damas’lar karantin kuchaytirilgan davrda ham bemalol odam tashib yurdi, hatto o‘sha kunlarda viloyatdan Toshkentga odam tashish ham to‘xtamadi”.

Virus, katta ehtimol bilan, yo‘nalishsiz taksida ham, yo‘nalishli taksida ham, avtobus va metroda ham, Toshkent va Qarshida ham bir xilda yuqaveradi (avvalo, yuqmasin). Koronavirusga chalingan bemorlar eng ko‘p , kasallanish ko‘rsatkichi va sur’ati bo‘yicha hali ham mamlakatda birinchi bo‘lib turgan Toshkentda “keng jamoatchilik talabidan kelib chiqib” nafaqat yo‘nalishli taksi, balki metro faoliyatiga ham ruxsat berilgan bir vaqtda, ayrim hududlarda, ta’bir joiz bo‘lsa, “jamoat transporti” vazifasini bajaruvchi yagona vosita — Damas’larga ruxsat berish haydovchilarning tirikchiligi uchun ham, uzog‘i yaqin bo‘ladigan yo‘lovchilar uchun ham foydadan xoli bo‘lmas.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (17-08-2020, 19:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 60) ( 0) ( 59) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют