» » Qamashilik fermer paxta terish mashinasini sotib olmagani uchun uni tuman hokimi urganini aytdi. Hokimning aytishicha, “bu yolg‘on va tuhmat”

Qamashilik fermer paxta terish mashinasini sotib olmagani uchun uni tuman hokimi urganini aytdi. Hokimning aytishicha, “bu yolg‘on va tuhmat”


Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida rahbarlik qiluvchi Sherali Sanayev paxta terim mashinasini sotib olmagan fermerni kaltaklagan. Bu haqda “Daryo”ga ma’lum qilgan 62 yoshli fermer Ziyodulla Jabborovning aytishicha, voqea 2020-yil 17-avgust kuni hokimlik binosida sodir bo‘lgan.

“O‘sha kuni (2020-yil 17-avgust nazarda tutilmoqda) dalamda ishlab yurgandim, ‘uchastkavoy’ G‘iyos telefon qilib, tuman IIB boshlig‘i so‘rayotganini aytdi. Nima gap tinchlikmi desam, ‘borganda bilasiz’ dedi. ‘Uchastkavoy’ tuman IIB boshlig‘i bilan gaplashtirdi. IIB boshlig‘i esa tuman markaziga borishimizni aytdi. Bordik. Borsak, tuman hokimligi zaliga kiritishdi. Biz ikkita fermer zalga birga kirdik. Zalga kirishimiz bilan hokim bizni og‘izga olib bo‘lmaydigan so‘zlar bilan haqorat qila boshladi. ‘Nimaga paxta terim mashinasini sotib olmayasizlar?’, dedi. Shunda men hokim buva men paxta terim mashinasini olmayman deganman, hatto yerni topshirish uchun ariza ham berganman degandim. ‘Urug‘lik g‘alla uchun pul olyapsan-ku’ dedi. Urug‘lik g‘alla uchun pul olsam, mehnatim uchun olayotganimni aytdim. ‘Qani kelasi yil olib ko‘r-chi’ dedi. Kerakmas dedim. Shunda jahl bilan kelib, ko‘kragimga zarb bilan urdi. To‘g‘risi, uradi deb kutmagandim”, — deydi fermer Ziyodulla Jabborov.

Ziyodulla Jabborovning aytishicha, bu voqea yuz bergan paytda hokimlik zalida tuman prokurori, IIB boshlig‘i, Soliq boshlig‘i va ‘uchatkavoy’dan tashqari yana bir fermer ham bo‘lgan.

“Hokim menga qo‘l ko‘targach, mening ham jahlim chiqdi va so‘kinib hokim tomonga qarab harakatlandim. Ammo meni ushlab qolishdi, — deydi fermer. — Hokimga avval mening yoshimga yetishini, o‘zidan katta insonga qo‘l ko‘tarib, mansabini suiiste’mol qilmasligi kerakligini aytdim”.

Fermerning aytishicha, u kaltaklangach ko‘krak qismida og‘riq paydo bo‘lgan va o‘zini yomon his qilgan. Shu bois, tuman tibbiyot birlashmasiga tekshiruvdan o‘tish uchun borgan.

“Fazliddin Umarov degan shifokor ‘sizda hech qanday muammo yo‘q’ deb tekshiruvdan o‘tkazmadi. Shuning uchun Qarshi shahridagi xususiy klinikadan tekshiruvdan o‘tdim”, — deydi fermer.

Hokim tomonidan kaltaklanganini aytayotgan fermer Ziyodulla Jabborov paxta terim mashinasi bilan bog‘liq mashmasha voqeadan bir necha kun ilgari ko‘tarilganini, o‘shanda u mas’ullarga paxta terim mashinasi sotib olish fikri yo‘qligini, agar yerni topshirishlarini istasa, topshirishini aytib, ariza yozib berganini ta’kidlamoqda.

“Hokim meni urishidan oldin u bilan ko‘rishgandim. MTP raisi va fermerlar kengashi rahbari paxta terim mashinasi sotib olishim lozimligini, buni hokim so‘rayotganini aytgandi. O‘shanda ularga keksayib qolganimni, paxta terim mashinasi sotib ololmasligimni aytgandim”, — deydi fermer.

Ziyodulla Jabborovning yerni topshirish haqidagi arizasini tuman fermerlar kengashining Jasur ismli raisi qabul qilib olgan.

Voqea haqida Qamashi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Nurbek Rasulovga ma’lum qilib, hokimning bu haqdagi fikri bilan qiziqdik.

“Bunday voqea bo‘lmagan ekan”, — dedi hokimlik axborot xizmati rahbari Nurbek Rasulov “Daryo” muxbiri savoliga javob berar ekan.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan hokim Sherali Sanayevning aytishicha, fermerning “hokim meni urdi” degan gapi yolg‘on va tuhmatdan iborat.

“Tumanda to‘rt nafar fermer paxta terim mashinasini sotib olish bo‘yicha Toshkent traktor zavodi bilan shartnoma tuzgan. Ammo shartnoma shartlarini bajarmasdan ishni ortga surib kelgan. Erta-indin paxta terim boshlanadi. Shu bois, fermerlarni chaqirtirib, buning sababi bilan qiziqdik. Ammo fermerga qo‘l ko‘targanimiz va haqorat qilganimiz yolg‘on”, — deydi Sherali Sanayev.

“Shartnoma tuzganim rost, — deydi hokimdan kaltak yeganini aytgan fermer Ziyodulla Jabborov. — Ammo bu shartnoma qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Pardayevning qistovi bilan shunchaki tuzilgan. Shartnomaga imzo ham qo‘ymaganman. Qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i ‘shunchaki shartnoma tuzib qo‘ying, terim mashina olishingiz shartmas’ degandi.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan tuman prokurori Husniddin Bobomurodov fermer aytgan voqeani tasdiqladi. Ammo hokimning fermerga qo‘l ko‘targanini rad etdi.

Fermerni tuman markaziga olib borgan IIB profilaktika inspektori G‘iyos Ernazarov esa hokimlik binosidagi voqea hamda hokimning fermerga qo‘l ko‘targanini tasdiqladi.

G‘iyos Ernazarov “Daryo” muxbirining hokim fermerni urgani rostmi degan savoliga, “ha” deya javob berdi.

O‘sha kuni Ziyodulla Jabborov bilan birga hokim qabulida bo‘lgan yana bir fermer ham voqeani tasdiqladi. Ammo shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi.

Mavzuga doir: 



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (19-08-2020, 19:11)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 56) ( 0) ( 55) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют