» » Neptun halqalari kashf etilganiga 31 yil to‘ldi

Neptun halqalari kashf etilganiga 31 yil to‘ldi


Quyosh tizimidagi sayyoralar ichida eng taniqlisi Saturn bo‘lsa ehtimol. Uning atrofini o‘rab turgan halqalar koinotsevarlarni hamisha o‘ziga maftun qilib keladi. Ammo 1989-yilning 22-avgust kuni Neptun sayyorasida ham halqalar borligi aniqlandi. “Daryo” sana munosabati bilan koinotdagi halqali sayyoralar haqida ma’lumot beradi. 

Saturn halqalarini Galiley 1610-yildayoq ko‘rgan bo‘lishiga qaramay, uning nima ekanini fahmlamagan edi. Galileyning teleskopi atigi 20 karra kattalashtiradigan bo‘lgan, shu sababli u Saturnni halqalari bilan go‘yoki yaxlit jism shaklida ko‘rgan. Keyinchalik Xristian Gyuygens 50 karra kattalashtiradigan teleskop vositasida qarab, Saturnni atrofida halqa o‘rab turishini ochib berdi. Bu haqda u 1656-yilda ilm-fan olamiga e’lon qilgan edi. Shu tariqa Quyosh tizimida Saturn o‘ziga xos, boshqalardan yaqqol ajralib turadigan sayyora sifatida “otning qashqasidek” tanilib qolgandi.

Keyingi bir necha asr mobaynida boshqa sayyoralarning ham halqasi bo‘lishi mumkinligi birovning xayoliga kelmagan. Chunki eng kuchli teleskoplar bilan qaraganda ham boshqa sayyoralarda halqalar ko‘rinmagan. Faqat oradan deyarli 300 yildan ziyodroq o‘tib, aniqrog‘i, 1977-yilda Uran sayyorasining ham halqalari borligi ma’lum bo‘ldi. 1979-yilda esa Voyager-1 sayyoralararo avtomat kosmik stansiyasi Yupiter yaqinidan uchib o‘tayotganida ushbu eng yirik sayyoraning ham juda ingichka va xira, shu sababli Yerdan ko‘rinmaydigan halqalari mavjudligini aniqladi. Shu tariqa halqalarga ega bo‘lgan sayyoralar soni uchtaga yetdi.

Ushbu kashfiyotlardan keyin Neptun ham halqalarga ega bo‘lishi ehtimoli haqida bahslar ochilgan edi. O‘lchamlariga ko‘ra Neptun ham nomi yuqorida zikr etilgan gaz gigantlari turkumiga kiradi va, tabiiyki, ularga o‘xshash evolyutsion yo‘lni bosib o‘tgan. Shu nuqtayi nazardan Neptunning ham halqasi mavjudligi ehtimoli katta bo‘lib, 1980-yillar mobaynida ko‘plab astronomlar shu maqsadda Neptunni sinchiklab kuzatgan.

Agar sayyoraning halqalari mavjud bo‘lsa, harakatlanish mobaynida u o‘zi bilan fondagi yulduzlarni to‘sib qo‘yishi mumkin va shu holat u yoki bu osmon jismining halqasi mavjudligiga ishora qiladi. Masalan, 1977-yilda o‘sha Uranning halqalari kashf etilishi ham xuddi shu hodisaga asoslangan edi. Biroq Neptun bilan bu usul ish bermadi va olimlar sayyora tomon Voyager-2 kosmik apparatining yetib borishini kutishiga to‘g‘ri keldi. Voyager-2 esa Neptunga 1989-yilning avgustida yaqinlashdi va haqiqatan ham sayyoraning juda ingichka va xira, lekin nisbatan yirik jinslardan tashkil topgan halqalari borligini aniqladi.

Eng asosiy kashfiyoti Neptunning to‘rtta tabiiy yo‘ldoshining ochilishi bo‘lgan o‘sha yaqinlashuvda Voyager-2 Neptun halqalarining fotosuratini Yerga yuborgan. Ma’lum bo‘lishicha, Yerdan ko‘rinmaydigan ushbu halqalar bir-biridan o‘rtacha 10 ming kilometr oraliqlarga ega beshta mustaqil, alohida-alohida halqalardan iborat ekan va ularning eng kattasi, ya’ni eng tashqi halqa sayyoradan 63 ming kilometr narida o‘rab turar ekan.

Neptunning halqalari mavjudligi tasdiqlanishi 1989-yilning 22-avgustida sodir bo‘lgan edi va bugun ushbu voqeaga 31 yil to‘ldi. Hozircha Neptun halqaga ega sayyoralar ichida so‘ngisi bo‘lib turibdi va shunday bo‘lib qolsa ham kerak. Sababi, tashqi sayyoralarning hammasida halqa borligi ma’lum bo‘lib ulgurdi; ichki sayyoralar esa teleskopda va avtomat kosmik stansiyalar orqali juda yaxshi aniqlikda kuzatilmoqda va ularda halqa yo‘qligi allaqachon aniq bo‘lgan.

Astronomlar hozirda mitti sayyoralar va ayrim yirik tabiiy yo‘ldoshlarda ham halqa bor-yo‘qligi borasidagi nazariyalarni tekshirib chiqmoqda. Lekin bunday mayda osmon jismlarida halqa bo‘lishi ehtimoli kam va bo‘lgan taqdirda ham katta ilmiy qiziqish uyg‘otishi qiyin. Biroq so‘nggi yillarda ketma-ket kashf qilinayotgan ekzosayyoralarda ham halqalar topiladimi yoki yo‘qmi – mana shu haqiqatan ham qiziq savol. Bu Quyosh tizimining o‘ziga xosligi (noyob tizim ekani) yoki boshqalar singari oddiy tizim ekani borasidagi bahslarga ham aloqador masala bo‘lib, balki astrofiziklar tez orada bu savolga ham javob topar.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-08-2020, 09:41)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 113) ( 0) ( 111) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют