» » Messi va Ronaldu erasi tugamoqda. Chempionlar Ligasi yakunlari haqida

Messi va Ronaldu erasi tugamoqda. Chempionlar Ligasi yakunlari haqida


Koronavirus pandemiyasi tufayli 2019/20-yilgi Yevromavsum mavsum katta qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, amal-taqal qilib nihoyasiga yetkazildi. Biroq u samaradorlik, joziba va sensatsiyalar borasida qolganlaridan yaxshi bo‘lsa bo‘ldiki, lekin aslo qolishmadi. Quyida shu haqida batafsil.

Mavsumning eng yaxshi to‘purarlari

1. Robert Levandovski, “Bavariya” (15 ta gol, 10 o‘yin)

Chempionlar Ligasining ushbu mavsumida polshalik forvardga tenglashishning imkoni bo‘lmadi. Finalgacha bo‘lgan o‘yinlarda Robert har bir o‘yinda gol urdi. PSJga qarshi o‘yinda Levandovski gol ura olmagan bo‘lsa ham, musobaqaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Shubhasiz, u Myunxen klubining yutug‘ida asosiy rolni o‘ynadi.

2. Erling Holand “Zalsburg”, “Borussiya Dortmund” (10 ta gol, 8 o‘yin)

Tan olish lozim, bir yil avval ushbu nomning Chempionlar Ligasi to‘purarlar ro‘yxatining yuqori qismida bo‘lishini hech kim kutmagandi. Norvegiyalik yosh iqtidor egasi guruh bosqichida (“Zalsburg” safida) 8 ta gol urishga erishgandi va butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratgandi. “Borussiya”ga o‘tgach esa ikkita uchrashuv o‘tkazib, yana ikki marta o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Bu endigina 20 yoshga to‘lgan futbolchi uchun shunchaki aqlbovar qilmas natija!

3. Serj Gnabri, “Bavariya” (9 ta gol, 10 o‘yin)

Ha, Serj Levandovskining soyasida qoldi, ammo u birinchi planga chiqqan mahal bitta gol bilan cheklanmasdi. Ayniqsa, Gnabri ingliz klublarini umuman ayamadi (u “Tottenhem”ga 4 ta, “Chelsi”ga 2 ta gol urdi). Bundan tashqari, germaniyalik futbolchi “Lion” darvozasini ham ikki marta ishg‘ol qildi. Faqatgina “Barselona” unga qarshi “munosib” himoyalana oldi — 1 ta gol.

Mavsumning eng yaxshi assistentlari

1. Anxel di Mariya, PSJ (6 ta assist, 9 o‘yin)

Di Mariya unga gol urishdan ko‘ra, pas berish ko‘proq yoqishini oldin ham bir necha marotaba isbotlagan. Chempionlar Ligasining ushbu mavsumida ham ushbu so‘zlar o‘z tasdig‘ini topdi — 9 ta o‘yin 6 ta golli uzatma. Ta’kidlash joiz, Anxel shularning teng yarmini bitta o‘yinda amalga oshirdi. “Bryugge”ga qarshi o‘yinda di Mariya ikki marta Mbappega, bir marta esa Ikardiga assistentlik qildi.

2. Kilian Mbappe, PSJ (5 ta assist, 10 o‘yin)

Robert Levandovski, “Bavariya” (5 ta assist, 10 o‘yin)

Chempionlar Ligasi finalida Mbappe va Levandovski musobaqaning eng yaxshi assistenti sovrini uchun ham kurash olib bordi, ammo har ikkala futbolchining himoyadagi jamoadoshlari ishonchli harakat qildi, shu bois hujumchilar reytingda uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Futbolchilar bu natijaga turlicha yo‘l bilan erishdi. Mbappe butun musobaqa davomida paslar berib kelgan bo‘lsa, Levandovski barcha uzatmalarini faqat pley-off bosqichlarida amalga oshirdi.

Mavsumning eng ko‘p “quruq” o‘yin o‘tkazgan darvozabonlari

1. Manuel Noyer, “Bavariya” (6 ta “quruq”, 11 o‘yin)

Agar siz Chempionlar Ligasi finalida uxlab qolmagan bo‘lsangiz, Noyerning birinchi o‘rinda ekanidan ajablanmaysiz. Ammo, finalsiz ham 34 yoshli darvozabon hamon yuqori formada ekanligini isbotlab bo‘lgandi. Iyul oyida Noyer o‘zini eng yaxshi darvozabon deb atagandi, uning statistikasiga nazar tashlanar ekan, u bilan bahslashish shunchaki mantiqsizlik ekani ayon bo‘ladi.

2. Keylor Navas, PSJ (5 ta “quruq”, 9 o‘yin)

“Real”ga kerak bo‘lmay qolgach, Keylor Parijga kelib qadr topdi va hali ham yuqori darajada o‘ynay olishini isbotladi. “Quruq” darvozabonlar uchligida u eng kam gol o‘tkazib yubordi — bor-yo‘g‘i 6 ta.

3. Yan Oblak, “Atletiko” (4 “quruq”, 9 o‘yin)

Yan Oblak hech qanday muammolarsiz yuqori o‘rinlar uchun raqobatlashishi mumkin edi, ammo jamoadoshlari unga pand berib qo‘ydi. Ushbu mavsumda “Atletiko” juda sust harakat qildi va chorak final bosqichida o‘z ishtirokini yakunlashga majbur bo‘ldi. Agar Madridliklarning himoyasi ilgarigidek bo‘lganida edi, darvozabon ajoyib natijalarga erishgan bo‘lardi.

Mavsumning asosiy kashfiyotlari

1. Erling Holand, “Borussiya Dortmund”

Albatta, turnirning asosiy kashfiyoti – Erling Holand. Norvegiyalik futbolchining aql bovar qilmas o‘sishini uning transfer narxida ham ko‘rish mumkin. 2019-yilning iyun oyida uning narx yorlig‘i atigi 5 million yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilning apreliga kelib, uning tovon puli 72 million yevroni tashkil etdi. Natijada Erling 21 yoshgacha bo‘lgan eng qimmat futbolchiga aylandi.

2. Alfonso Devis, “Bavariya”

Kanadalik himoyachi uchun Chempionlar Ligasidagi debyut mavsum nihoyatda muvaffaqiyatli o‘tdi. Ushbu musobaqada u 4 ta assisti va ajoyib tezligi bilan yodda qoldi. Hatto Germaniya futbolchilari ittifoqi Devisni Bundesligada mavsumning eng yaxshi kashfiyoti deb topdi. “Bavariya” muxlislari esa uni jamoaning may oyidagi eng yaxshi o‘yinchisi deb e’tirof etishdi.

3. Yosip Ilichich, “Atalanta”

Oldingi ikki mavsumdan farqli o‘laroq Ilichich endi yosh yigitcha emas. Va uning ismi bir necha yillardan beri muxlislarga yaxshi tanish. Ammo 2019-yilda u haqiqatan ham o‘zining eng yaxshi o‘yinlarini namoyon qildi. Chempionlar Ligasida sloveniyalik futbolchi beshta gol urdi, shulardan 4 tasi “Valensiya”ga qarshi o‘yinga to‘g‘ri keldi. Agar u yozgi bahslarda ham o‘ynaganida edi, balki “Atalanta” uzoqroqqa borgan bo‘larmidi.

Mavsumning asosiy sensatsiyalari

1. “Leypsig”, “Lion” va “Atalanta”

Ushbu mavsumda Nagelsmann, Garsiya va Gasperini jamoalari ajoyib ishlarni amalga oshirdi. “Leypsig” va “Lion” “Tottenhem”, “Atletiko”, “Yuventus” va “Manchester Siti”ni mag‘lub etib,Chempionlar Ligasining yarim finaliga chiqdi. “Atalanta” nemis va fransuz klublariga qatoriga qo‘shilishi mumkin edi, ammo Gasperini jamoasi chorak finalda PSJga mag‘lub bo‘ldi. Biroq shuning o‘zi ham butun dunyoni hayratga solish uchun yetarli bo‘ldi.

2. “Barselona” – “Bavariya” 2:8

Kataloniyaliklar va myunxenliklar o‘rtasidagi o‘yin boshlanishidan oldin, “Bavariya” favorit edi,ammo kim ham “Bavariya” “Barsa” darvozasiga naq 8 ta gol uradi deb taxmin qilgandi. “Barsa” 74 yil ichida birinchi marta bitta o‘yinda 8 ta gol o‘tkazib yubordi, shuning uchun final hushtagi yangraganida ko‘pchilik neytral muxlislar Messi va uning jamoasiga achingan bo‘lishi tabiiy.

3. “Bavariya”

“Bavariya”ning natijasini sensatsiya deyish biroz g‘alati, ammo “Bavariya”ning Chempionlar Ligasidagi ushbu g‘alabasi haqiqatan ham sensatsiya. Buning uchun jamoaning bir necha oy oldin qanday bo‘lganini eslash kifoya. Noyabr oyining boshida myunxenliklar Bundesligada to‘rtinchi o‘rinda edi va ichki mojarolardan aziyat chekayotgandi. Keyin esa murabbiy o‘zgardi va tez orada to‘xtatib bo‘lmaydigan jamoaga aylandi. Atigi olti oy ichida. Bu sensatsiya emasmi?

Mavsumdan hafsalasi pir bo‘lganlar

Messi va Ronaldu

Albatta, mavsumni na Messi va na Ronaldu uchun omadsiz deb bo‘lmaydi. Ammo o‘z standartlari bo‘yicha ular juda yomon o‘ynadi. Birinchidan, ularning hech biri 14 yil ichida ilk bor Chempionlar Ligasining yarim finaliga chiqa olmadi. Ikkinchidan, ularning hech qaysi biri 13 yil ichida ilk marta turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘lmadi. Uchinchidan, Ronaldu Chempionlar Ligasi o‘yinlaridagi gol+pas statistikasi bo‘yicha (4 gol, 1 ta uzatma) 2004/2005-yilgi mavsumdan buyon eng yomon ko‘rsatkichini qayd etdi, Messi uchun esa (3 gol, 4 ta golli uzatma) bu mavsum 2006/2007-yilgi mavsumdan keyin eng yomoni bo‘ldi. Shunday ekan, bu ikki “o‘zga sayyoralik”ning davri tugagan ko‘rinadi.

Koronavirus

Chempionlar Ligasi koronavirusdan Yevropaning boshqa musobaqalaridan kam zarar ko‘rmadi. Hozirda Chempionlar Ligasi yangi formatining afzalliklari haqida ko‘p gapirilmoqda. Ammo pley-off o‘yinlarini o‘tkazib yuborilgani, tribunalarda va final o‘yini atrofidagi bayram muhiti yo‘qotilganini inkor qilish mushkul.

Mavsumning asosiy rekordlari

1. “Bavariya” barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozondi

Chempionlar Ligasidagi asosiy rekord, albatta, “Bavariya”ning tarixiy natijasidir. Myunxenliklar “Srvena Zvezda”, “Tottenhem”, “Olimpiakos”, “Chelsi”, “Barselona”, “Lion” va PSJ bilan bo‘lgan barcha o‘yinlarida g‘alaba qozondi. To‘g‘ri, nemislar epidemiya tufayli chempion bo‘lish yo‘lida ikkita kam o‘yin o‘tkazdi,ammo bu ularning yutuqlariga zarracha ham shubha uyg‘otmaydi.

2. “Bavariya” bitta pley-off o‘yinida 8 ta gol urdi

“Bavariya” “Barselona”ga qarshi o‘yinda tarixiy natija qayd etdi. Bungacha hech bir klub pley-offning bir o‘yinida 8 ta gol urmagandi. Ochig‘i, yaqin vaqt ichida kimdir bu rekordni yangilashiga ishonish qiyin.

3. Levandovskining pokeri va Neymarning aldab o‘tishlari

Bu ikki rekorddan birini tanlash murakkab, shu tufayli bu qatordan ikki futbolchining joy olishi adolatdan bo‘lardi. Ularning har ikkisi ham o‘zi yaxshi bajaradigan ishni a’lo darajada uddaladi. “Srvena Zvezda” darvozasiga 15 daqiqa ichida 4 gol urgan Levandovski musobaqa tarixidagi eng tezkor pokerni rasmiylashtirgan bo‘lsa, Neymar “Atalanta”ga (chorak final) qarshi o‘yinda raqib futbolchilarini 16-marta aldab o‘tib, Chempionlar Ligasi rekordini o‘rnatdi. Shunchaki fantastika!

Mavzuga doir: Eslab qoling, bu kabi Chempionlar Ligasi boshqa bo‘lmaydi. Karantinli futbol haqida



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-08-2020, 09:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 85) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют