» » “Sizlardan uzr so‘rayman!”. So‘xlik blogerning onasi Prezidentga murojaat qildi (video)

“Sizlardan uzr so‘rayman!”. So‘xlik blogerning onasi Prezidentga murojaat qildi (video)


So‘x tumanida 31-may va 1-iyun kuni yuz bergan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 22-avgust kuni bloger Haydarjon Bobohaydarov (YouTube’da Dadaxon Haydarov taxallusi bilan Dengiz TV kanalini yuritadi) ushlangani ma’lum bo‘lgan edi. Yigitning otasi Sherali Eraliyev “Gazeta.uz” nashriga bergan intervyusida o‘g‘li 22-avgustdan beri qayerda saqlanayotganidan bexabarligini bildirgan.

Mavzuga doir: “Boshiga qop kiygizib, vertolyotda olib ketishdi” — so‘xlik blogerning otasi

Ushbu holat yuzasidan 30-avgust kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati bayonot berib, blogerning ushlanganini tasdiqladi, biroq “Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmasligi”ni bildirdi. Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda blogerning onasi Aziza Eraliyevaning ochiq murojaati paydo bo‘ldi. Unda ona Prezidentdan farzandini afv etishni so‘ragan.

Assalomu alaykum, Shavkat Miromonovich! Men Farg‘ona viloyati So‘x tumanida yashovchi Bobohaydarov Haydarjonning onasi Eraliyeva Aziza bo‘laman. Shu yil 31-may kuni So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan voqealardan So‘x tumanining barcha xalqi chuqur afsusdamiz. 1-iyun kuni bosh vazirimiz Abdulla Aripov So‘xga keldi va xalq bilan muloqot qildi. O‘sha muloqotda o‘g‘lim Bobohaydarov Haydarjon qatnashdi, so‘zga chiqib, So‘xdagi ba’zi muammolarni aytdi. O‘zi bilmagan holda, hissiyotga berilib, tuman hokimini, viloyat hokimi — Shuhrat G‘aniyevni ishdan olishni taklif qilgan.

22-avgust kuni ertalab soat 8:30 da ichki ishlar organlari xodimlari uyimga borib, o‘g‘lim Bobohaydarov Haydarjonni ogohlantirishsiz olib ketdi. Faqat kechga borib o‘g‘limni Farg‘onaga olib ketishganini bildim. Muhtaram Shavkat Miromonovich, sizdan iltimos, yordam bering bizga (yig‘laydi). O‘g‘lim Bobohaydarov Haydarjon endi 22 yoshga kirdi hamda sakkiz oylik o‘g‘li bor. Muhtaram Prezident Shavkat Miromonovich hamda viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevdan iltimos qilib, o‘z nomimdan, o‘g‘lim nomidan, oilamiz nomidan kechirim so‘rayman, uzr so‘rayman.

Iltimos, muhtaram Shavkat Miromonovich, o‘g‘limni afv eting! Sizlardan yana uzr so‘rayman!

Aziza Eraliyeva, so‘xlik bloger Haydarjon Bobohaydarov (Dadaxon Haydarov)ning onasi

Avvalroq Qirg‘izistonda qo‘lga olingan jurnalist Bobomurod Abdullayev Toshkentga olib kelingach, 22-avgust kuni xalq-atvor qoidalariga rioya qilish haqidagi tilxat asosida ozod qilingan edi. Uning ozod qilinishiga onasining Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgani sabab bo‘lgani aytilgan edi.

“Taqdirimdan xavotir olib, onam sizga murojaat qilgan ekan. Shu onaizorning murojaatini yerda qoldirmay, ko‘rib chiqibsiz, Alloh sizdan rozi bo‘lsin. Kattadan-katta rahmat, hurmatli Shavkat Miromonovich!”, — degandi Bobomurod Abdullayev ozod etilganidan keyin e’lon qilingan videomurojaatida.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (30-08-2020, 21:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 85) ( 0) ( 83) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют