» » Noyob jonivorning qismati. Odamzot yo‘q qilgan Tasmaniya xaltali bo‘rilari haqida

Noyob jonivorning qismati. Odamzot yo‘q qilgan Tasmaniya xaltali bo‘rilari haqida


Avstraliya va unga yondosh orollarda g‘aroyib xaltali jonivorlar yashashini ko‘pchilik yaxshi biladi. Ular orasida eng taniqlisi, albatta, kenguru bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, koala, o‘rdakburun, xaltali sichqon, Tasmaniya tasqarasi va yana ko‘plab g‘aroyib jonivorlar bu qit’aning tabiiy boyligi sanaladi. Bu turdagi hayvonlar qit’aning juda uzoq o‘tmishda alohida bo‘lib, ajralib qolgani va boshqalardan izolyatsiyalangan holda evolyutsiyalangani bilan izohlanadi. Ana shunday hayvonlar orasida xaltali bo‘rilar bugunga kelib yo‘qolib ketgan noyob turga kiradi. “Daryo” xaltali bo‘rilar haqidagi qiziqarli faktlar haqida ma’lumot beradi. 

Hozirgi kunda ham xaltalilarning ko‘p turlari saqlanib qolganiga qaramay, yaqin o‘tmishda ularning ayrim turlari butunlay yo‘q bo‘lib ketgani ham achchiq haqiqatdir. Shunday yo‘qolib ketgan xaltali jonivorlardan biri – xaltali bo‘rining eng oxirgisi bundan 86 yil muqaddam, ya’ni 1936-yilning 6-sentyabrida, Tasmaniya poytaxti Xobart shahridagi hayvonot bog‘ida jon taslim qilgan edi. O‘shandan buyon ushbu jonivor yo‘qolib ketgan turlar ro‘yxatiga kiritilgan va eng yomoni, uning yo‘q bo‘lib ketishiga inson omili ta’sir qilgan.

Xaltali bo‘rilar haqidagi ilk ilmiy ma’lumot 1808-yilda Londonda Linney jamiyatida havaskor tabiatshunos Xarrison tomonidan taqdim etilgan edi. Avstraliyadagi qoyatoshlarga o‘yib ishlangan suratlarga qaraganda, qit’aning mahalliy aholisi bu bo‘rilar bilan ming yillardan beri yaxshi tanish bo‘lgan. Biroq o‘rta asrlarga kelib, yevropaliklar qit’aga va Tasmaniya oroliga tashrif buyurmasidan avvalroq xaltali bo‘rilar Avstraliyaning o‘zidan tabiiy ravishda siqib chiqarilgan va ular faqat Tasmaniya orolidagina saqlanib qolgan bo‘lgan.

Xaltali bo‘rini qit’adan siqib chiqarilishiga sabab, bu yerlarga janubiy-sharqiy Osiyodan kelib o‘rnashgan yovvoyi itlar – dingo sabab bo‘lgan degan ilmiy qarash mavjud. Haqiqatan ham tulkidan yirikroq, lekin nemis ovcharkasi yoki alabay singari yirik gavdali itlardan kichikroq jussaga ega bo‘lgan xaltali bo‘ri, jismoniy jihatdan dingoga bas kela olmagan va o‘z arealini ularga boy bergan. Dingo Tasmaniya oroliga yetib bormagan. Shu sababli, bu orolda xaltali bo‘ri o‘zini juda yaxshi his qilgan va XIX asr o‘rtalarigacha tabiiy ko‘payishda davom etgan.

Biroq Tasmaniyada fermerlar ko‘payib, xonaki hayvonlar boqilishi boshlanishi bilan xaltali bo‘riga endi odamlar tajovuz qila boshlagan. Xaltali bo‘ri o‘z xarakteriga mos ravishda, albatta, fermerlarning yaylovdagi qo‘y-qo‘zilariga hujum qilar edi va shu sababli, fermerlar yoppasiga bu bo‘rini qirishni boshlagan. XIX asrning 30-yillarida hatto har bir o‘ldirilgan xaltali bo‘ri uchun mukofotlar ham berilar edi.

Xaltali bo‘ri, shuningdek, qushlarni va boshqa mayda jonivorlarni tutish uchun qo‘yilgan qopqonga tushgan o‘ljaga ham hamla qilar edi va o‘ljani qopqon egasidan avval burdalab ketardi. Uning ov qilish uslubi ham o‘ziga xos bo‘lgan. Xaltali bo‘ri o‘ljasini juda uzoq, shoshilmasdan, lekin uzluksiz ta’qib qilib borgan. Oxiri o‘lja yoki holdan toygan yoki qochgani joy topolmay qolib taslim bo‘lgan.

Xaltali bo‘ri asosan tunda ov qilgan va asosan mayda jonivorlar (kemiruvchilar), qushlar va kaltakesaklar bilan oziqlangan. Qizig‘i shundaki, xaltali bo‘ri o‘zi oxirigacha yemay chala tashlab ketgan o‘ljasiga boshqa hech qachon qaytmagan va o‘laksani yemagan. Uning ovozi bo‘g‘iq, yo‘talga o‘xshash bo‘lgan. Tarixan hech qachon xaltali bo‘rining odamga hujum qilgani qayd qilinmagan. Bu turdagi bo‘ri atiga 35 kunlik homiladorlikdan keyin ikki yoki to‘rt nafar kuchukdan iborat avlodni dunyoga keltirib, keyingi 2-4 oy mobaynida kuchuklarini o‘z xaltasida olib yurib katta qilgan.

Ular hech qachon odamga hamla qilmagan bo‘lsa-da, tasmaniyalik fermerlar orasida xaltali bo‘rining favqulodda vahshiy yirtqich ekani haqida vahimali afsonalar keng tarqalgan edi. Fermerlar xaltali bo‘rini miltiqdan otib yoki qopqonga tushirib yo‘q qila boshlagan va natijada, 1863-yilga kelib, xaltali bo‘rilar soni halokatli darajada kamayib ketgan. Shunga qaramay, XX asr boshlarida ham hali xaltali bo‘rilar Tasmaniyaning baland tog‘li hududlarida tabiiy holda yashar edi.

XX asr boshlarida xaltali bo‘rini jahonning turli mamlakatlaridagi hayvonot bog‘lariga ham tarqatish boshlangan. Biroq 20-yillarda Tasmaniyaga tashqaridan olib kelingan itlar orqali kirib kelgan va mahalliy itsimonlarda ham tarqalgan o‘lat kasalligi xaltali bo‘rilarni ham chetlab o‘tmadi. Natijada, ularning populyatsiyasi qayta tiklanmas darajada qirilib ketdi. Tasmaniya hukumati 1928-yilda tabiatni asrash borasida maxsus qaror chiqargan.

Lekin tushunarsiz sababga ko‘ra, bu qarorda ham xaltali bo‘rini muhofaza qilish choralari ko‘zda tutilmagan edi. Yovvoyi tabiat qo‘ynida oxirgi xaltali bo‘rini 1930-yilda ko‘rishgan, aniqrog‘i, uni otib o‘ldirishgan va boshqa hech qachon xaltali bo‘rini odamlar hali uchratmadi. Tutqunlikda saqlangan so‘nggi xaltali bo‘ri esa, yuqorida aytganimizdek, 1936-yilning 6-sentabrida Xobartdagi zooparkda qarilikdan o‘lgan.

Tasmaniya hukumati xaltali bo‘rilarni asrash bo‘yicha amaliy harakatlarga kech qoldi. Xaltali bo‘rini ovlashga taqiq faqat 1938-yilda joriy etildi va ko‘rganingizdek, bu paytga kelib, xaltali bo‘rining o‘zi allaqachon yo‘q bo‘lib ketib bo‘lgandi. 1966-yilda orolning janubi-g‘arbida xaltali bo‘rilarni himoyalash uchun maxsus rezervatsiya ham tashkil qilingan.

Lekin bu harakatlar allaqachon kech bo‘lgandan keyin qilingani bois, hanuzgacha, xaltali bo‘rini birov qaytib ko‘rmagan. Olimlar va tabiatshunos mutaxassislar xaltali bo‘rilar Tasmaniyaning odam qadami yetmagan eng baland tog‘li hududlaridagi qalin o‘rmonlarda yashab qolganiga umid bilan har yili qidiruv ishlarini tashkil qiladi. 2005-yilda esa Avstraliyadagi jurnallardan biri xaltali bo‘rini tirigini ko‘rgan va topgan odamga taxminan ming AQSh dollari miqdorida mukofot ham e’lon qilgan.

Quvonarlisi shundaki, so‘nggi yillarda xaltali bo‘riga tegishli deb hisoblanayotgan izlar va hatto bo‘rining o‘zini uzoqdan ko‘rganligini aytayotgan guvohlar paydo bo‘lmoqda. Shunga ko‘ra, balki yaqin yillarda bu noyob jonivorning qayta topilishi sodir bo‘lsa, albatta, katta voqea bo‘lgan bo‘lar edi. Quyidagi videolarda Yer yuzidagi oxirgi xaltali bo‘ri tasvirlangan kinoxronika kadrlarini ko‘rishingiz mumkin.

Muzaffar Qosimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (6-09-2020, 10:55)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 66) ( 0) ( 65) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют