» » Senat sayyor majlisida Sardoba toshqinidan talafot ko‘rganlarning 83,4 foizi o‘z uylariga qaytgani, qolganlar hali ham maktablarda ekani aytildi

Senat sayyor majlisida Sardoba toshqinidan talafot ko‘rganlarning 83,4 foizi o‘z uylariga qaytgani, qolganlar hali ham maktablarda ekani aytildi


2020-yil 5-sentabr kuni Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining sayyor majlisida Senat a’zolari, Vazirlar Mahkamasi mutasaddilari, mahalliy Kengashlar deputatlari, Sirdaryo viloyati hokimligi mas’ullari, sektorlar rahbarlari, Yoshlar parlamenti a’zolari, hudud faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva olib borgan majlisda “Sardoba” suv ombori to‘g‘onida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, Parlament yuqori palatasiga “Sardoba” suv omboridan suv toshishi oqibatida talafot ko‘rgan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar yo‘llangan. Ular senatorlar tomonidan joylarga chiqib ko‘rilgan va bunda nafaqat aholi murojaatlari bilan ishlandi, balki ularning taklif va mulohazalari ham eshitilgan.

Qolaversa, Senat Ishchi guruhi tomonidan 2020-yil 14—18-avgust kunlari Sirdaryo viloyatining talafot ko‘rgan Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. Bu jarayonga hududdagi senatorlar ham jalb etilib, muammolarni aniqlash maqsadida xalq deputatlari Mirzaobod, Oqoltin, Sardoba tumanlari Kengashlari deputatlari ishtirokida aholi bilan bevosita muloqot olib borildi.

Ijtimoiy soha obyektlarida bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 9,5 milliard so‘m mablag‘ to‘lovlari to‘lanmayotganligi aniqlanib, ushbu mablag‘lar quruvchi tashkilotlarga to‘liq undirib berilgan. Qolaversa, Sardoba tumanidagi “Global Idea” MChJga 10,0 mlrd.so‘m kredit mablag‘i ajratilishi ta’minlangan. Mirzaobod tumanining “Haqiqat” MFYda joylashgan “Nuroniylar maskani” negizida “Yoshlar mehnat guzari”ni tashkil etish maqsadida 1,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Talafot ko‘rgan 3 ta tumanda jamoatchilik ishlariga jalb etilgan jami 1 ming 870 nafar fuqaroga to‘lanishi lozim bo‘lgan 1 milliard 580 million so‘m mablag‘ning berilishi Ishchi guruh yordami bilan hal etilgan.

Ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o‘rganish davomida muammo va kamchiliklar aniqlangani inobatga olinib, birinchi marotaba Senat Kengashining sayyor majlisini o‘tkazish maqsadga muvofiq deb topildi, deyiladi xabarda.

Majlisda “Sardoba” suv ombori to‘g‘onidan suv toshish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xususan, uchta tumandagi 28 ta mahalladan 89 450 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Bugungi kunga qadar ularning 83,4 foizi o‘z yashash manzillariga qaytarilgan.

Bundan tashqari, texnogen ofat oqibatida jami 4 710 ta xonadonga talafot yetkazilgan bo‘lib, shundan 2 211 tasi yaroqsiz, 2 499 tasi ta’mirtalab holatga kelgan. Shu kungacha uylari yaroqsiz holga tushgan fuqarolarni yangi uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 2 640 xonadonli 66 ta ko‘p qavatli uy qurish rejasi 56 foizga bajarilgan.

Shu bilan birga, to‘rtta elektr podstantsiyasi, 106 ta transformator, 6 269 ta elektr ustuni, 345 kilometr uzunlikdagi elektr simlariga zarar yetishi sababli 12 ta aholi punktida yuzaga kelgan uzilishlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun 68 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Buning barobarida, 106,5 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 8 ta suv taqsimlash inshooti, 1 kilometr oqova suv tarmoqlarini tiklash uchun 13 ta aholi punktida yuzaga kelgan muammolarni hal etish uchun 129,7 milliard so‘m hajmida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan.

Majlisda texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish borasida yechimini kutayotgan ayrim muammolarga e’tibor qaratildi. Xususan, jami 175 ta tadbirkorlik subyektidan 32 tasiga yetkazilgan zarar miqdori 9,1 milliard so‘m deb aniqlangan bo‘lsa-da, qolgan 143 ta tadbirkorning mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdori bo‘yicha aniq hisob-kitoblar amalga oshirilmagan va zararni qoplash bo‘yicha hech qanday amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmagan.

Qolaversa, umumta’lim obyektlarini ta’mirlash, tiklash va qayta qurish ishlari belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan. Uy-joysiz qolgan 1 308 nafar fuqaro hozirgi kungacha 13 ta muassasa, shu jumladan, 6 ta umumta’lim maktabida yashayotganligi sababli mazkur ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash ishlari kechikmoqda.

Yana bir jihat, irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini tiklash ishlari bo‘yicha moliyalashtirish ishlari yakuniga yetkazilmagan. Ayrim qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash ishlari yetarli darajada bajarilmagan.

Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida talafot ko‘rgan 54 ta fermer xo‘jaligining 4 204 gektar paxta va g‘alla maydonlariga ekinlarni qayta ekish uchun sug‘urtalanmagan 9,5 milliard so‘mlik zararni qoplash masalasi hal etilmagan. Bundan tashqari, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilik yo‘nalishlarida ham shu kabi muammolar o‘z yechimini kutmoqda.

Shu bilan birga, majlisda yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari sust olib borilayotgani ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalishda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolarining taklif va fikr-mulohazalari tinglandi.

Qayd etilganidek, “Yoshlar - kelajagimiz” davlat dasturi doirasida Sardoba tumanida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan 275 million so‘mlik 3 ta, Mirzaobod tumanida qiymati 260 million so‘mlik 8 ta loyiha tegishli mutasaddilarning mas’uliyatsizligi sababli bajarilmagan va yoshlar uchun mo‘ljallangan yangi ish o‘rinlari yaratilmagan. 186 nafar og‘ir turmush sharoitida yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash borasidagi ishlar ham talab darajasida emas.

Aholi bandligini ta’minlash ishlari ham yetarli darajada tashkil qilinmagan, 11 ta mahalladagi vaqtinchalik ishsiz qolgan va xorijdan qaytib kelgan 4 325 nafar ishsiz fuqaroning 31 foizi ishga joylashtirilgan.

Shuningdek, majlisda Sirdaryo viloyatida yuz bergan texnogen holat oqibatida jabr ko‘rgan fuqarolar muammolarini yana bir bor hukumat darajasida Ishchi guruh tashkil qilgan holda puxta o‘rganish zarurligi, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Hukumat komissiyasiga taklif kiritish lozimligi ta’kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga doir:Tanzila Norboyeva: “Sardoba fojiasi sabablari, kerak bo‘lsa, sababchilari ham aniqlanadi”

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori to‘g‘onining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Favqulodda vaziyat sababli Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi 24 ta mahalladan 90 mingga yaqin fuqaro zudlik bilan xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Suv toshqini oqibatida 4435 ta xonadon talafot ko‘rgan. Ulardan 2390 tasi yaroqsiz holga kelgan, 2045 tasi esa ta’mirtalab holatda. Sardoba tumani “Do‘stlik” mahallasida 37 ta 1480 xonadonli; Mirzaobod tumani “Haqiqat” mahallasida 20 ta 800 xonadonli va “Navbahor” mahallasida 9 ta 360 xonadonli ko‘p qavatli turar joy qurilish ishlari boshlangan.

15-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sardobaliklar bilan uchrashuvda suv toshqini oqibatida zarar ko‘rgan uylar davlat tomonidan bepul ta’mirlab berilishini, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qolishini ma’lum qilgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (7-09-2020, 00:40)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 98) ( 0) ( 97) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют