» » Pinochet hukmronligi diktaturamidi, harbiy rejimmi? Chilini iqtisodiy inqirozdan saqlab qolgan harbiy isyon haqida

Pinochet hukmronligi diktaturamidi, harbiy rejimmi? Chilini iqtisodiy inqirozdan saqlab qolgan harbiy isyon haqida


1973-yil 11-sentabr kuni Chilida general Avgusto Pinochet davlat to‘ntarishini amalga oshirdi va shu bilan mamlakatda qonli terror boshlanib ketdi. Lekin qanchalik paradoksal bo‘lmasin, Pinochet Chili iqtisodiyotini eng rivojlangan mamlakatlardan biriga aylantirib, mamlakatni iqtisodiy halokatdan qutqardi. “Daryo” sana munosabati bilan “Chilidagi harbiy isyon” sabablari va oqibatlari haqida hikoya qiladi.

1973-yil 12-sentabr kuni ertalab dunyo OAVlarida “Chilida harbiy isyon” degan dahshatli xabarlar paydo bo‘la boshladi. Bir kun oldin general Augusto Pinochet boshchiligidagi Chili armiyasi prezident saroyiga bostirib kirdi, saroyda amaldagi davlat rahbari sotsialist Salvador Alende yashiringan edi.

1970-yil kuzida o‘tkazilgan Chilidagi prezident saylovlarida SSSRning katta do‘sti Salvador Alende g‘olib bo‘ldi. Vashington esa amaldagi prezident Eduardo Freyga tayanib, uning prezidentlik kampaniyasiga yashirincha homiylik qilgandi. O‘z favoriti saylovda yutqazgan Oq uy Chili ham navbatdagi Kubaga aylanishidan qo‘rqib ketdi.

Markaziy razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha payt Chilida Kuba maxsus xizmatlarining 30 mingga yaqin doimiy agentlari bor edi, ular turli maslahatchilar niqobi ostida faoliyat yuritardi. Kommunizm sharpasi uzoq vaqt davomida Yevropani kezib yurgan bo‘lsa, endi uning soyasi Lotin Amerikasiga tusha boshladi va Qo‘shma Shtatlar bundan o‘z ehtiyotkorligini ko‘ra boshladi.

O‘z hukmronligining dastlabki kunlarida Alende 500 ga yaqin yirik korxonalarni, xususiy banklarni chet ellik mulkdorlardan hech qanday tovon puli to‘lamay tortib olib, milliylashtirdi.

Ushbu qadam boshida aholining ish haqi va pensiyalarini oshirishga imkon berdi. Ammo bu to‘lovlar iqtisodiyotga qaraganda tezroq o‘sib borardi. Talabni qondirish uchun esa pulchop etishdan boshqa chora topilmadi. Alende, shuningdek, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar har kuni davlatdan tekin sut olishlari kerak degan siyosat yurgazdi, bu esa sut pulini to‘lashni tadbirkorlarning bo‘yniga yuklardi. Ular, o‘z navbatida, narxlarni ko‘tarishni boshladi.“Odam yuzli sotsializm” qurayotgan Chili rahbari esa narxlarni muzlatib qo‘ydi.

Buning oqibatida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari do‘konlardan g‘oyib bo‘la boshladi. 1971-yil dekabrda Chili poytaxti Santyagoda ayollar oziq-ovqat tanqisligiga qarshi norozilik bildirish uchun ko‘chalarga chiqdi. Keyinchalik bu harakat “Bo‘sh kostryulkalar marshi” deb nomlandi.

Keyingi yil ham chililiklarga xushxabar keltirmadi: mahalliy iqtisodiyotning asosi bo‘lgan mis narxi jahon bozorida qulab tushdi. Hukumat tashqi qarzni to‘lashga qisman taqiq bo‘lgan texnik defolt e’lon qildi. 1972-yilning dekabrida Alende yordam so‘rab SSSRga uchib ketdi. Ammo SSSRdan moliyaviy yordam ololmay, mamlakatga quruq qo‘l bilan qaytdi. 1973-yil o‘rtalariga kelib, Chilidagi yillik inflyatsiya 800 foizga yetgan holda jahon rekordini o‘rnatdi.

Iqtisodiy qulashga esa Lotin Amerikasidagi an’anaviy nufuzli kuchlardan bo‘lgan harbiylar javob tayyorlab turishardi... Taqdirning hazilini qarangki, aynan shu kunlarda Salvador Alende generalning antikommunistik qarashlarini bilsa-da, Avgusto Pinochetni Chili armiyasining oliy bosh qo‘mondoni etib tayinladi. Oradan uch hafta o‘tar-o‘tmay, yangi bosh qo‘mondon XX asrning eng taniqli harbiy to‘ntarishlaridan birini amalga oshirdi. G‘alayonning birinchi kuni bo‘lgan 1973-yilning 11-sentabri Alendening oxirgi kuni edi.

Chili harbiylarining radiochastotalari orqali yetkazilgan ushbu gapdan iborat xabar hujum boshlanishi uchun kodli signal edi. Isyonni Valparaiso shahrida joylashgan portdagi dengizchilar boshladi: ular uch ming kishini hibsga oldi va shaharda komendant soati o‘rnatildi. Ayni shu payt poytaxt Santyagoda qo‘zg‘olonchilar prezident saroyiga bostirib kira boshladi. Bunda nafaqat tanklar, balki samolyotlar ham ishlatilgan. Saroyning bombardimon qilingani aks etgan tasvirlar butun dunyoni dahshatga soldi.

O‘zgacha fikrlovchilarni hibsga olish, so‘roq qilish, qiynoqqa solish va qatl etish Pinochet xuntasi hokimiyat tepasiga kelgan birinchi kundanoq boshlandi. Tushga qadar Alende o‘zini mag‘lub bo‘lganini e’lon qildi. U harbiylarga taslim bo‘lishdan bosh tortdi va o‘z kabinetida inqilobiy Kuba yetakchisi Fidel Kastro tomonidan sovg‘a qilingan to‘pponchadan o‘q uzib, o‘z joniga qasd qildi. Chilida hokimiyat tepasiga tarkibiga armiya, dengiz floti, aviatsiya va karabinerlar korpuslari qo‘mondonlari kirgan harbiy xunta keldi.

13-sentabr kuni Pinochet matbuot bilan suhbatda shunday dedi: “Fursatdan foydalanib, bizga qarshi chiqish, belgilangan tartibni buzish va Moskvadan keladigan buyruqlarga bo‘ysunish niyatida bo‘lgan barcha urinishlarini qattiqqo‘llik bilan bostirish niyatida ekanimni ma’lum qilaman”.

Pinochetning qo‘li rostdan qattiq edi. Axborot agentliklari xunta tomonidan konsentratsion lagerga aylantirilgan Santyagodagi “Nacional” stadionining fotosuratlarini butun dunyoga tarqatdi. Bu yerda har kuni bir necha ming odam otib o‘ldirilgan.

Oqlash qiyin bo‘lgan darajada ko‘p qon to‘kkkan Pinochet Chili Respublikasini erkin, neoliberal iqtisodiyotga yo‘naltirdi. Mamlakatdagi iqtisodiy sektorlarga “Chikagolik yigitlar”, ya’ni AQShning nufuzli Chikago universitetini tamomlagan yosh kadrlar qo‘yildi. Mamlakat moliya vaziri esa atigi 30 yoshda edi. Natijada, mamlakat qit’aning eng boy davlatiga aylandi.

Pinochet rejimi 17 yil davom etdi. Iste’fodan keyin u Chilida va chet elda bir necha bor hibsga olingan, ammo qarilik va aqli zaiflik tufayli sudlashmagan. U 91 yoshida yaqinlari qurshovida vafot etdi. Chilida har yili 11-sentabr kuni ko‘chalarda qon to‘kiladi.

Chunki har yili to‘ntarish kunida mamlakat Pinochetni liberal islohotchi sifatida yaxshi ko‘radigan va uni qonli zolim sifatida yomon ko‘radiganlarga bo‘linadi. Shu kuni Chilida doimo tartibsizliklar sodir bo‘ladi. Ko‘chalarda o‘lgan va bedarak yo‘qolgan qarindoshlarining portretlarini olib yuradiganlar uchun endi rasman aybdor yo‘q.

Axir ta’limot endi boshqacha. Yaqinda hatto Chili maktab o‘quvchilarining tarixiy darsliklari ham qayta nashr etildi. Pinochet hukmronligi endi “diktatura” emas, balki “harbiy rejim” deb nomlandi. Darsliklarda endi uning “Demokratiya demokratiya bo‘lib qolishi uchun uni vaqti-vaqti bilan qon bilan yuvib turish kerak” degan mashhur iborasi ham yo‘q...

Nurbek Alimov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-09-2020, 15:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 64) ( 0) ( 62) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют