» » O‘zbekiston Senati Yangihayot va Davlatobod tumanlarini tashkil etish haqidagi qarorlarni tasdiqladi

O‘zbekiston Senati Yangihayot va Davlatobod tumanlarini tashkil etish haqidagi qarorlarni tasdiqladi


O‘zbekiston Senati 11-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yettinchi yalpi majlisda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot va Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanlarini tashkil etish haqidagi qarorlarni tasdiqladi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Senatning yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Konstitutsiyasining 69, 78-moddalariga hamda “O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonunining 18, 23 va 25-moddalariga muvofiq, “Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Senatining qarori tasdiqlandi.

Mavzuga doir: Sergelidagi Yangi hayot kichik tumani maydoni poytaxt va Toshkent viloyatidagi 6 tuman hududi hisobiga kengayadi

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil may oyida Zangiota va Sergeli tumanlariga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif Prezident tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu taklif joriy yil iyul oyida Toshkent viloyati va Toshkent shahri aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish masalasi xalq deputatlari Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati Kengashlari tomonidan ma’qullangan.

Yangidan barpo etilayotgan Yangihayot tumaniga Toshkent shahridan 2131,2 gektar hamda Toshkent viloyatidan 2288,4 gektar, jami 4419,6 gektar yer maydoni ajratilib, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari muvofiqlashtirilmoqda.

Bu bilan Yangihayot tumanida 115 ta sanoat korxonasi, 277 ta xizmat ko‘rsatish korxonasi, 1148,8 gektar qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlar va 388,8 gektar aholi tomorqa yerlari nazarda tutilgan.

Yangi tashkil etilayotgan tuman Toshkent shahar bo‘ysunuvidagi tumanlar toifasiga kiritilib, aholisi 147 ming nafarni tashkil etib, shahar aholisining 5,8 foizini qamrab oladi. Shuningdek, 47 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning tuman bo‘limlari tashkil etilishi natijasida boshqaruv samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, aholi bandligini ta’minlash va turmush sharoitini yaxshilash maqsadida tumanni kompleks rivojlantirish va kelgusida istiqbolini belgilash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilishi belgilangan.

Shuningdek, majlisda “Namangan viloyatining Namangan shahar tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Senati qarori ham tasdiqlandi.

Mavzuga doir: Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumani qayta tashkil etiladi

Ta’kidlanishicha, Davlatobod tumaniga 1977-yil 29-avgustda asos solingan. Uning hududi 1125 gektarni tashkil qilgan bo‘lib, Oliy Majlisning 2003-yil 12-dekabrdagi qaroriga asosan tuman tugatilgan va 2004-yil 1-yanvardan Namangan shahri tarkibiga qo‘shib yuborilgan edi.

Muhokama qilingan Senat qaroriga ko‘ra, Namangan shahri hududining 4686 gektar (26 foiz) yer maydonida Davlatobod tumani tashkil etilib, ilgari 2004-yilgacha faoliyat ko‘rsatgan Davlatobod tumani hududiga nisbatan qariyb 4,2 barobarga kengaytirilmoqda.

Shu bilan birga, Davlatobod tumani shahar tarkibidagi tuman toifasiga kiritilib, 21 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning barcha tuman bo‘limlari tashkil etilishi belgilanmoqda.

Yangidan tashkil etiladigan tuman hududida 25 ta mahalla fuqarolari yig‘ini, 33 850 ta xonadon, 421 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta kasb-hunar kolleji, 18 ta umumta’lim maktabi, 24 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ta tibbiyot muassasasi, 1280 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari, 698 ta xizmat ko‘rsatish obyekti, 429 ta sanoat korxonasi hamda 2 ta madaniy meros obyekti mavjud. Mazkur tuman aholisi 149,6 ming nafarni tashkil etib, Namangan shahar aholisining 23,8 foizini qamrab oladi va istiqbolda zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishi hisobiga urbanizatsiya jarayoni jadallashishiga, shuningdek, yangi infratuzilma obyektlarining barpo etilishi va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-09-2020, 22:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 96) ( 0) ( 94) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют