» » Haftalik dayjest: Maktabni ochish sansalori, yigitlarni urgan qiz, koronavirus shiddati, Jizzaxda qurilmagan va quriladigan avtozavodlar

Haftalik dayjest: Maktabni ochish sansalori, yigitlarni urgan qiz, koronavirus shiddati, Jizzaxda qurilmagan va quriladigan avtozavodlar


Ushbu haftada davlat tizimida ko‘plab tayinlovlar, huquqiy sohada yangiliklar bo‘ldi. Biroq eng muhokamali xabarlarga dayjestimizda ko‘proq o‘rin berdik.

Bu hafta Adliya vazirligidan ko‘pgina yangiliklar o‘qidik. Keling, ularni bir-bir keltiramiz. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov AOKA va Adliya vazirligini tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo turlarini tayinlashni bekor qilish yuzasidan taklif ishlab chiqishga chaqirdi. Agar bu hujjat ishlab chiqib kuchga kiritilsa, jurnalistlarga tahdid qilib turgan bir qurol bartaraf bo‘lganidek quvonchli voqea bo‘ladi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ishtirokida OAV vakillari uchun 2020-yilning 11-sentabr kuni matbuot anjumani tashkil etildi. Davletov korrupsionerlarni o‘limga hukm etishga qarshiligini bildirib, korrupsiyaga qarshi o‘lim jazosini joriy qilishdan ko‘ra, jazoning muqarrarligi muhimroqdir, dedi. Vazir, shuningdek, Adliya tizimidagi xodimlar xizmat safari vaqtida kimningdir “mehmoni” bo‘lsa, o‘sha kuniyoq ishdan haydalishini ta’kidladi. Darvoqe, Adliya vazirligi O‘zbekistonda birinchi bo‘lib “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo‘yicha xalqaro standart sertifikatini qo‘lga kiritganini ham aytib o‘tish lozim.

* * *

Namanganlik taekvondochi qiz Gulsanam Alijonova o‘ziga hamshahar bo‘lgan ikki yigitni quvlab urgani voqeasi ommaning diqqat markazida bo‘ldi. Uch oy oldin sodir bo‘lgan bu voqea nimadir bo‘lib jamoatchilik diqqatini bu haftada tortdi.

23 yoshli qiz jamoat joyida kalta shortikda yurgani uchun yigitlar unga tanbeh bergan. Voqea san-manga borib yetgach, qo‘l-oyoqlar ishga tushgan. Shunday qilib, 8-sentabr kuni Alijonovaga tergov ishi qo‘zg‘atilganligi aytildi. Biroq hodisa jamoatchilik diqqatiga tushib, ko‘pchilik qizni yoqlab chiqdi. Alijonova pandemiya davrida volontyorlik ishlari bilan shug‘ullangani aytildi. Yangi farzand ko‘rgan Saida Mirziyoyeva ham fikrini bildirdi.

Shundan keyin Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi jinoyat ishi yuzasidan viloyat prokuraturasiga jazoni yengillashtirish bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaat qildi, Yoshlar Ittifoqi esa qizni kafillikka oldi. Shu tariqa, taekvondochi qizga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatildi.

* * *

Samarqandlik eri xo‘rlagan ayol – Mustahkam voqeasini bloger Aqidaxonim avvalgi haftada ko‘tarib chiqqandi.

25 yashar, bolasi bor kelinning ota-onasi yo‘q. U kelinlik uyida eri Sheroz tarafidan muttasil qiynab, tahqirlab kelingan. Uni urib qo‘lini sindirishgan, iflos narsalarni yeyishga majburlashgan, buning oqibatida hushidan ketib qolganida shifokorlar ichini yuvib hayotga qaytargan. Mustahkam bularni Aqida Xonimga suhbatda so‘zlab bergan. Oxirgi marta uni eri urgani ham videokameraga tushib qolib tarqalib ketganidan so‘ng jamoatchilik unga bor e’tiborini qaratdi.

Voqea Saida Mirziyoyeva e’tiboridan ham chetda qolmadi. Kuyov oilasi qattiq tanqid ostida qolgach, uzr so‘rash va yarashishga harakat qilgan, shuningdek, Samarqand hokimligi vakillari ham yarashtirishni istagan. Biroq xo‘rlangan kelinning mutlaqo yarashgisi yo‘q, u yangitdan hayot boshlashni istaydi. Unga kvartira olib berishga chaqiriqlar yangramoqda. Aqidaxonimning obunachilari va ijtimoiy tarmoqlarning boshqa foydalanuvchilari esa Mustahkamga yordam ko‘rsatish uchun pul to‘plash harakatlarini boshladi.

* * *

Dayjestimiz ayollar mavzuidagi uchinchi xabari Shavkat Mirziyoyevning katta qizi haqida. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘g‘illi bo‘ldi. Bu uning uchinchi farzandidir. Uning Miromon va Saodatxon ismli ikki nafar katta farzandi bor. Chaqaloqqa bobosining sharafiga Shavkat ismi berildi. Nabiraga bobosining ismini berish odati ayrim hududlarda avvaldan bor.

Darvoqe, avvalgi prezident Islom Karimovning nabirasining ismi ham Islom edi.

* * *

Koronavirusimizga qaytamiz. Ming afsuski, koronavirus yana shiddat bilan tarqalmoqda.

10-sentabr kuni 749 kishida koronavirus aniqlandi. Bu eng ko‘p kasallik aniqlangan kunlar orasidagi uchinchi natijadir. Koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha O‘zbekiston dunyo ro‘yxatida Qirg‘izistonni ortda qoldirib, 60-o‘ringa ko‘tarildi. Koronavirus kirib bormagan soha vakili qolmadi. 700 dan ortiq profilaktika inspektori xizmat vaqtida koronavirus yuqtirib olgani ma’lum qilindi. Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev pnevmoniyadan vafot etdi, uning o‘rinbosari avvalroq ko‘z yumgan edi.

Maktablarni ochish nima bo‘lyapti? Sansalor bo‘lyapti. Ta’lim vazirligi bunday mas’uliyatli vazifani mahalliy kengash deputatlariga havola qildi. Lo‘ndarog‘i, buni hokimlik hal qiladi deganidir. Qonun chiqaruvchi organ va ijro hokimiyati o‘rtasida bahs yuzaga keldi. Buyoqda esa o‘qituvchilar orasida virus yuqtirganlik holatlari kundan kunga ko‘paymoqda. Mas’uliyat zo‘ridan dastavval maktablar 14-sentabrda ochiladi deyilgan bo‘lsa, kecha bu muhlat yanada uzoqroqqa surildi. 14-sentabrdan onlayn darslar boshlanishi kerak.

O‘zbekistonda kuniga COVID’ga 30-40 mingta test qilinyapti.  Rossiya vaksinalarini sotib olish imkoniyatlarini o‘rganib chiqilmoqda.

* * *

Oxirgi yillarda Jizzaxda avtomobil zavodi qurilishi haqidagi xabarlarga tez-tez ko‘zimiz tushmoqda. Garchi, hozirgacha birorta avtozavod binosi qurib bitkazilmagan bo‘lsa-da, dunyoning turli avtokompaniyalari Jizzaxda zavod qurish rejasini bayon qilishdan charchagani yo‘q. Navbatdagi xabar: Jizzaxda KIA avtomobillarining eng yangi modellari ishlab chiqariladi. Aytishlaricha, ADM-Jizzakh zavodida noyabr oyidan boshlab eng yangi modellardan bo‘lgan KIA Seltos va KIA K5 avtomobillarini yig‘ish boshlanadi. Birinchi bosqichda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming donani tashkil etadi. Ikkinchisida — 2022-yil yakuniga qadar payvandlash, kuzovni bo‘yoqlash va yig‘uv sexlari ishga tushirilganidan keyin ushbu ko‘rsatkich 100 mingtaga ko‘payadi. Yana bir avtoxabarimiz Jizzaxga oid. Jizzakh Auto (Volkswagen Uzbekistan) kompaniyasi VAG konserni lineykasidagi ikkinchi brend — Skoda’ni O‘zbekiston bozoriga chiqarmoqda. 2022-yildan boshlab to‘liq ishlab chiqarish sikli tashkil qilinadi va investitsiyalar hajmi, avtomobil eksporti masalalari ham hal qilinadi.

Bir oz yaqin moziyga qaytib ko‘ramiz. Jizzaxda Volkswagen zavodida 2020-yilda Volkswagen Caddy modelini ishlab chiqarish va sotishga kelishib olingan edi, biroq ishlab chiqarish bosqichiga hali yetib kelinmadi, faqat olib kelinmoqda. 2017-yilda Jizzaxda Peugeot-Citroen zavodi muddatidan oldin ishga tushiriladi, deb aytilgan bo‘lsa, bu muddat hali ham yetib kelgani yo‘q. Vaholanki, bu muddat 2018-yilda o‘tib ketib bo‘lgan, ammo zavodning devori ham ko‘tarilmadi. “Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasi 2020-yilning fevral oyidan Namangan viloyatida avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi”, deb aytilganiga bir yildan oshdi, biroq namangancha “Xyonday”larni hanuz ko‘rish orzusidamiz.

“Daryo”da qoling. Eng yangi xabarlardan, jumladan Jizzaxda har xil avtozavodlar qurilishi haqidagi xabarlardan eng birinchi voqif bo‘ling. Karantin qoidalariga rioya qiling.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-09-2020, 21:55)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 67) ( 0) ( 66) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют