» » Sun’iy sanoatga qarshi tabiiy harakat. Ekologiya himoyachisi bo‘lgan Greenpeace tashkiloti haqida

Sun’iy sanoatga qarshi tabiiy harakat. Ekologiya himoyachisi bo‘lgan Greenpeace tashkiloti haqida


XX asr shiddatli industralizatsiya asri sifatida tarixda muhrlanib qoldi. Agrar sanoatdan industrial sanoatga keskin burilish yasash deyarli barcha davlatlarda kuzatildi. Zavodlar, fabrikalar, kombinatlar yashin tezligida paydo bo‘la boshladi. Fan sanoat yaratishga berilib ketdi. Yangi kasblar, yangi ishchi o‘rinlar yaratildi. Kimyo sanoati yer yuzining deyarli barcha geografik kengliklarini qamrab oldi. Zavodlar va fabrikalar soni rivojlanishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biriga aylandi. Ammo bu ekologiyaga, tabiatga jiddiy zarar ham yetkaza boshladi.

Sanoatning ekologiyaga zarariga qarshi kurashishni maqsad qilgan tashkilotlar yuzaga kela boshladi. Ularning eng mashhuri – Greenpeace 1971-yil 15-sentabr kuni tashkil topdi. Sana munosabati bilan “Daryo” kolumnisti, fizik olim Rustam Ashurov Greenpeace hamda ekologik muammolar haqida fikr yuritadi.

XX asrda sanoat rivojlanishi asnosida ekologiya masalasi hech kimni xavotirlantirmay qo‘ydi. Chunki bundan avval insoniyatning asosiy muammosi mahsulot yetishmovchiligi, yo‘qchilik va insonning boshqa iste’mol ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lib, tabiat ifloslanishi yoki iqlim o‘zgarishi kabi muammolar global xarakterda emas edi. Insoniyat ekologik muammolarning tabiatini tushunmasdi ham. Bu davr ichida dunyo ikki qutbga bo‘linib, AQSh va SSSR o‘rtasida qurol poygasi avjiga chiqqandi. Ikkala taraf ham ommaviy qirg‘in qurollarini behijolat sinovdan o‘tkazar edi.

XX asrning ikkinchi yarmida AQShda industrializatsiya natijasida hatto o‘rta sinf vakillarining yashash turmushi keraklicha yaxshilanib bo‘lgan edi. Buning natijasida birlamchi ehtiyojlardan xalos bo‘lgan yoshlar yangi madaniy harakatlarga asos soldi. Xippilar harakati bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Xippilar AQShning Vyetnamdagi harbiy harakatlarini (1964–1972) qoralab chiqdi. Bu urush AQSh tarixidan ilk bor o‘z aholisi orasida noroziliklarga sabab bo‘lgan urushga aylandi. Harbiy harakatlarga qarshi chiqqan yoshlar AQShning qiruvchi qurollariga va uning tabiatga ta’siriga ham e’tibor bera boshladi.

Natijada, 60-yillarda yoshlar AQShning yadro poligonlaridagi yadro qurollariga qarshi noroziliklar bildirdi. Shunga qaramay, AQSh Bering dengizida Amchitka atrofida suvosti yadroviy sinovlarni o‘tkazdi. 1964-yil Alyaskada yuz bergan dahshatli yer qimirlashi ham AQSh hukumati uchun sinovlarni bekor qilishga sabab bo‘lmadi. Norozilik aksiyalariga qaramasdan, AQSh hukumati 1969-yil bu hududda yadro sinovlarini davom ettirdi va ikkinchi portlash yuz berdi. Bundan tashqari, AQSh 1971-yil 6-noyabr kuniga Cannikin loyihasi doirasida yana bir yadroviy sinov o‘tkazishni belgiladi.

Bu sinov odamlarni tashvishga soldi. 1971-yil 15-sentabr kuni Ben Metkaf va Devid Maktegart jiddiyroq aksiya o‘tkazishni niyat qildi. Reja baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi kemalardan birini ijaraga olib, yadroviy sinov o‘tkazilayotgan hududga suzib borishdan iborat edi. Aynan shu kun “To‘lqin qilmang” (Don’t Make a Wave) deb nomlangan komitet tuzildi va Phyllis Cormac nomli kemada yo‘lga chiqildi. Keyinchalik kemaning nomi Greenpeace nomiga o‘zgartirildi.

Shu tariqa ilk ekologik nodavlat tashkilot tuzildi. Bu aksiya uchun xarajatlar xayriya kontserti orqali yig‘ib olindi. Kema Vankuverdan Alyaska tomonga qarab suzdi. Ammo manzilga yetib bormasdan AQSh dengiz qo‘shinlari tomonidan to‘xtatilib, ortga qaytarib yuborildi. O‘sha yili 6-noyabr kuni Cannikin loyihasi amalga oshirilib, yadroviy portlash bo‘ldi. Bu portlash o‘sha hududda Rixter shkalasi bo‘yicha 6,8 ballik yer qimirlashini keltirib chiqardi va ko‘plab dengiz hayvonlarining o‘limiga sabab bo‘ldi.

Greenpeace omadsizlikka uchradi, deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin buning teskarisi bo‘ldi. OAV bombasi yadro bombasidan ko‘ra qattiqroq portladi. Har bir gazeta, televideniye rakursni “Greenpeace” kemasi va o‘sha aksiyaning ishtirokchilariga qaratdi. Bunday jiddiy bosim ta’sirida AQSh hukumati Amchitka oroli atrofidagi barcha yadro sinovlarni to‘xtatdi va hudud qushlar uchun qo‘riqxona deb e’lon qilindi.

Shundan so‘ng Greenpeace o‘ziga ekoaktivistlarni jalb qilishni boshladi va AQShda ekoaktivizm madaniyati shakllandi. Tashkilot yadro sinovlaridan tashqari kitlar oviga ham qarshilik ko‘rsatdi. Ko‘pincha aktivistlar dengizga chiqib, kit ovlovchi kema va kitlar orasida turib olishar edi. Aktivistlar bosimi ostida ko‘p hududlarda kit oviga moratoriy e’lon qilindi. Shuningdek, aktivistlar dengizdagi neft qazib oluvchilarga qarshi aksiyalar ham uyushtirdi. Shell kompaniyasiga protest ekoaktivistlar va neft kompaniyasi o‘rtasidagi eng qizg‘in jang sifatida tarixga kirdi.

90-yillarga kelib, Greenpeace butun dunyo bo‘ylab tarqagan katta harakatga aylandi. Uning qamrovi ham, moliyaviy imkoniyati ham kengaydi. Tashkilotning moliyaviy mablag‘i xalqaro donorlar evaziga shakllanib bordi. Tashkilot asoschilaridan biri Pol Uotson tashkilot tobora byurokratlashib borayotganidan noroziligini bildirdi. Avvallari biz kemada dengizga chiqar edik va o‘z ishimizni bajarardik, hozir esa tashkilot siyosiy lobbilar uchun mitinglar tashkil qilishga vositachi bo‘lib qolgan xolos, deb Pol Uotson tashkilotni tark etdi.

Greenpeace bugungi kunda dunyoning barcha rivojlangan davlatlarida faoliyat yuritmoqda. Yadro sinovlari, atom elektrostansiyalari va hayvonlarning populyatsiyasiga xavf soluvchi ov harakatlariga qarshi kurashdan tashqari, Greenpeace Yevropa hududiga gen modefikatsiyalangan mahsulotlarni kiritishni ham taqiqlashga ham erishdi.

Ixtiyoriy yirik harakat kabi ushbu tashkilotda ham radikal harakatlar kuzatildi. Neft qazib oluvchilarning platformalarini okkupatsiya qilish, dizel yoqilg‘ida harakatlanuvchi mashinalar ortilgan kemaga bostirib kirish, hayvonlarga GMO mahsuloti bergan sut zavodining chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘yish kabi tashkilotning ko‘plab radikal harakatlarini misol qilishimiz mumkin. Shunga qaramasdan, Greenpeace tashkilot sifatida ekoaktivizm madaniyatini insoniyatga taqdim qildi va buning ortidan yuzlab ekologik tashkilotlar paydo bo‘ldi.

Misol sifatida, Germaniyada yashillar harakatini tashkil topishi va ularning Bundestag tarkibiga kirishi oqibatida o‘nlab AESlar o‘z faoliyatini to‘xtatdi va Germaniya o‘z energetik siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi. 80-yillarda “Energiewende – Wachstum und Wohlstand ohne Erd?l und Uran” lozungi bilan Germaniyada ekopartiyalar qayta tiklanuvchi energiya manbalariga hayot bag‘ishladi. O‘sha yili energo kompaniyalar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olingan elektr tokini belgilangan tarif bo‘yicha sotib olishi va umumiy setga qo‘shishi qonun bilan mixlab qo‘yildi.

Kamiga, “1000 rooftops” nomli dasturni ishlab chiqdi. Bu dasturda Germaniya bo‘yicha ming dona tomi quyosh panellari bilan qoplangan xonadon bo‘lishi ko‘zda tutilgan edi. Soni kamdek ko‘rinishi mumkin, lekin 1991-yil uchun bu vahimali narsa edi. 1999 -yilga kelib plan 100 baravar oshirilib, 100 mingga yetadigan dastur qabul qilindi. 2000-yilda yashillar partiyasining tashabbusi bilan “qayta tiklanuvchi energiya” haqida qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, yashil tariflar joriy etildi. Yashil energiya bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga 20 yilgacha soliq imtiyozlari berildi.

Shundan keyin chinakamiga “Energiewende” boshlandi. Ishtaha ovqat mahali keladi degandek, hukumat to‘rtta energo kompaniya bilan kelishib, ularga tegishli bir nechta atom elektrostantsiyalarini ma’lum vaqtdan keyin to‘xtatishini e’lon qildi. OMR (one million rooftops) dasturi qabul qilindi. 2011-yilda uglevodorodlar ulushini kamaytirish va 2025-yilgacha barcha atom elektrostantsiyalari to‘xtatish qarori e’lon qilindi. 2050-yilgacha esa o‘sha bir paytlar yashillar tomonidan aytilgan “Wachstum und Wohlstand ohne Erd?l und Uran” lozungi to‘liq amalga oshishi ma’lum bo‘ldi.

Shunday qilib, Greenpeace misolida ko‘rishimiz mumkinki, dunyodagi deyarli barcha ekologik tashkilotlar yadro sinovlari va atom energetikasiga qarshi protestlar natijasida tabiiy yo‘l bilan paydo bo‘ldi. Faqatgina bitta ekopartiya bundan mustasno. Ular ekologik harakatlar mafkurasi va tamoyillariga qarshi chiqib, AESni qo‘llab-quvvatladi. Tabiiy va sun’iy tashkilotlarning farqi ham shundadir balki.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (15-09-2020, 17:55)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 73) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют